2.2 Telekanallarning ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatidan foydalanish usullari
Bugungi zamon shiddati hayotimizni internet yoki ijtimoiy tarmoqlarsiz aslo tasavvur etib bo‘lmasligini namoyon etmoqda. Aksariyat odamlarning faoliyati internet, ijtimoiy tarmoqlar va telegram kanallari orqali dunyoda sodir bo‘layotgan kundalik yangiliklardan xabardor bo‘lish, ularni bir-biriga uzatish bilan bog‘liq. Reytingini oshirishda, ko‘rsatuvlarini ommalashtirishda xususiy telekanallar ham ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan keng foydalanmoqda. Telekanallarda maxsus anons bo‘limi mavjud. Ko‘rsatuv tayyor bo‘lgandan keyin ushbu bo‘limga jo‘natiladi, ular ko‘rsatuvni tomosha qilib, eng qiziqarli parchalarni tanlab, anons tayyorlashadi. Bu anonslar efirda va ijtimoiy tarmoqlarning rasmiy sahifasida aylantiriladi. Bugungi kunda telekanallar bu jarayonga alohida e’tibor qaratmoqda. Har bir anonsni bosh muharrir tasdiqlagandan keyin efirga va tarmoqlarga joylashtiriladi. Parchalar shu darajada qiziqarli bo‘lsinki, insonlar men shu ko`rsatuvni ko‘raman deb hattoki yozib qo‘ysin, deb topshiriq beriladi. Telekanalning yangi va katta loyihalari amalga oshirilayotgan vaqtda majlislarda barcha xodimlarga, boshlovchi, mualliflardan muxbirlargacha ijtimoiy tarmoqlarga anonsni tarqatish vazifasi yuklatiladi. “Milliy” telekanalining Instagram sahifasida 424 ming obunachi bor. Har kuni ko‘rsatuvlarning anonsi joylanadi. Kunlik teledasturlar joylanadi. Obunachilar ko‘rsatuvlar va yangi loyihalar yuzasidan o‘z fikrini bildiradi. Shuningdek, turli so‘rovnomalar o‘tkaziladi. “Zo‘r TV” telekanalining Instagram sahifasida 2,6 million obunachi bor. “My5” telekanalining Instagram sahifasida 2 million obunachi bor. Telekanallarning ijtimoiy tarmoqlarni yuritish uslubining o‘xshash va farqli tomonlari mavjud. Barcha telekanallar ijtimoiy tarmoqlarida ko`rsatuvlar va teleseriallar, filmlar haqida qisqacha, qiziqarli ma’lumotlar e’lon qilinadi. “Milliy” telekanali ko‘rsatuvlardan 3-4 daqiqalik parchalarni sahifasiga joylamaydi. “My5” telekanali esa ko`rsatuvning eng qiziqarli epizodlarini sahifasiga joylaydi. Ijtimoiy tarmoqlarni bir kishi yuritadi. “Milliy” telekanali har kuni efirga uzatiladigan ko‘rsatuv va filmlardan rasm tayyorlaydi. Rasmda film nomi va namoyish vaqti yozilgan bo`ladi. Ijtimoiy tarmoqlarda guruh yoki sahifa yuritish sayt yaratishdek katta loyiha. Chunki sizning sahifangiz bu sizning imjingiz, reklama, obro‘ va daromadni bildiradi. Bir qarashda, ijtimoiy tarmoqni yuritish oson va oddiy ko`rinishi mumkin. Lekin obunachilarni ko‘paytirish va daromad topish uchun SMM bo‘yicha malaka talab etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |