Kirish.
Bitiruv-malakaviy ishi mavzusining dolzarbligi. XX asrning 80-yillariga oxiriga kelib butun dunyoda tub o’zgarishlar sodir bo’ldi. Bu borada eng katta voqea sifatida salkam yetmish yil davomida faoliyat yuritgan hamda jahonda siyosiy va harbiy jihatdan yetakchilardan biriga aylangan SSSR davlatining parchalanishini ko’rsatish mumkin. Aynan SSSR da o’tgan asrning 80-yillari ikkinchi yarmida yuzaga kelgan vaziyat xalqaro munosabatlar tizimiga jiddiy ta’sir ko’rsatdi. Iqtisodiy jihatdan tanazzul yoqasiga kelib qolgan saltanat tarkibidagi milliy respublikalar mustaqillik uchun harakatlarini boshladi. Bundan tashqari M. Gorbachyov boshchiligidagi yangi hukumat tashqi siyosat borasida ham yo’nalishini o’zgartirdi. Shunday holatda uzoq vaqt davomida SSSR ta’siri ostida yashayotgan Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlarining xalqlari o’z taqdirlarini o’zlari belgilash uchun imkoniyatga ega bo’lishdi. O’zini oqlamagan sotsialistik tuzum va uning namoyondalarining siyosiy mavqeyi pasaydi. Bu esa liberal-demokratik partiyalar, vatanparvarlik tashkilotlari hamda xalq harakatlarining avj olishiga zamin hozirladi. Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlarida birin-ketin sotsialistik hukumatlar quladi va kommunistik partiyalar o’z faoliyatini to’xtatdi. Ammo sotsialistik tuzumning qulashi mintaqadagi ba’zi mamlakatlarda notinchlik, o’zaro norozilik holatlarining bartaraf etilishiga olib kelmadi. Xususan, sobiq Yugoslaviya Federativ Sotsialistik Respublikasi o’rnida tashkil topgan mamlakatlar milliy-etnik nizolar girdobida qoldi. Masalaning dolzarbligi shundaki, ushbu nizoli vaziyatlar bugungi kungacha ham to’liq bartaraf etilgani yo’q. Ushbu holat xalqaro miqyosda o’z dolzarbligini saqlab kelmoqda. NATO ning Sharqiy Yevropa mamlakatlari hisobiga kengaytirilishi SSSR o’rnida Yevrosiyo mintaqasida yetakchilikni qo’lga olgan Rossiya uchun jiddiy hodisa edi. NATO va Rossiya o’rtasidagi munosabatlarning keskinlashuvi ham xalqaro munosabatlar tizimida hal qiluvchi ahamiyat kasb eta boshladi.
Yana bir muhim jihat shundaki, Markaziy va Sharqiy Yevropadagi singari nizolar sobiq SSSR hududida ham yuzaga keldi. Tog’li Qorabog’, Abxaziya kabi hududlar sababli mamlakatlar o’rtasida yuzaga kelgan nizolar ham xalqaro hamjamiyatning e’tiborida bo’ldi. Bundan tashqari o’tgan asrning 90-yillarida Markaziy Osiyo mintaqasi uchun jiddiy xavf tug’dirgan Tojikistondagi fuqorolar urushi ham bo’lib o’tdi. Tojikistondagi fuqorolar urushi bilan birga ushbu mintaqada dunyodagi eng yirik urush o’choqlaridan biriga aylangan Afg’oniston muammosi ham keskinlashdi. SSSR qo’shinlari Afg’oniston hududidan olib chiqilgandan so’ng mamlakatda nizolarning yangi to’lqini boshlandi. Fuqorolar urushining boshlanishi afg’on xalqi uchun jiddiy kulfatlar keltirdi hamda mintaqa uchun yangi xavfni yuzaga keltirdi. 90-yillarning ikkinchi yarmida tolibonlarning hokimiyat uchun kurashga kirishishi mamlakatning terrorizm bazasiga aylanishiga olib keldi. Aynan terrorizm XX asr oxiri va XXI asr boshlarida global miqyosdagi eng dolzarb muammolardan biriga aylandi.
Afg’onistondagi kabi mintaqaviy nizolar Janubiy Osiyo (Hindiston – Pokiston muammosi), Fors ko’rfazi (Iroq, Suriya) hamda Yaqin Sharq (arab – isroil muammolari) va dunyoning boshqa hududlarida ham qayta jonlandi. Ushbu hududlarda faoliyat olib borgan harbiy- siyosiy hamda diniy tashkilotlar terroristik guruhlar bilan hamkorlik yo’liga o’tishi insoniyat uchun katta xavf tug’dirdi.
SSSR qulashining yana bir muhim natijasi shu bo’ldiki, uzoq yillar davom etgan “Sovuq urush” tugadi. Ikki qutbli dunyoning barham topishi natijasida 90-yillar davomida dunyoda AQSh ning yakka gegemonligi o’rnatildi. Ammo asr oxiriga kelib ichki demokratik islohotlarni amalga oshirishni yakunlanlagan va o’z hududidagi urush harakatlariga barham berib, yangi ichki va tashqi siyosat yo’liga o’tgan Rossiya AQSh uchun asosiy raqobatchiga aylandi. XXI asrning o’tgan davri mobaynida ikki mamlakat o’rtasida dunyoda yetakchilik uchun raqobat yaqqol ko’zga tashlandi.
AQSh ning dunyoda yetakchilik uchun raqobati bilan bog’liq holda yana bir muhim jarayon yuzaga keldi. Globalizatsiya jarayoni o’zining ayrim ijobiy jihatlari bilan bir qatorda ko’pgina salbiy xususiyatlarni ham mujassam ettirdi. Milliy davlatchilik asoslari, xalqlar madaniyati va diniy qadriyatlarga jiddiy zarar keltirayotgan globalizatsiyaning salbiy elementlarini bartaraf etish ham xalqaro munosabatlar tizimida alohida ahamiyatga ega.
Shu bilan birga o’rganilayotgan davrda mintaqaviy integratsion jarayonlar ham jonlandi. Terrorizm, ekstremizm, milliy va etnik nizolar, narkotik moddalarni noqonuniy yetishtirish va kontrabanda, qurol-yarog’ oldi-sotdisi, turli xil enfeksiyalar, odam savdosi kabi muammolar butun insoniyatni qiynab kelayotgan bir davrda o’zaro iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, madaniy-gumanitar va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirish ustuvor vazifaga aylandi. Integratsion jarayonlar taraqqiy etayotgan mintaqalar sirasiga Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika, Yevrosiyo hamda Osiyo-Tinch okeani mintaqasini misol qilib ko’rsatish mumkin.
Yuqorida keltirilganlar va shu singari masalalarni o’rganish va chuqur tahlil etish bugungi kun tarix fani uchun dolzarb vazifalardan biridir. Shunday vaziyatda tadqiqot ob’ekti sifatida tanlangan davr va makonni manbalar asosida, tarixiy tamoyillarga amal qilgan holda o’rganish zarurati bitiruv-malakaviy ishi mavzusining dolzarbligidan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |