Kurd etnosining taqdiri muammosi. Kurdiston - Markaziy Osiyo va Rossiyaga eshik bo’lgan Kavkazorti bilan qo’shni joylashgan Iroq, Eron, Turkiya va Suriya chegaralarida bo’linib ketgan – G’arbiy Osiyodagi kurdlar zich yashab kelayotgan hudud. Uning aholisi bu mamlakatlarning kurd anklavlarini tashkil etadi50. Ikkinchi jahon urushidan keyin Eron va Iroqdagi kurdlar avtonom rayonlarini tuzishga urindi, ammo har ikki urinishlar ham muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Eron, Iroq, Turkiya va Suriyada kurdlar harakatlarining yangi bosqichi boshlandi51. 1990-yilda Iroqning Quvaytga agressiyasi va uning ortidan davom etgan Qo’ltiqdagi urush vaziyatni o’zgartirdi. 1991-yil fevralda Iroqning janubida shialar va shimolida kurdlar harakatlari faollashdi. Janglar davomida kurdlar Eron, Suriya va Turkiyani xavotirga solib, Iroq Kurdistonining barcha hududlarini egallab oldi. Kurd natsionalizmidan xavfsiragan Eron Iroq shialariga yordam ko’rsatdi. Bu esa proEronistik kayfiyatdagi Iroq shialari harakatining Amerika manfaatlari uchun tahdidi kuchayayotganini anglagan AQSH ni ham, S. Husayn hukumatini ham xavotirga soldi. AQSH S. Husayn shialar harakatini bostirishini umid qildi va S. Husayn shunday qildi ham. Biroq shundan so’ng u o’z kuchlarini kurdlarni tor-mor etish uchun tashladi. Kurdlar harakati o’ta shavqatsiz bosim ostida qoldi. Shunday vaziyatda Britaniya bosh vaziri Jon Meyjor kurdlar uchun Iroq shimolida “xavfsizlik zonasi” tashkil etish taklifi bilan chiqdi. 1992-yilda shu masala bo’yicha BMT rezolyutsiyasi bilan 36-paralleldan shimolga qarab taklif etilgan zona yaratildi. Kurdlar xavfsizligining xalqaro kafolatchilari bo’lib AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya maydonga chiqdi. S. Husayn bilan muzokaralar natija bermagach, 1992-yil 2-aprelda to’rt mamlakatning harbiy kafolatchiligiga tayanib, Iroq kurdlari “Kurd avtonom rayoni” ni tuzish haqida bildirishdi. 1992-yil mayda Kurd provinsial parlamenti saylandi va mahalliy hukumat shakllantirildi.
1990-yillarning ikkinchi yarmida milliy harakatlar kurd milliy-radikallari terroristik aktlar taktikasiga tayanishni boshlagan Turkiyada ham yuzaga keldi. Kurd jangarilari ushbu etnos vakillari ko’pchilikni tashkil etgan keng ichki rayonlarni o’z nazoratlariga olishdi. Turkiya hukumati mamlakatdagi kurdlar uchun alohida avtonom provinsiyani tuzish masalasini ko’rib chiqishni rad etgan holda, kurdlar harakati bilan murosasiz kurash olib bordi. 1999-yil 15-fevralda Turkiya Maxsus Xizmatlari so’l radikal Kurd ishchi partiyasi yetakchisi Abdulla Ojalanni qamoqqa olishga muvaffaq bo’ldi52. Turkiya kurdlari kurashni butunlay to’xtatmagan bo’lsa-da, radikal kurashish shaklidan vaqtincha voz kechdi. Shunday bo’lishiga qaramay, 2004-yilda Vashington tomonidan terroristik tashkilot deb tan olingan Kurd ishchi partiyasi o’z a’zolariga qarshi hukumatning asossiz quvg’inlarini ro’kach qilib, Turkiya hukumati bilan imzolangan tinchlik shartnomasidan chiqdi53.
XXI asr G’arbiy Osiyo mamlakatlaridagi kurd masalasining hal qilinishi uchun yangi imkoniyatlarni ochdi. Kurdlar ( soni 25-40 mln kishi deb baholanayotgan kurd etnosi) o’z davlatiga ega bo’lmasdan, Sharqda, xususan Yevroosiyoning markazida faoliyat yuritayotgan ko’p sonli milliy-davlatchilik tuzilmalaridan chetda qolgan elementlardan biri bo’lib qolmoqda54.
Do'stlaringiz bilan baham: |