SSSR parchalangandan keyingi davrda AQSH va Rossiya munosabatlari.
XX asrda dunyoning eng yirik davlatiga aylangan SSSR saltanati asrning 80-yillari oxiriga kelib chuqur tanazzul yoqasiga kelib qoldi. Mavjud holatni yaxshilash uchun qilingan harakatlar natija bermadi va aksincha mazkur ulkan davlatning umri tugaganligi oydinlashib qoldi. SSSR markazida va chekka o’lkalarida 1990-1991-yillarda yuz bergan jarayonlar natijasida ulkan saltanat parchalandi. 1991-yil dekabrda SSSR davlati rasman tugatildi. Uzoq yillar davomida AQSH uchun asosiy raqobatchi bo’lib kelgan SSSR ning huquqiy va amaliy vorisi sifatida Rossiya xalqaro maydonga chiqdi. 1990-yillarning boshlarida ikki mamlakat o’rtasidagi munosabatlarda AQSH ning ustunligi ko’zga tashlandi. Ammo yangi asr bo’sag’asida Rossiya SSSR dan meros qolgan ichki va tashqi siyosiy, iqtisodiy to’siqlarni yengib o’tib, demokratik islohotlarni amalga oshirdi, yaqin qo’shnilari va sobiq ittifoqchilarining ko’pchiligi bilan munosabatlarni normallashtib, rivojlanish bosqichiga olib chiqdi. AQSH va Rossiya o’rtasidagi munosabatlar rivoji 1991-yildan bugungi kungacha dunyoda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo’lib kelmoqda. SSSR qulagandan so’ng Rossiya Federatsiyasi juda qiyin xalqaro vaziyatga duch keldi. Uning tashqi siyosati bu siyosatning imkoniyatlarini sezilarli darajada cheklagan yangi geostrategik chegaralardan boshlandi17.
Birinchidan, Ikkinchi jahon urushidagi g’alaba va Yalta-Potsdam kelishuvi natijasida SSSR tashkil etgan, keyinchalik esa butun urushdan keyingi o’n yilliklar davomida mustahkamlanib va barqaror kengaytirilib kelingan “xavfsizlik belbog’i” yo’qotildi. Bu belbog’ Yevropaning sotsialistik mamlakatlari va Osiyo, Afrika, Lotin Amerikasidagi do’stona asosdagi tizimlarni o’z ichiga olgan edi. Ikkinchidan, Rossiya Boltiq va Qora dengizidagi Ivan Grozniyning Levoniya yurishlaridan boshlab hisoblasak, rus tarixining to’rt asri davomida egallagan va mustahkamlanib olgan o’zining tabiiy tarixiy chegaralarini boy bergan edi. Uchinchidan, ruslar tomonidan o’zlashtirilgan va rus millatiga mansub aholi istiqomat qilayotgan, ammo Sovet davrida SSSR ning boshqa respublikalari ma’muriy boshqaruviga berilgan hududlar ham boy berilgan edi. Misol uchun, Ukrainadagi Donbass va Qrim hududlari18. Shunday qilib, Rossiya 1990-yillarning boshida murakkab geosiyosiy holatda edi. Sovet tuzumidan keyingi davrda Rossiya-Amerika munosabatlarini ikki davrga bo’lish mumkin. Birinchisi, 1992-1998-yillardagi davr bo’lib, “romantizm” yoki “katta almashish” davridir. Bu davrda Rossiya AQSH ga qulay tashqi siyosiy yo’lni yo’naltirdi va o’z navbatida AQSH ham Rossiya demokratlariga ichki demokratik islohotlarida ham ma’naviy, ham moddiy yordam ko’rsatdi. AQSH Rossiyaning tashqi siyosatdagi faoliyatini, eng avvalo, Sharqiy Yevropa, Lotin Amerikasi va Yaqin Sharqda yadro qurollari ustidan nazoratini qo’llab-quvvatlab, Germaniyadan Rossiya qo’shinlarining olib chiqib ketilishiga qiziqish bildirdi. Ikkinchi davr “pragmatik” davr sifatida ma’lumdir. Uning boshlanishi 1998-yilga, aniqrog’i Rossiya iqtisodiyotining mashhur defolti yuz bergan o’sha yilning avgust oyiga to’g’ri keladi. Endi Rossiya va AQSH munosabatlarida mazmunan har ikki davlat dunyoda o’zlarining alohida manfaatlarini izlay boshlaganligi va ikki mamlakatning alohida manfaatlari uchun foydali bo’lgan hududlarda o’zaro hamkorlik qilayotganini ifodalaydigan o’zaro pragmatik model bo’yicha rivojlanish namoyon bo’la boshladi19.
Rossiya-Amerika munosabatlari o’zining butun faoliyatida qarama-qarshikka asoslanganligi va beqarorligi bilan ajralib turadi. Bundan Sovet davridan keyingi yillar ham mustasno emas. Faqatgina Rossiya Federatsiyasida yangi shakllantirgan rahbariyatning xalqaro munosabatlar masalasiga va xususan AQSH bilan munosabatlardagi siyosiy qoidalar tizimiga soddalik bilan yaqinlashgan davr bundan mustasno20. 1990-yillar boshida AQSH hukumatida Respublikachilar partiyasi vakili J.Bush ma’muriyati (1989-1992) boshqaruvni amalga oshirardi. J.Bushning tashqi siyosati o’zidan oldingi prezident R.Reygan kabi neokonservatorlik ruhida belgilanar edi. Bu siyosat dunyoda yetakchilikning qat’iy o’rnatilishi va bu uchun har qanday qiymat bilan shart-sharoitlarni ta’minlashga tayyorligi ajralib turardi. AQSH yetakchiligining tasdiqlanishiga go’yoki butun dunyoda erkinlik va xavfsizlikka tahdid solayotgan SSSR ekspansiyasiga qarshilik qilish zarurati sifatida tus berilardi21.
Biroq SSSR ning qulashi respublikachilarning strategik tartibida o’zgarishlarga olib kelmadi. J.Bush ma’muriyati boshqaruvining so’ngi yillarida “Mudofaani rejalashtirish uchun tavsiyalar” qabul qilindi. Hujjatda qaysidir bir davlatning global davlat statusiga yaqinlashishiga va AQSH ning geosiyosiy raqobatchisiga aylanishiga yo’l qo’ymaslik maqsadida yangi dunyo tartibotini mustahkamlash uchun o’zining tan olingan gegemonlik holatidan foydalanish kerakligi qayd etildi.
1992-yil fevralda Rossiya Prezidenti B.N.Yelsinning Vashingtonga birinchi tashrifi tashkil etildi. Garchi ushbu tashrif tanishuv xarakteriga ega bo’lgan bo’lsa-da, tashrif davomida Kemp-Devidda Rossiya Federatsiyasi va Amerika Qo’shma Shtatlari o’rtasidagi yangi munosabatlar haqidagi Deklaratsiya imzolandi22. Ushbu hujjatda o’zaro munosabatlar masalasi qator prinsiplarga asoslanishi ifoda etildi. Deklaratsiyada ikki mamlakat o’rtasidagi munosabatlar quyidagi prinsiplar bo’yicha qurilishi e’lon qilindi:
O’zaro ishonchli do’stlik va hamkorlik. AQSH va Rossiya bir-birini ptensial raqiblar sifatida hisoblamaydi.
“Sovuq urush” davridagi dushmanlik asoratlarini yo’q qilish, strategik arsenallarni qisqartitish.
Hujjatda AQSH va Rossiyaning “hamkorlarning yangi ittifoqini” tuzishga intilishlari va munosabatlarning ittifoqchilik tipiga yo’naltirishdagi masalalar doirasini cheklash bo’yicha hamkorlik haqida so’z yuritildi23.
1992-yil iyunda Rossiya Prezidenti B.N. Yelsin ikkinchi marta Vashingtonga tashrif buyurdi. Uchrashuvlar davomida imzolangan Rossiya-AQSH hamkorlik va do’stlik Xartiyasida “hamkorlarning yangi ittifoqi” xususida so’z yuritilmadi va “hamkorlik” so’zi faqatgina ushbu hujjatning aniq ifodalanmagan bo’limlaridan birining nomida o’z aksini topdi. 1992-yilgi Vashington Xartiyasida Shimoliy Amerika va Yevropa xavfsizligining yahlitligi” haqidagi holat keltiriladi. Unda, jumladan, shunday deyilgan edi : “Vankuverdan Vladivostokgacha xavfsizlik ajralmasdir”. Xartiya matnidan shu narsa anglashiladiki, Rossiya milliy xavfsizligi ilk marta NATO mamlakatlari milliy xavfsizliklari bilan bog’landi. Rossiya siyosiy doiralarida Rossiya-Amerika “ittifoqi” (“hamkorligi”) haqidagi izohlar oqimi yuzaga keldi. Muhokama va mushohadalarning ko’pchiligi real asosga ega emas edi. AQSH va Rossiya munosabatlari dushmanlik kayfiyatida emasdi. Biroq ular o’rtasida ittifoqchilik yoki hamkorlikning shakllanishi uchun tez fursat ichida mustahkamlashning iloji bo’lmagan mustahkam iqtisodiy va boshqa asoslar talab etilardi24.
1992-yil noyabrda respublikachilar partiyasi mag’lubiyatga uchradi va demokratlar partiyasidan nomzod Uilyam(Bill) Klinton AQSH prezidentiga aylandi. Rossiya va Qo’shma Shtatlar o’rtasidagi “kvaz-ittifoqchilik” munosabatlarining shakllanishi davom etdi. AQSH da Rossiyaning demokratik yangilanishidagi, unda erkin jamiyat va bozor iqtisodiyotini qurishdagi hamkorlik Rossiya-Amerika yaqinlashuvining asosiga aylanayotganligi haqida so’z yuritildi. Bir necha yillar davomida Rossiya va AQSH ning, Rossiya va G’arbning “demokratik birdamligi” g’oyasini Rossiya – Amerika munosabatlaridagi qarama-qarshiliklar to’sib qo’ydi25.
Hali yangi saylangan prezident lavozimiga kirishmay turib, 1993-yil 3-yanvarda katta J.Bush Moskvaga tashrif buyurdi. Uning tashrifi chog’ida strategik hujum qurollari (SHQ) ni uzoq muddatga qisqartirish va cheklash haqidagi Rossiya-Amerika shartnomasi imzolandi. Tomonlar shartnomani imzolash davomida ushbu shartnoma Ukraina, Belorussiya va Qozog’iston 1991-yildagi SHQ -1 shartnomasini ratifikatsiya qilsa va yadroga ega bo’lmagan davlatlar sifatida yadro qurollarini tarqatmaslik haqidagi Kelishuvga qo’shilgan taqdirdagina kuchga kirishi to’g’risida kelishib oldi. Shartnoma AQSH Kongressi tomonidan 1996-yilda ratifikatsiya qilindi. 1995-yil iyunda Rossiya Federal Majlisiga ratifikatsiya uchun taqdim etilib, bu jarayon 1997-yilgacha cho’zildi.
2000-yilda Rossiya Prezidenti etib V.V.Putin saylandi. Putin prezidentligining boshlanishi ilk bora mamlakatning tashqi siyosiy strategiyasi, siyosatining asosiy yo’nalishlari bo’yicha mavqeyi aniq belgilangan yangi konsepsiyasining yaratilishi bilan birga kechdi26. Bu konsepsiyada AQSH bilan munosabatlarning mazmuni ham belgilangan edi.
Yangi asr boshida ikki mamlakat manfaatlarining uyg’unligi kuzatilgan muhim soha terrorizmga qarshi kurash bo’ldi. 2001-yil 11-sentabrdan keyin AQSH va Rossiya Afg’onistondagi toliblarga qarshi kurashda amaliy ittifoqchilik munosabatlarini olib bordi. 2001-yil noyabrdagi uchrashuvda V.V.Putin va J.Bush ilk bor Rossiya va AQSH ni umumiy idiologik qadriyatlar, demokratiya va bozor iqtisodiyotiga sodiqlik birlashtirib turganligini bildirishdi. J.Bush ma’muriyati Rossiya ichkarisidagi islohotlarga yangicha nazar bilan yondoshdi. Rossiya Amerika uchun foydali, demakki, demokratik va erkin hayot amal qilgan davlatga aylandi27. Rossiya va AQSH munosabatlari shu hamkorlik ruhida rivojlandi. Bu jarayon Rossiya, bir tomondan, AQSH va G’arb davlatlarining maqsadlarini aniq anglab yetgan, ikkinchi tomondan esa, 1990-yillardagi “buyuk depressiya” yakunlanganidan so’ng oyoqqa tura boshladi va 2003-yilgacha shunday davom etdi.
Rossiya va AQSH ning siyosiy munosabatlarida asosan quyidagi muammolar ko’zga tashlandi:
Eron va Shimoliy Koreyaning yadroviy dasturlari;
Rossiya qurol-yarog’larining Venesuelaga yetkazib berilishi;
Rossiyada demokratiya va inson huquqlarining taqdiri;
Sobiq SSSR respublikalari hisobiga NATO ning kengaytirilishi;
AQSH ning RQM ni ishlab chiqishi va uning Sharqiy Yevropaga kirib kelishi;
AQSH va Rossiyaning intellektual mulklarining himoyasi;
Ukraina va Belorussiya uchun Rossiyaning gazga narx belgilash siyosati muammosi.
2007-yil oxirida Rossiya Prezidenti V.V.Putin AQSH Prezidenti J.Bushga Chexiya va Polsha ishlariga aralashish o’rniga birgalikda Rossiya - Amerika RQM tizimini tuzishni taklif etdi, AQSH Davlat kotibi K.Rays esa Rossiya – Amerika munosabatlarining holatini baholab, ikki mamlakat o’rtasida “Shimoliy Koreya va Eron kabi mamlakatlar bilan amalga oshiriladigan munosabatlarda strategik birdamlik borligi”ni qayd etdi28. AQSH va Rossiya o’rtasidagi raqobatga asoslanib namoyon bo’layotgan siyosat Sovet davridan keyin Yevroosiyo mamlakatlarining siyosiy va iqtisodiy rivojlanishini ham qiyinlashtirmoqda va hal qilinmagan nizolarning “muzlatilishi”ga olib kelmoqda. Bunday holat Qirg’iziston va Ukraina misolida ko’zga tashlandi. Shuningdek, bunday holat Gruziyada ham yuz berdi.
Moskva va Vashington munosabatlaridagi keskinlikning manbalaridan biri – ular tomonidan turli xil va ikki tomonlama munosabatlardan holi iqtisodiy va xavfsizlik sohalaridagi mintaqaviy integratsion loyihalarning qo’llab-quvvatlanishi. Mazkur holat siyosatdagi inersiya muammosining yana bir ko’rinishiga aylanmoqda. Moskva Jamoaviy xavfsizlik tog’risida kelishuv tashkiloti (JXTKT), Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT), Yevroosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati (YOIH), uch tomonlama Bojxona Ittifoqi (Rossiya, Belorus, Qozog’iston) va shuningdek, Armaniston, Belarus, O’zbekiston va Ukraina bilan xavfsizlik sohasida hamkorlik to’g’risida ikki tomonlama kelishuvlarda ishtirok etish tarafdori. O’z navbatida, AQSH doimiy ravishda Postsovet davlatlarining NATO bilan o’zaro aloqalarini yoqlab kelmoqda va YI ning ushbu mamlakatlar bilan iqtisodiy yaqinlashuvi haqidagi takliflarni qo’llab-quvvatlamoqda29. Iqtisodiy sohada Rossiya-Amerika munosabatlari anchayin muvaffaqiyatli rivojlandi. AQSH Rossiyaning yirik savdo-iqtisodiy hamkorlaridan biri bo’ldi30.
Rossiya va AQSH – Tinch okeani mamlakatlari. Ularning kelgusi rivojlanishi va xavfsizligi muhim darajada Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi voqealar rivojiga bog’liq. Ular – mintaqaviy diplomatik jarayonlar va ko’p tomonlama forumlarning hal qiluvchi qatnashchilari. Ularning qurolli kuchlari bu mintaqadagi boshqa mamlakatlarning kuchlari bilan solishtirib bo’lmaydigan qudratga ega. Rossiyaning bu mintaqaga qiziqishi 2014-yildan so’ng oshdi. Bundan oldin Rossiyaning mintaqaviy tartiblarida Sovet davridan keyingi Yevroosiyo va Yevropa mintaqalari ustunlik qilardi31. Ukrainadagi 2014-yilgi voqealar Rossiya-Amerika munosabatlarining xususiyatini keskin o’zgartirdi. Eng zaruriy masalalarni hisobga olmaganda, barcha aloqalar uzildi, keskinlik “Sovuq urush” davridagi darajaga qadar o’sdi. Rossiya va AQSH ning Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi hamkorligi faqat uzoq istiqboldagina ehtimoliydir. “Sharqqa yuzlanish” siyosati doirasida Rossiya Xitoy bilan munosabatlarga katta e’tibor qaratmoqda. AQSH singari Rossiya ham Xitoyning kuchayishi XXI asrning muhim voqealaridan biri deb hisoblaydi32.
AQSH ning Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi siyosati quyidagi yo’nalishlarda olib borilmoqda:
Birinchidan, an’anaviy ikki tomonlama alyanslar, asosan Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya va Filippin bilan ittifoqlarni qo’llab-quvvatlash va mustahkamlash.
AQSH ning Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi siyosatining ikkinchi yo’nalishi – Amerika-Xitoy munosabatlarini chuqurlashtirish.
AQSH ning bu mintaqadagi siyosatining uchinchi yo’nalishi - ko’p tomonlama mintaqaviy institutlarda ishtirok etishdir. ASEAN o’zining muvaffaqiyati uchun favqulodda muhim ekanligini anglagan holda AQSH ushbu tashkilot bilan munosabatlarini mustahkamlamoqda.
OTM da Amerika siyosatining to’rtinchi yo’nalishi mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash uchun iqtisodiy diplomatiyaga muhim e’tibordir.
Beshinchidan, AQSH Osiyoda o’zining geografik ustunligini diversifikatsiyalamoqda.
Mamlakatning Osiyo bo’yicha siyosatidagi yana bir jihat – mintaqada Amerikaning harbiy strategiyasini yangilash.
Moskva esa o’zining sharqiy qo’shnilari bilan iqtisodiy va siyosiy aloqalarini SSSR parchalangunga qadar ham kengaytirishni boshlagan edi. 1980-yillar oxirida M.S.Gorbachev boshchiligidagi Sovet rahbariyati Osiyo-Tinch okeani mintaqasida Rossiya strategiyasining bugungi asoslarining povdevorini shakllantirgan muhim qarorlarni qabul qilgan edi33.
1998-yilda Rossiya Osiyo-Tinch okeani mintaqasi Iqtisodiy Ittifoqiga qo’shildi. Biroq Rossiyaning mintaqa bilan iqtisodiy aloqalari cheklangan darajada qoldi. Rossiya va G’arb o’rtasida 2014-yildagi Ukrainadagi voqealar natijasida boshlangan o’zaro munosabatlar tizimidagi inqiroz Rossiya tashqi siyosati uchun Osiyo-Tinch okeani mintaqasining ahamiyatini oshirdi34. Rossiyaning Osiyo-Tinch okeani mintaqasida regional xavfsizlikni qurishga diplomatik va siyosiy yurishi zamonaviy iqtisodiy va siyosiy vaziyatga mos kelmaydigan Amerika alyanslarining ustunligi tizimi shart-sharoitlariga tog’ri keldi. Moskvada Osiyo-Tinch okeani mintaqasida AQSH ning harbiy yo’l bilan ishtiroki va Amerikaning ikki tomonlama alyanslari tizimi barqarorlashtiruvchi va balanslashtiruvchi omil ekanligi tan olinmoqda. Biroq mintaqada fundamental o’zgarishlar yangi yurishni talab etadi deb hisoblamoqda.
Rossiya rahbariyati bir mamlakat boshqalarni xavfga qo’yishi hisobiga o’zining xavfsizligini oshirishi mumkin emasligiga binoan tenglik va “yaxlit xavfsizlik” prinsiplariga asoslangan anchayin balanslashtiruvchi va inkyuziv tizimni yaratishga chaqirmoqda. Moskva nuqtayi nazaridan, yangi regional arxitektura nafaqat AQSH, Yaponiya va Koreya Respublikasini, balki, shuningdek, Rossiya, Xitoy va ASIAN ni o’z ichiga olishi kerak35. Rossiya-Amerika munosabatlarining inqirozi Osiyo-Tinch okeani mintaqasida to’g’ridan-to’g’ri o’zaro nizoga olib kelmagan bo’lsa-da, ikki tomonlama munosabatlardagi keskinlikni hisobga oladigan bo’lsak, qarama-qarshiliklar ehtimoliy ssenariy bo’lib kelmoqda. Shunday qilib, qisqa muddatga mo’ljallangan istiqbolda ikki mamlakat uchun asosiy vazifa mintaqadagi ikki tomonlama nizolarni oldindan bartaraf etish bo’lib qoldi. Osiyoda AQSH ning mintaqaviy alyanslari va yaqin hamkorliklarining mavjudligi Rossiya va AQSH o’rtasida nizolarning yuzaga kelish ehtimolini pasaytiradi. Shunisi a’yonki, AQSH ning Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi hamkorlari va ittifoqchilari Ukraina inqiroziga qaramasdan, uning NATO bo’yicha ittifoqchilariga nisbatan keng miqyosda Rossiya bilan o’zaro aloqalarni olib borishga tayyor. Qisqa qilib aytganda, Vashington va Moskva hozirgi vaqtda Rossiyaning G’arb davlatlari bilan munosabatlarini bilan uning Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi AQSH ittifoqchilari bilan olib borayatgan munosabatlaridan alohida ajrata olish imkoniga ega bo’lmoqda36.
Do'stlaringiz bilan baham: |