XII bob Aksilmazhabchilik muammosi Ummatning o‘tgan ming yillikdagi eng katta yutug‘i intellektual birdamlikka erishgani bo‘lgani shubhasiz. Hijriy 5-asrdan shu kungacha sulolalar o‘rtasidagi o‘z qobig‘ini yorib chiqishga qaratilgan to‘qnashuvlarni hisobga olmaganda, sunniy mazhab vakillari o‘z diniga nisbatan deyarli o‘zgarmagan hurmatni va o‘zaro birodarlikni saqlab qola bildi. Boshqalar uchun mana shunday mushkul kechgan uzoq davr mobaynida na ulkan diniy urushlar, na qo‘zg‘olonlar va na ta'qiblar ularni bo‘lib yubora olmagani hayratlanarlidir.
Diniy harakatlar tarixi buning misli ko‘rilmagan mo‘jiza ekanini e'tirof etadi. Maks Veber va uning shogirdlari tushuntirib bergan normal sotsiologik ko‘zqarashga ko‘ra, dinlar endi paydo bo‘lgan davrdagi birdamlik keyinchalik o‘zaro raqib guruhlar rahnamoligida mayda-mayda o‘zaro dushman guruhlarga bo‘linib ketadi. Xristian dinida bunga yorqin misollar ko‘p; biroq boshqa misollarni ham keltirish mumkin, ular sirasiga dunyoviy e'tiqod bo‘lmish marksizm ham kiradi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, islomning mana shu ko‘rgulikdan qutulib qolgani har qanday maqtovga loyiq va ehtiyotkor tahlilni talab etadi.
Albatta, buning sof diniy sababi bor. Islom so‘nggi dindir, u "uyga eltuvchi so‘nggi avtobusdir" va shuning uchun ham vaqti-vaqti bilan bo‘linib ketishday inqirozdan ilohiy yo‘l bilan himoyalangandir. Abdul Vadod Shalabiy "ma'naviy entropiya"[523] deb atagan narsa islom paydo bo‘lganidan beri amal qilib kelgani ayni haqiqatdir. Bu faktni qo‘llabquvvatlovchi bir qancha hadislar ham bor. Shunga qaramasdan, uzoqni ko‘ra bilish qobiliyati ummatni tark etmadi. Islomdan oldingi dinlar osonlikcha yoki qiyinchilik bilan dinsizlik va keraksiz narsaga aylanib qolar edi; biroq islomiy taqvo, sifati pasayishiga qaramasdan, shunday mexanizmlarni yaratdiki, ular dinning shavkati olamni tutgan paytlardagi birdamlik hissini hozirgi kungacha saqlab qolish imkonini bermoqda. Amirlar va siyosatchilarning ahmoqona ishlari qayoqqa boshlashidan qat'i nazar, islomda dindorlarning birodarligi, xristianlik va boshqa e'tiqodlar dastlabki paytlarda erishib, so‘ngra yo‘qotgan muvaffaqiyatlar bir ming to‘rt yuz yildan beri davom etib kelyapti. Sabab - islom dinidagi vahiyning musulmon jamoasi a'zolarining yengib bo‘lmas pirovard va qat'iy printsipi sifatida yashab kelayotganidir. Bu sabab oddiy va har qanday bahsdan ustundir: Alloh bizga bu dinni o‘zining so‘nggi kalomi sifatida yubordi, shuning uchun u aqida, namoz va komil axloq sifatidagi zarurat ko‘rinishida qiyomatga qadar davom etadi.
Bunday izoh e'tiborga molik, deb o‘ylayman. Biroq biz tariximizinng dastlabki bosqichlarida umumiy qoidadan chetga chiqib ketgan ba'zi bir og‘riqli nuqtalarni tushuntirib berishimiz kerak bo‘ladi. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (s.a.v.)ning o‘zlari sahobalariga: "Oralaringizda kimki mendan ko‘proq yashasa, ulkan bir munozaraning shohidi bo‘ladi", degan ekanlar. Ilk murtadliklar: Usmon roziallohu anhuga qarshi qaqshatqich qo‘zg‘olon ko‘tarilgani; Ali roziallohu anhu bilan Talha, so‘ngra esa Mu'oviya o‘rtasidagi to‘qnashuv, xorijiylarning qonli to‘qnashuvlar tufayli bo‘linib ketishi - bularning barchasi (payg‘ambarning vafotidan so‘nggi) ilk kunlardan boshlaboq musulmon davlati tanasiga ixtiloflar xanjarlari bo‘lib sanchildi. Faqat ummat ulamolariga xos bo‘lgan sog‘lom fikr va muhabbat dastlabki bo‘lginchilik varajasini yengib o‘tib, kuchli va uyg‘un sunniylikni yarata bildi. Bu ishda ularga avliyoligi yordam berganiga shubha yo‘q. Sunniylik sof diniy maydonda musulmonlik tarixining 90 foiz vaqti mobaynida 90 foiz ummatni birlashtira oldi.
Agar biz o‘zimizni uzoq o‘tmishda bo‘lib tashlagan kuchlarga yaqinroq nazar tashlasak, bu hol hozirgi tobora kattalashib borayotgan parokanda vaziyatimizni tushunib olishga yordam beradi. Bunday kuchlar nihoyatda ko‘p bo‘lgan, ulardan ba'zi birlari nihoyatda tarqoq bo‘lganini ham ko‘ramiz; lekin ulardan ikkitasigina diniy mafkura yetovida bo‘lgani uchun omma o‘rtasida mashhur bir shaklga kirganini va ko‘pchilik e'tiqod qiladigan din va ulamolarga qarshi qo‘zg‘olon tusini olganini ko‘rish mumkin. Ular yetarli asos bilan xorijiylik va shialik nomlarini oldi. Sunniy islomdan farqli o‘laroq, ular ikkalasi ham ajralib chiqqan guruh va kichik harakat edi; biroq shunga qaramasdan, ikkalasi ham islomning diniy hokimiyat manbai masalasidagi yetakchi qarashlardan farqli bo‘lgan ikkita ulkan qarashni ifoda qila olishi bilan tanish muxoliflik an'anasiga moyilligini namoyish etdi.
Ular o‘zlari ilk xalifalarning axloqiy inqirozi deb hisoblagan holga qarshi turish bilan Ali roziallohu anhuning o‘limidan so‘nggi izdoshlarining diniy hokimiyat nazariyasini rivojlantirdi. Bu nazariya oldingi egalitar[524] dalillardan ajralib chiqqan bo‘lib, diniy hokimiyatga imomlarning xarizmatik[525] vorisligini hadya etdi. Biz bu o‘rinda ushbu g‘oyaga musulmonlikni qabul qilgan ba'zi sobiq sharqiy xristianlarning ta'siri bo‘lgani yoki bo‘lmagani masalasini tadqiq qilish uchun to‘xtalib o‘tirmoqchi emasmiz. Ular havoriylarning Isoga mistik vorisligi g‘oyasi ruhida tarbiyalangan edi. Ushbu vorislik cherkovga Isoning xotirasini kelgusi avlodlar uchun yod etishday noyob qobiliyat ato etdi, deb taxmin qilinadi. Diqqatga sazovor jihati shundaki, shialik o‘zining turli shakllari bilan ibtidoiy islom jamiyatidagi qat'iy diniy hokimiyat yetishmasligiga javob sifatida rivojlandi. Adolatli xalifalar davri tugab, umaviy hukmdorlar o‘zlaridan "Chin musulmonlarning amiri" o‘laroq, kutilgan turmush tarzidan ancha uzoqlashib qolgach, fiqhning bir-biridan keskin farq qiluvchi va yangi-yangi paydo bo‘layotgan maktablari diniy masalalarda kuchli va obro‘li hokimiyat manbasi nomiga unchalik ham mos kelavermas edi. Xristianlarning imomni gunohsiz deb bilishi jozibadorligi sababi ana shunda.
Imomchilik paydo bo‘lishining bunday talqini shialik kengayishining ikkinchi ulkan bosqichini tushuntirib berishda qo‘l keladi. 5-asrdagi sunniylik uyg‘onishi muvaffaqiyatidan so‘ng shialik inqirozga yuz tuta boshladi. Bu davrga kelib sunniylik nihoyat izchil bir sistemaga aylanganday edi. Shialikning ismoiliylikda zuhur bo‘lgan o‘ta shiddatli qanoti Imom G'azzoliyning kuchli zarbasiga duch keldi. Uning "Botiniylar (ismoiliylar) janjali" kitobida ularning katta kuchga ega bo‘lgan maxfiy aqidalari fosh qilinadi va rad etiladi. Shialikning bunday inqirozi faqat (hijriy) 7-asrning ikkinchi yarmida, Chingizxon boshliq mo‘g‘ul qo‘shinlari islomning markaziy yerlarini ishg‘ol qilib, kulini ko‘kka sovurgach, barham topdi. Hujum tasavvur qilib bo‘lmas darajada qaqshatqich bo‘lgan: aytishlaricha, Hirot shahrida istiqomat qilgan yuz ming kishidan uning kuli ko‘kka sovurilgan xarobalarida faqat qirq kishigina omon qolgan ekan. Vaqtivaqti bilan ro‘y berib turgan istilolar to‘lqinida yaqinda islomni qabul qilgan turkman ko‘chmanchilari islom yerlariga kirib kela boshladi. Ular o‘lik shaharlarning tirik qolgan sunniy ulamolari bilan birga yalpi qo‘rquv va taloto‘p muhitida hamda xaloskorni kutish holatida jon-jon deb shia e'tiqodining ekstremistik ko‘rinishlariga aylanib ketdi. Bir paytlar sunniylikka sodiq bo‘lgan mamlakat - Eronda shialikning g‘alaba qilishi aynan o‘sha fojiali davrga borib taqaladi[526].
Islomning dastlabki yillarida boshqa bir yirik muxolif harakat xorijiylik edi. Bu so‘zning ma'nosi "ajralib chiqqanlar" bo‘lib, xorijiylar xalifa Ali roziallahu anhu o‘zining Muoviya bilan munozarasini mahkama vositasida hal etishga rozi bo‘lgani oqibatida uning qo‘shinidan ajralib chiqqani uchun shu nom bilan atalgan edi. Qur'ondagi: "Hukmni faqat Alloh chiqarishi mumkin" degan shiorga amal qilib, ular Ali va uning ko‘plab yetakchi sahobalar ham bo‘lgan qo‘shiniga qarshi hijriy 38-yili Nahravon jangida yengilguniga qadar qattiq jang qiladi. Jangda ularning 10 mingdan oshig‘i halok bo‘ladi.
Garchi ilk xorijiylar yer bilan yakson etilgan bo‘lsa-da, xorijiylikning o‘zi yashab qoldi. O'z aqidasiga ko‘ra, u shialikning teskarisiga aylanib ketdi. U har qanday meros qilib olingan yoki xarizmatik rahnamolikni rad etar, dindorlar jamoasi rahnamosini tayinlashda taqvodorlik asosiy mezon bo‘lishi kerakligini ta'kidlar edi. Bu hol o‘tmishdan meros bo‘lib qolgan jo‘n bir mezon bilan baholanar edi: ilk xorijiylar taqvo masalasida, har bir muslim uchun eng katta gunoh kufrdir, degan keskin aqidasi bilan juda qattiqqo‘l edi. Takfir (musulmonlarni islomdan tashqarida deb e'lon qilish) tushunchasi xorijiylar guruhlariga Xuzistonning olis tog‘ tumanlariga vaqtincha ko‘chib chiqish va umaviylar hokimiyatini qabul qilgan musulmon turarjoylariga hujum qilib turish imkonini berardi. O'sha hujumlar paytida xorijiy bo‘lmaganlar qilichdan o‘tkazilar, bu hol Al-Hajjoj ibn Yusuf singari bag‘ritosh umaviy amirlarning shafqatsiz javob choralarini ko‘rishiga sabab bo‘lar edi. Biroq xorijiylarning hujumlari, ahvoli bir qarashda nochor ekaniga qaramasdan, davom etaverardi. Xalifa Ali roziallohu anhuni Nahravon jangidan omon qolgan Ibn Muljam halok etadi. Hadis olimi, sunanning eng mo‘‘tabar to‘plamlaridan biri muallifi Imom an-Nasai ham 303/915 yili Damashqda xorijiy mutaassiblar tomonidan xuddi shu tariqa o‘ldiriladi.
Xuddi shialik singari xorijiylik ham Iroq va Markaziy Osiyoda, ba'zi hollarda esa boshqa joylarda ham hijriy 4-5-asrlarda beqarorlikka sabab bo‘ldi. Xuddi shu nuqtai nazardan g‘alati tarixiy voqea ro‘y berdi. Sunniylik endilikda puxta ishlab chiqilgan mukammal sistemaga birlashgan ulamolarning aksariyati yo‘lini birlashtira oldi. Bir-biriga raqib harakatlarning jozibadorligi keskin kamayib ketdi.
Voqea shundan iborat edi. Egalitar xorijiylik va ierarxiyaga asoslangan shialik singari ikki qanotdagi oqimlar o‘rtasida joylashgan sunniy islom uzoq vaqt mobaynida hokimiyatni qanday tushunishiga oid bahslar bilan ovora bo‘lib qoldi. Sunniylar nazdida, hokimiyatning nima ekani Qur'on va Sunnatda belgilab qo‘yilgan. Biroq butun islom dunyosiga sahobalar va tobeinlarning u yerdan bu yerga ko‘chib yurishi oqibatida turli hikoyatlar shaklida sochilib ketgan son-sanoqsiz hadislar bilan to‘qnash kelgan Sunnat ba'zan talqin borasida turli qiyinchiliklarga duchor bo‘la boshladi. Hatto bir necha yuz ming hadis orasidan sahih hadislar ajratib olinganidan so‘ng ham bir-biriga, hatto Qur'on oyatlariga zid hadislar uchrar edi. Bu o‘rinda xorijiylarniki singari bir hovuch hadislarni ajratib olib, ulardan aqida va qonunlar yasashday jo‘n yondashuv ish bermas edi. Ko‘zga tashlanib turgan ichki ziddiyatlar juda ko‘p, ularning talqini ham o‘ta murakkab bo‘lgani tufayli qozilar Qur'on va hadislar to‘plamining tegishli sahifasini ochish bilan biror shar'iy hukm chiqarishga qiynalardi.
Ilk ulamolar vahiy kelgan bitiklar o‘rtasidagi ziddiyatning asosiy sabablarini puxta tadqiq qilishdi. Teran aql egalari munozaralar chog‘ida ko‘pincha o‘ta mukammal va kuchli xotiralarini ishga solar edi. Islom usul ul-fiqhi - yurisprudentsiyasi fanining asosiy qismi bunday ziddiyatlarni ushbu dinning bosh idealiga sadoqatni kafolatlaydigan izchil mexanizm yaratish orqali hal etish tomon rivojlantirildi. "Ta'arud ul-adilla"