Instagram. Fotosuratlar va videoyozuvlar bilan almashinishga mo‘ljallangan ijtimoiy tarmoq. Instagram 2009-yili dasturchilar Kevin Sistr va Mayk Kriger tomonidan o‘zlarining Burbn loyihalarini mobil fotografiyaga aylantirish maqsadida AQShda ishlab chiqilgan. 2010-yil 6-oktyabrda ilova Apple kompaniyasining App Store ilovalar onlayn do‘konida sotuvga qo‘yiladi. 2011-yilning yanvar oyida ilovaga foydalanuvchilar va fotosuratlarni topishni osonlashtirish uchun heshteglar qo‘shiladi. Instagram kvadrat shakldagi fotolarni yaratish imkonini beradi. 2015-yil 26-avgustdan ijtimoiy tarmoq landshaft va portret fotolarni joylashtirish imkonini berdi. Ilova iOS 4.3 da ishlovchi iPhone, iPad va iPod Touch, Android 2.2 uyali aloqa telefonlari va qo‘llanmalari orqali foto va videoni suratga olish imkonini beradi. 2012-yili Instagram Facebook kompaniyasi tomonidan $1 mlrd. ga sotib olindi. Ekspertlarning fikricha, 2017-yili Instagram reklamadan $2,8 mlrd. foyda ko‘rgan. 2018-yili ijtimoiy tarmoqdan ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar soni 1,1 mlrd.ga yetdi. 2011-yili yanvarda Instagram TechCrunch tanlovida “Eng yaxshi mobil ilova” nominatsiyasida ikkinchi o‘rinni, shu yilning iyun oyida Inc jurnali Sistrom va Krigerni “30 yoshga to‘lmagan 30 ta”larning ro‘yxatiga qo‘shdi. 2011-yilning sentyabr oyida Instagram SF Weekly Web Awards tanlovida “Eng yaxshi mahalliy ilova” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. 2011-yilning dekabr oyida Apple o‘z tanlovida Instagramni “iPhone uchun yilning eng yaxshi ilovasi” deb e’lon qildi. 2012-yilning aprel oyida Android platformasi uchun ilovaning mobil versiyasi ishga tushirildi. 2019-yili yanvar oyida @world_record_egg heshtegi ostida berilgan tovuq tuxumining surati 57,1 mln. layk to‘plab, ijtimoiy tarmoq tarixiga kirdi18.
Telegram krossplatformali messenjer bo‘lib, u turli xil formatlardagi mediafayllar va ma’lumotlar bilan almashinish imkonini beradi. Yopiq kodli server qismi AQSH, Germaniya, Rossiya, MDH mamlakatlarida faoliyat yuritadi. 2018- yilga ko‘ra, servisning faol foydalanuvchilarining soni 200 mln. nafardan oshgan. Uning asoschisi Pavel Durovning fikriga ko‘ra, messenjer foydalanuvchilar soni kuniga 600 ming nafarga ko‘paymoqda. Telegram asoschisi Pavel Durovning “The New York Times” gazetasiga bergan intervyusida messenjerni yaratish g‘oyasi unga 2011-yil, ya’ni uning eshigiga maxsus xizmat xodimlari kelganida tug‘iladi. U o‘zining akasi Nikolayga xat yozganida, u bilan xavfsiz ravishda gaplasha olmasligini tushunadi. 2013-yil 6-sentyabrda messenjer ishga tushirildi. Servis Pavel Durovning akasi Nikolay tomonidan yaratilgan MTProto yozuvlarni shifrlash texnologiyasiga asoslangan. 2014-yil 21-iyulda App Storeda iPhone va iPad uchun Telegram HD ilovasi ishga tushirildi. 2015-yil 2-yanvarda Telegramga stikerlarni qo‘llab-quvvatlovchi dastur paydo bo‘lib, boshqa messenjerlardan farqli o‘laroq, stikerlardan foydalanish mutlaqo bepuldir. 2016-yilning may oyida yuborilayotgan ma’lumotlarni tahrirlash imkoniyati yaratildi. O‘zgarishlarni ma’lumot jo‘natilgach, 2 kun davomida kiritish mumkin.
2016-yilning 22-noyabrida ishlab chiqaruvchilar tomonidan Telegraph – blog-platforma yaratilib, u foydalanuvchilarga postlar qo‘yish, maqolalar joylashtirish embedded-kod ko‘rinishida fotosuratlarni joylashtirish imkonini berdi19. Shu yilning 22-noyabrida veb nashriyot platformasi ishga tushiriladi. Mazkur platforma onlayn jurnalistlariga maqolalar, sharhlar yozish, foto va videolarni kiritish imkonini berdi. Telegraph – blog-platforma, messendjer va platisher gibrid bo‘lib, Medium platformasi kabi faoliyat yuritadi. 2017-yil 3-yanvarda yuborilgan ma'lumot va xabarlarni o‘chirish, 2017-yil 15-may kunidan Telegram orqali qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish imkoniyati kiritildi. 2017- yil 11-oktyabrda mesenjer orqali jo'natiladigan xabarlarni translations.telegram.org platformasi orqali ukraina, fransuz, malay, o‘zbek va boshqa tillarga tarjima qilish mumkin bo‘ldi. 2018-yil 6-iyul kuni Telegram Passport ilovasi ishga tushdi. Endi Telegramning bulutli omborida shaxsiy ma’lumotlarni xavfsiz saqlash mumkin.
Internetni ijtimoiylashuvi shunchalik tez rivojlanib bordiki, endi har bitta davlatda yoki hududiy nuqtayi nazardan insonlarni birlashtirgan ijtimoiy tarmoqlar paydo bo‘ldi. Bu tarmoqlarning ko‘pchiligini ishlash prinsipi bir biriga yaqin edi. Ya’ni unda bir vaqtning o‘zida do‘stlar bilan onlayn gaplashish, ular saytga joylashtirgan rasmlarga baho berish, do‘stlar qoldirgan yozuvlarga fikr bildirish mumkin edi. Dastlab kim bilandir shunchaki gaplashish uchun tarmoqlarga kirgan odamlar u yerdan chiqib keta olishmasdi. Chunki u yerda uni qiziqtirgan barcha narsa qiziqarli virtual suhbat, o‘yinlar, begona insonlar bilan tanishish imkoniyati, jamiyatda bo‘layotgan o‘zgarishlar, yangiliklar – xullas, hammasi bir vaqtning o‘zida bir joyda jamlangan edi. Bu narsa bir tarafdan insonlarga ancha qulayliklarni keltirib chiqargan bo‘lsa, boshqa tarafdan ko‘pchilik yoshlarni real hayotdan uzoqlashishiga olib keldi. Inson ruhiyatining chuqur tadqiq etilishi uni osonroq boshqarish imkonini berdi. Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlar faoliyatini yaxshiroq o‘rgangan tashkilotchilar kimga nima kerakligini hatto o‘sha odamning o‘zidan ham yaxshiroq bilishadi. Bu narsa odamlarni qanchalik erkinlikka erishgani bilan fikran kimlargadir baribir bo‘ysunishini bildiradi. Ushbu insonlar informatsion xurujlar, turli targ‘ibotlar natijasida bizga qanday yashashimiz kerakligini o‘rgatishmoqda. Bu jarayonda OAV odamlarda to‘g‘ri yo‘l ko`rsatuvchi vositaga aylanishi kerak. Garchi g‘arbda ijtimoiy tarmoqlarga ommaviy axborot vositasining bir turi sifatida qaralsa-da, bizda hali bunday tushuncha yo‘q. Lekin bugun ommaviy axborot vositalari ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatidan to‘laligicha foydalanmasa, tarmoqlar bilan aloqani yaxshi yo‘lga qo‘ymasa, dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan informatsion urushlarda ojiz bo‘lib qolishi turgan gap.
Do'stlaringiz bilan baham: |