II bob. XX asrning oxirgi o’n yillligi va XXI asr boshlarida integratsion jarayonlar. Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar faoliyati.
2.1. Yevropada integratsion jarayonlar va Yevropa Ittifoqining kengayishi.
Germaniya birlashuvidan bir necha oylar muqaddam, 1990-yil 19-iyunda Benilyuks mamlakatlari, Fransiya va GFR Shengen qasrida (Lyuksemburg) davlat chegaralari kesishmalari tizimi to’g’risidagi yangi konvensiyani imzoladilar72.
Sovuq urushning tugashi, Yevropada bloklar qarama-qarshiligining yakunlanishi, Germaniyaning birlashuvi, Markaziy va Sharqiy Yevropada tizimli transformatsiyaning boshlanishi Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining oldiga yangi vazifalarni qo’ydi. Yevropa siyosatiga Germaniyaning o’sib borayotgan ta’sirini “aralashtirish” maqsadida Bonn hamkorlari Yevropa Ittifoqi doirasida integratsiyani chuqurlashritishga harakat qildilar. Bu yo’nalish tarafdorlari bo’lib, belgilangan og’zaki kelishuv asosida bo’lsa-da, asosan, Fransiya, Italiya, YI ning qator kichik davlatlari chiqishdi. Avvalambor, bu yo’nalishni Germaniya ham qo’llab-quvvatladi. Qisqa vaqt davomida YI doirasida asosiy muhokamalar ikki yo’nalishdan birini tanlab olish uchun olib borildi: chuqurlashtirish yoki kengaytirish. Oxir-oqibatda, dastavval, rivojlanayotgan G’arbiy Yevropa mamlakatlari, keyin esa Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlari hisobiga kengaytirilish bilan birga olib borilishi ko’zda tutilgan chuqurlashtirish yo’nalishi tanlandi.
1990-yildan keyin integratsiyaning chuqurlashtirilishiga kuchli Germaniyaning paydo bo’lishi bilan bog’liq qo’rquv o’zini namoyon eta boshladi. Germaniya rahbariyati buni hisobga oldi va GFR kansleri G. Koll 1990-yillar boshida “Germaniya Yevropasini emas, balki Yevropa Germaniyasini” yaratishga intilishini bildirdi. Biroq Parijda va Londonda bu so’zlar anglanmadi va millatlar ustidan “yagona Yevropa” tuzilmasiga Germaniyaning chuqur jalb qilinishi yo’lidan borildi. Germaniyaning hamkorlari, eng avvalo, Fransiya tashqi siyosat va mudofaa sohasida integratsiyani jadallashririshga erisha boshladi73. Yevropa integratsiyasining navbatdagi bosqichi yangi yo’nalishda rivojlana boshladi. Yevropa integratsiyasini davrlashtirishning bir qancha variantlari mavjud. Ulardan birining mazmuniga ko’ra davrlashtirishni quyidagi to’rt bosqichga bo’lish mumkin:
1950-1970-yillar. Shuman Deklaratsiyasi qabul qilinishidan boshlangan integratsiya jarayoni barqaror va muvaffaqiyatli rivojlandi.
1970-1985-yillar. Moliyaviy-iqtisodiy inqiroz, Bretton-Vud tizimining qulashi va “neft shoklari” oqibatlarida “evroskleroz” deb nomlangan davrda integratsiya jarayoni qaytadan sustlashdi.
1985-2004-yillar. Integratsiyaning qator muvaffaqiyatli loyihalarini rivojlantirish va realizatsiya qilishning yangi pozitiv bosqichi.
Bu davr oxir oqibatda butun bir sabablar qatoriga ko’ra Yevropa integratsiyasining yana sekinlashuviga olib kelgan, Yevropa Ittifoqining tarixdagi eng katta kengaytirilishidan boshlangan74.
Quyida biz ana shu bosqichlar orasidan 3-4-bosqichlar davrini ko’rib o’tamiz. Yevropa integratsiyasining 3-bosqichida, yani 1985-2004-yillardagi jarayonlarga alohida to’xtalib o’tish joiz. Shu bilan birga bu bosqichning o’rganilayotgan mavzuning davriga tegishli qismiga asosiy e’tiborni qaratish mantiqan to’g’ri hisoblanadi. Ya’ni bu XX asrning 90-yillari hamda XXI asning dastlabki yillariga to’g’ri keluvchi davrdir.
Bu davrda yuqorida ta’kidlanganidek, Shengen konvensiyasi imzolandi va kengaydi. 1990-yil - Italiya, 1991-yil - Ispaniya va Portugaliya, 1992-yilda - Gretsiya, 1995-yil - Avstriya, shuningdek, eksperiment tartibida Fransiya Shengen konvensiyasiga qo’shildi. 1996-yil uning faoliyati Daniya, Shvedsiya va Finlandiyada va shuningdek, Norvegiya va Islandiyada joriy etildi. Yagona Yevropa viza tizimi doirasidan Britaniya va Irlandiya chetda qoldi75 Yevropa integratsiyasining uzoq muddatli rivovlanish loyihasi uchun asos solgan hujjat 1992-yil 7-fevralda Maastrixtda imzolangan va 1993-yil 1-noyabrdan kuchga kirgan Yevropa Ittifoqi to’g’risidagi Shartnoma (Maastrixt Shartnomasi) bo’ldi76. Maastrixt Shartnomasi quyidagilarni o’zida aks ettirdi:
yangi rasmiy nom – Yevropa Ittifoqi (YI);
uch “tayanch” tizimining yaratilishi. Birinchi “tayanch” – bu uch hamjamiyat (YKPB, Yevrotom va YIH), ikkinchisi – Umumiy tashqi siyosat va xavfsizlik siyosati, uchinchisi – ichki ishlar va huquq sohasi;
YI ga a’zo davlatlarning tashqi siyosatlari koordinatsiyasidan Umumiy tashqi siyosat va xavfsizlik siyosatiga (UTSXS)o’tilishi. Shu maqsadda o’zaro aloqalarning ikki yangi shakllari kiritildi: YI ning umumiy pozitsiyasi (dolzarb xalqaro masalalar bo’yicha qabul qilinadigan) va YI ga a’zo davlatlarning birgalikdagi harakatlari (uchinchi mamlakatlarga gumanitar missiyalar va harbiy operatsiyalar shaklida). A’zo davlatlar mazkur sohada o’zlarining suveren huquqlarini saqlab qoladi, biroq bir vaqtning o’zida YI manfaatlariga va uning mustahkamligiga zid keluvchi har qanday harakatlarga beparvo qaramaslik majburiyatini oladi;
Iqtisodiy va valyutaviy ittifoqning tashkil etishi va yagona Yevropa valyutasining muomalaga kiritilishi;
Sud-huquq va ichki ishlar, xususan, immigratsiyani tartibga solish va qochoqlarni taqdim etish sohasida anchayin mustahkam hukumatlararo hamkorlikning o’rnatilishi. Tashkiliy jinoyatchilik va narkotika savdosi bilan kurashish uchun Yevropa politsiya boshqarmasi tuzildi;
Ittifoqning har bir fuqorosiga ittifoqdosh mamlakatlardan istagan birida yashashiga ruhsat beruvchi YI fuqoroligining jor’iy etilishi;
fuqorolarning huquq va manfaatlari himoyasi sohasida YI ning qudratini oshirish;
iste’molchilar huquqlari, sog’liqni saqlash, transport, ta’lim kabi sohalarda YI kompetensiyalarining kengaytirilishi;
YI organlari, xususan, Yevroparlamentning vakolatlarini oshirilishi.
Shu yo’nalishlarda amalga oshirilgan kelishuvlar YI ning kengayishi va huquqiy va amaliy jihatdan taraqqiy etishida yirik qadam bo’lib tarixda qoldi. Ushbu kelishuv o’zidan keyin tashkilot doirasida imzolangan barcha shartnomalar matniga asos bo’lib xizmat qildi77.
Valyutaviy ittifoq tuzish borasida integratsiya YI faoliyatining muhim yo’nalishiga aylana boshladi. Uni muddatlari shartnomada belgilangan uch bosqishda amalga oshirish ko’zda tutildi. 1993-yil 1-yanvarda yagona valyuta tatbiq etishga tayyorgarlik ko’rish, ishtirokchi mamlakatlar moliyaviy tizimlari barqarorligining monitoringi va yagona Yevropa banki rolini o’ziga qabul qilishga tayyorlanish vazifalari yuklatilgan Yevropa valyuta institutiga asos solindi78.
Maastrixt Shartnomasining imzolanishi integratsiya siyosatining ulkan muvaffaqiyati bo’ldi. Yevropa Ittifoqi uning doirasidan chetda qolgan mamlakatlar uchun o’ziga tortishning qudratli markaziga aylandi. Birinchi navbatda unga qo’shilish imkoniyatiga betaraflik siyosatini saqlab kelayotgan mamlakatlar – Shvetsiya, Avstriya va Finlandiya ega bo’lishdi. Avstriya, Shvetsiya va Finlandiyaning YI ga kiritilishiga tayyorgarlik jarayoni butun 1990-yillarning birinchi yarmida davom etdi. 1993-yil 1-fevraldan Bryusselda YI va uch mamlakat o’rtasida muzokaralar boshlandi. 1993-yil Yevropa Kengashi Kopengagendagi uchrashuvda uch mamlakatning kiritilishi uchun 1995-yil boshidan kechikmaydigan muddatni belgilab, ularning murojaatlarini qabul qildi79.
1995-yil Madridda Yevropa Kengashi Yevropa amaliyotining o’zgarib borayotgan dunyosida Maastrixt Shartnomasining modifikatsiyasi haqidagi qarorni qabul qildi. 1996-yil 21-22-iyunda Yevropa Kengashining Florensiyadagi sessiyasi uni ko’rib chiqish dasturini tasdiqladi, 1997-yil 16-17-iyunda esa Amsterdamda Yevropa Kengashi shartnomaning o’zgartirilgan matnini tasdiqladi80.
Maastrixt shartnomasining tuzatilgan va kengaytirilgan variantini o’zida ifoda etgan Amsterdam Shartnomasi YI mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari tomonidan 1997-yil 2-oktabrda imzolandi va 1999-yil 1-mayda kuchga kirdi. Shartnoma quyidagi jihatlarni o’zida ifodaladi:
ichki ichlar va huquq sohasida amalga oshirilayotgan o’zgarishlar. Viza nazorati, qochoqlarni qaytarish, immigratsiya, tashqi chegaralarning himoyasi, fuqorolik ishlari (nikohlar, ajralishlar, alimentlar, ota-onalik huquqi) bo’yicha huquqiy hamkorlik masalalari uchinchi “tayanch” dan birinchisiga o’tkazildi. Shunday qilib, ular hukumatlararo hamkorlik sohasidan YI kompetensiyalari sohasiga o’tkazildi. Uchinchi “tayanch” da jinoiy-huquqiy hamkorlik, politsiya hamkorligi va bojxona xizmatlarida hamkorlik masalalari qoldirildi;
Shengen qoidalarining YI huquqlariga kiritilishi. Endi tashqi chegaralarga ega bo’lgan YI ning har bir mamlakati o’z hududini umumiy qoidalarga mos holda saqlashi kerakligi;
Maastrixt Shartnomasining UTSXS ga bag’ishlangan bo’limining kengaytirilishi. Uchinchi tomonlar bilan muzokaralarda Yevropa Kengashining vakili huquqiga ega bo’lgan UTSXS bo’yicha Oliy vakil - Yevropa Kengashining Bosh kotib lavozimi ta’sis etildi;
Yevroparlament vakolatlarining oshirilishi.
Butun 1990-yillarda YI Iqtisodiy va valyutaviy hamkorligining bosqichma-bosqich qurilishini amalga oshirdi. 1998-yilda shtab-kvartirasi Frankfurt-na-Maynda bo’lgan Yevropa Markaziy Banki (YMB) tashkil etildi. O’sha paytda yagona valyutaga o’tishni rejalashtirgan 11 ta mamlakat (Avstriya, Belgiya, Germaniya, Niderlandiya, Irlandiya, Ispaniya, Italiya, Lyuksemburg, Portugaliya, Finlandiya, Fransiya) belgilandi. 2001-yilda ularga Germaniya qo’shildi. Buyuk Britaniya, Daniya va Shvetsiya o’zlarining milliy valyutasini saqlab qolishga qaror qildi. Naqd pul bo’lmagan shaklda muloqotga yevro 1999-yil 1-yanvardan, naqd pul shaklidagi muloqotga 2002-yil 1-yanvardan kiritildi. Ushbu loyihani amalga oshirish Yevropa integratsiyasining eng yirik va ramziy yutuqlaridan biriga aylanmoqda81. 1999-yil iyunda YI mamlakatlarining Kyolndagi sammitida tashqi siyosiy muvofiqlashtirishni chuqurlashtirish, xavfsizlik va mudofaa sohasida umumiy siyosatni olib borish to’g’risidagi qarorni qabul qildi82.
Nitsa Shartnomasining dastlabki naqli 2000-yil 11-dekabrda, yakuniy naqli esa 2002-yil 26-fevralda imzolandi, 2003-yil 1-fevraldan kuchga kirdi. Bu hujjat ham Maastrixt Shartnomasining modifikatsiyasiga aylandi. Nitsa Shartnomasida YI ni Sharqqa tomon kengaytirishga, shuningdek, institutsional islohotlarga asosiy e’tibor qaratildi. Shartnoma quyidagilarni o’zida aks ettirdi:
YI Kengashi va Yevroparlamentida amaldagi va kelgusi a’zo davlatlari uchun yangi kvotalar;
Kengashda kvalifikatsion ko’pchilik tomonidan ovoz berilishida nafaqat loyihalarga qarshi ovozlar sonini, balki ushbu mamlakatlardagi aholi sonini ham hisoblashni ifodalaydigan ikki karra ko’pchilik tamoyilini joriy etish. Bu kichik mamlakatlar YI ning asosiy tarkibi manfaatlariga javob beruvchi qarorlarning Kengashda blokirovka qila olmasligi uchun ishlab chiqildi;
Yevroparlamentning vakolatlarini kengaytirish.
2001-yilda xavfsizlik siyosati va umumiy tashqi siyosatni hayotga tatbiq etish uchun zarur bo’lgan doimiy harbiy va siyosiy organlar – siyosiy va xavfsizlik masalalari bo’yicha qo’mita, Yevropa Ittifoqining Harbiy shtabi, Yevropa Ittifoqining Harbiy qo’mitasi faoliyati belgilab olindi. Shuningdek, unda inqirozli vaziyatlarni bartaraf etish uchun YI doirasida harbiy va fuqorolik kuchlarini shakllantirish ham o’z ifodasini topdi83.
1990-yillarda Yevropa Ittifoqi o’zining faoliyati yo’nalishlarini faol kengaytirdi. 1993-yildan boshlab ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasida YI mamlakatlari va mintaqalari o’rtasidagi bo’linishni qisqartirish maqsadida jipslashtirish siyosatini olib bora boshladi. Kambag’al davlatlarga taaluqli yordamlar uchun Gretsiya, Irlandiya, Ispaniya va Portugaliyaga, 2004-yildan esa YI ning 12 ta yangi a’zo mamlakatlariga mablag’ ajrata boshlagan Yakdillashtirish Fondi tuzildi. 1999-yilda Yevropa Xavfsizlik va Mudofaa Siyosati (YeXMS) ta’sis etildi84.
YI ning rivojlanishi borasida yana bir qadam Lissabon strategiyasi bo’ldi. Lissabon strategiyasi 2000-yil martda Portugaliya poytaxtida Yevropa Kengashining sessiyasida qabul qilindi. Strategiyada 10 yil ichida YI ni dunyoning eng raqobatbardosh va barqaror iqtisodiyotiga aylantirish maqsad qilib qo’yildi.
2002-yil 14-dekabrda YI ning Kopengagendagi navbatdagi sammitida YI ga 10 ta yangi a’zolar – Vengriya, Kipr, Latviya, Litva, Malta, Polsha, Slovakiya, Sloveniya, Chexiya va Estoniyani qabul qilish haqida qaror qabul qilindi85. 2003-yildan bu davlatlar bilan muzokaralar boshlandi. 2003-yil aprelida YI ning Afinadagi sammitida tomonlar kelishuvni imzoladilar va 2004-yil 1-maydan Sharqiy Yevropaning ushbu o’nta davlati YI ga qabul qilindi.
2004-yilda beshinchi va bir vaqtning o’zida kiritilgan mamlakatlarning salmog’I bo’yicha eng katta Yevropa Ittifoqining kengaytirilishi tashkil etildi. Yana ikki davlat – Bolgariya va Ruminiyaning kiritilishi 2007-yil 1-yanvarigacha kechiktirildi, chunki ular haligacha Kopengagen shartlarini bajarmagan edilar86.
1992-yil mayda YI va Yevropa Erkin Savdo Assotsiatsiyasi (YESA) o’rtasida 1994-yil 1-yanvardan kuchga kirgan Yevropa Iqtisodiy Makoni (YIM) ni tashkil etish haqidagi bitim imzolandi. Bitim YESA mamlakatlariga “to’rt erkinlik” – tovarlar, xizmatlar, shaxslar va kapitallar harakatining erkinligini ko’zda tutgan edi. Avstriya, Finlandiya va Shvetsiya YI ga qo’shilgandan keyin YIM da YESA ning hammasi bo’lib 3 ta mamlakat – Norvegiya, Islandiya va Lixtenshteyn qoldi. Shvetsariya o’tkazilgan referendum natijalariga binoan YIM ga kirishni rad etdi. 1990-yillarda Yevro – Atlantik hamjamiyat (YI va AQSh) doirasida bir nechta hujjatlar imzolandi. Bular Yevropa Ittifoqi va AQSh o’rtasidagi munosabatlar to’g’risidagi Deklaratsiya (1990-yil), Transatlantik kun tafsilotlari (1995-yil) va Transatlantika iqtisodiy hamkorligi (1998-yil) edi. 1995-yil Barselonada Yevropa Ittifoqining 15 ta mamlakati va O’rtayer dengizining 12 ta mamlakati ishtirokida YI ning O’rtayer dengizi bo’yicha siyosatining rivojiga tamal toshini qo’ygan konferensiya tashkil etildi. Konferensiyada siyosat va xavfsizlik, iqtisod va moliya, ijtimoiy va gumanitar masalalar sohasida hamkorlik haqida Deklaratsiya qabul qilindi. 1999 va 2002-yillarda Yevropa Ittifoqi – Lotin Amerikasining sammitlari bo’lib o’tdi va tegishli bitimlar imzolandi. 1997-yil Singapurda YI va Janubiy – Sharqiy Osiyo mamlakatlari Assotsiatsiyasi a’zolari o’rtasidagi munosabatlarning “Yangi dinamikasi” haqidagi Deklaratsiya imzolandi. SSSR ning parchalanishi munosabati bilan YI da tashqi siyosatning yangi yo’nalishi – postsovet makoni yuzaga keldi. 1994-1998-yillar davomida Yevro Ittifoq MDH ning har bir mamlakati bilan (Tojikistondan tashqari) hamkorlik va hamdo’stlik haqida Bitim imzoladi87.
Yevropa integratsiyasining zamonaviy bosqichi bo’lmish XXI asning dastlabki o’n yilligida Yevropa Ittifoqi qator vazifalarni hal etishi lozim edi: o’z tashqi siyosatining ta’sirchanligini oshirish, YI a’zo davlatlarining iqtisodiy rivojlanishi darajasida tafovutlarni qisqartirish, o’z institutlarining chuqur islohotini o’tkazish, Yevropa integratsiyasining yangi, uzoq muddatli maqsadlarini belgilab olish88. Bu borada asosiy vazifalaridan biri umumiy konstitutsiyani yaratish edi. Bu masala xususida bir necha bor uchrashuvlar o’tkazildi. 2003-yil iyunda Yevropa Kengashining Salonikidagi majlisida YI mamlakatlari Yevropa konstitutsiyasi loyihasi (“Yevropa uchun konstitutsiya tatbiq etish haqidagi shartnoma) ning muhokamasini boshladi. 2004-yil oktabrda Rimda bu loyiha asosan ma’qullandi va shu bo’yicha referendum o’tkazilishi kerak bo’lgan YI davlatlariga tasdiqlash uchun taqdim etildi. 2005-yil Fransiya va Niderlandiyadagi referendumlarda Yevropa konstitutsiyasi loyihasi ma’qullanmadi. Konstitutsiyani kuchga kiritish amalga oshmadi.89
2007-yil yozida o’tkazilgan Bryussel sammiti Konstitutsiya o’rnida uning vazifasini bajaradigan alohida shartnoma tayyorlashga qaror qilindi. 2007-yil 13-dekabrda Portugaliya poytaxtida 27 mamlakat rahbarlari bu shartnomani imzoladilar. Shartnoma matnida na umumiy gerb va bayroq, na Yevropa qonunlari va YI tashqi ishlar vaziri haqida so’z yuritilmadi. Lissabon shartnomasining yutuqlaridan quyidagilarni qayd etish joiz:
Yevropa Ittifoqiga yuridik shaxs va xalqaro huquq sub’ekti maqomining berilishi;
Uchta sohaga ajratilgan Yevropa Ittifoqi kompetensiyasi tipologiyasining belgilanishi. Birinchi soha – faqatgina YI qonunchilik aktlarini qabul qilish huquqiga ega bo’lgan alohida soha. Ikkinchi soha – qarorlar ham YI darajasida, ham milliy darajada qabul qilinadigan birgalikdagi soha. Uchinchisi – qo’llab-quvvatlovchi, muvofiqlashtiruvchi va qo’shimcha huquq doiralari sohasi. Bunda YI ning hech qanday qarori Ittifoq ishtirokchilarining suveren huquqlarini cheklay olmaydi;
YI ning tashqi siyosiy pozitsiyasini mustahkamlashga va dunyoda uning rolini kuchaytirishga yo’l ochuvchi UTSXS va YXMS islohoti;
Qarorlari kvalifikatsion ko’pchilik tomonidan qabul qilinishi kerak bo’lgan masalalar doirasini sezilarli darajada kengaytirilishi;
Soliq siyosati, UTSXS, moliyaviy qonunbuzarliklar va soliqlarning oshirilishi bilan kurash, immigrantlar mehnati huquqining tartibga solinishi va boshqa qator muhim yo’nalishlarda jipslashtirish prinsiplari saqlanmoqda;
Yevropa Kengashi va Yevroparlament yangi vakolatlarining ajratilishi. Qatnashchilar tomonidan 2,5 yil muddatga saylanadigan Yevropa Kengashining doimiy rahbari lavozimining joriy etilishi;
YI faoliyati doirasiga energetika, turizm hamda favqulodda vaziyatlar va avariyalarda fuqorolarning himoyasining joriy etilishi.
Yagona Yevropa valyutasiga o’tilgan vaqtdan boshlab IVI ning strukturasi va mexanizmlari anchayin mustahkamlandi. 2002-2014-yillar davomida Yevro zona ishtirokchilari soni Sloveniya, Kipr, Malta, Slovakiya, Estoniya va Latviya hisobiga 18 taga kengaytirildi90.
XXI asr boshida Yevropa Ittifoqi alohida tashqi siyosiy harakatlardan umumiy tashqi siyosatga o’tishni amalga oshira boshladi. YI siyosatining deyarli barcha sohaviy yo’nalishlari (ilmiy-texnikaviy, transport, ekologik, raqobatchilik) endi tashqi siyosiy ahamiyatga ega bo’lmoqda. 2010-yilda Lissabon Shartnomasi kuchga kirgandan so’ng Yevropa Ittifoqining tashqi faoliyati Xizmatlari shakllana boshladi91.
Do'stlaringiz bilan baham: |