Genetika (yun. genezis — kelib chiqish, paydo boʻlish) — barcha tirik organizmlarga xos boʻlgan irsiyat va oʻzgaruvchanlikni hamda ularni boshqarish metodlarini oʻrganadigan fan. Genetikaning asosiy vazifasi irsiyatning moddiy asoslari hisoblanadigan xromosoma, genlar va nuklein kislotalar (DNK, RNK) tuzilishi hamda funksiyalarini tadqiq qilish orqali organizmlar belgi va xususiyatlarining rivojlanishi va kelgusi avlodlarga oʻtishini ochib berishdan iborat. Har xil fizik va kimyoviy omillar taʼsirida organizmlarda irsiy oʻzgaruvchanlikning paydo boʻlishi va uning organizmlar evolyutsiyasidagi ahamiyatini tadqiq qilish ham Genetikaning vazifalari qatoriga kiradi. Madaniy oʻsimliklarning serhosil navlari, hayvonlar va mikroorganizmlarning mahsuldor zotlari va shtammlarini yaratish; irsiy kasalliklarning paydo boʻlish sabablarini oʻrganish asosida ularning oldini olish va davolash usullarini ishlab chiqish; ekologik muhitning irsiyatga salbiy taʼsir etuvchi omillarini oʻrgaiib, genofondni saqlab qolishni genetik jihatdan asoslab berish Genetika tadqiqotlarining amaliy muammolarini ifodalaydi.
Organizmlardagi nasldorlikning fundamental birligi «gen» deb ataluvchi diskret vositalardir. Bu fundamentallikni ilk bor Gregor Mendel kuzatdi; u noʻxat oʻsimligidagi nasldorlikni oʻrganayotgan edi. U oʻz tajribalarida noʻxat gullari doimo yo pushti, yoki oq boʻlishini, va hech qachon aralash rangli boʻlmasligini aniqladi. Genning ushbu farqli shakllari «allellar» deb ataladi.
Noʻxat gullari bilan bogʻliq vaziyatda har bir organizm har bir gendan ikkitadan allelga ega va bir oʻsimlikka bir ajdoddan bitta allel oʻtgan. Aksar organizmlar, shu jumladan odamlar ham, diploiddirlar, yaʼni bir gendan ikki dona allelga egalar. Bir allelning ikki nusxasiga ega organizmlar «gomozigota», ikki turli allelga ega organizmlar esa «geterozigota» deyiladi.
Berilgan organizm uchun mavjud allellar toʻplami «genotip», oʻsha allellar tufayli paydo boʻluvchi xususiyatlar (masalan, noʻxat gʻunchasi rangi) «fenotip» deyiladi. Geterozigotik organizmlarda bir allel «dominant» deb nomlanadi, dominant allel fenotipni belgilaydi; boshqa allel esa «retsessiv» deyiladi, uning taʼsiri fenotipda kuzatilmaydi. Dominant allelni biror bosh harf bilan, retsessiv allelni esa oʻsha harfning kichigi bilan belgilash qabul qilingan. Baʼzi allellar mutlaq dominant boʻlmay, fenotipga toʻliq taʼsir etmaydi.
Organizmlar nasl qoldirganda, avlod organizmlar ajdodlardan tasodifiy allellarni saqlab qolishadi. Shunday tasodifiy nasldorlik kombinatsiyasi Punnett kvadrati deb ataluvchi sxemada koʻrsatilishi mumkin. Allellar segregatsiyasi orqali kechuvchi diskret nasldorlikning bunday kuzatuv natijalari «Mendel’ning birinchi qonuni» yoki «Segregatsiya qonuni» deyiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |