Xalq ta’limini moliyalashtirishning me’yoriy-huquqiy asoslari
Bozor iqtisodiyotiga o‘tishda mamlakatning ijtimoiy soha, xususan, maorif sohasida mavjud muammolarni bartaraf etishda xukumat tomonidan qator islohotlar o‘tkazilmoqda. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning eng asosiysi bu, shaxs salohiyatini ko‘tarish hisoblanadi. Mamlakatimizda ta’lim- tarbiyani isloh qilishning, takomillashtirishning, eng avvalo huquqiy asoslari yaratildi. 1992-yil 8-dekabrdagi o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Oliy Kengashining o‘n birinchi sessiyasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi qabul qilinib, har bir fuqoroning bepul umumiy ta’lim olish huquqi, ta’limning davlat nazoratida ekanligi qonuniy kafolatlandi.
“Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq ta’lim tizimini isloh qilish, davlat va nodavlat ta’lim muassasalari hamda ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasida raqobat muhitini shakllantirish negizida ta’lim tizimini yagona o‘quv ilmiy ishlab chiqarish majmui sifatida izchil rivojlantirishni ta’minlash ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimini jamiyatda amalga oshirilayotgan yangilanish, rivojlangan demokratik huquqiy davlat qurilishi jarayonlariga moslash “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi”ning maqsad-vazifalaridandir.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-avgustdagi PQ-3231- sonli “Ta’lim va tibbiyot muassasalarini moliyalashtirish mexanizmini hamda davlat moliyaviy nazorati tizimini yanada takomillashtirish to`g‘risida”gi qaroriga asosan, ta’lim va tibbiyot muassasalarida byudjet jarayonining shaffofligini yanada oshirish va uning ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, byudjetdan moliyalashtirish, hisob va hisobot mexanizmini takomillashtirish, vazirlik va idoralarning bo`ysunuvidagi muassasalarda byudjet intizomini mustahkamlash borasidagi mas’uliyatini oshirish, shuningdek, zamonaviy axborot texnologiyalari va xalqaro e’tirof etilgan moliyaviy nazorat standartlarini joriy qilish yo`li bilan byudjet qonunchiligini buzish holatlarining oldini olish va profilaktikasiga qaratilgan davlat moliyaviy nazoratining rolini tubdan qayta ko`rib chiqish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Hisob palatasi, Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Oliy va o`rta maxsus ta’limi vazirligi tomonidan kiritilgan takliflar ma’qullandi va 2017-yilning 1-sentyabridan boshlab:
bir vaqtda o`zlarining bo`ysunuvidagi quyi muassasalarda buxgalteriya xizmatlari tugatilib, xalq ta’limi tuman (shahar) bo`limlarida va tibbiyot birlashmalarida markazlashtirilgan moliya-buxgalteriya xizmatlari;
O`zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy va o`rta maxsus ta’lim vazirligi, Oliy va o`rta maxsus ta’lim vazirligining O`rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi hamda O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasida — soni 3 shtat birligidan iborat ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatlari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, O`rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasida, viloyatlar xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash, o`rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmalarida hamda Toshkent shahar Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmalari va O`rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasida soni 1-4 shtat birligidan iborat ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatlari tashkil etildi.
Byudjet tashkilotlarining asosiy hujjati bu xarajatlar smetasi hisoblanadi. Shu bois, 2014-yil 14-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Moliya Vaziri tomonidan tasdiqlangan “Byudjet tashkilotlari va byudjet mablag‘lari oluvchilarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallarini tuzish, tasdiqlash va ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 74-son buyrug‘i qabul qilingan va ushbu buyruq ilovasiga muvofiq “Byudjet tashkilotlari va byudjet mablag‘lari oluvchilarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallarini tuzish, tasdiqlash va ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi”gi Nizom tasdiqlangan.
Ushbu nizomda quyidagilar keltirilgan:
xarajatlar smetasi va shtat jadvallarini tuzish va tasdiqlash;
vaqtinchalik xarajatlar smetalarini tuzish va tasdiqlash;
byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg‘armalari bo‘yicha daromadlar va xarajatlar smetalarini tuzish va tasdiqlash;
byudjet mablag‘larini taqsimlovchilar tomonidan ularning bo‘ysunuvidagi byudjet tashkilotlari va byudjet mablag‘lari oluvchilarning xarajatlar smetalari, daromadlar va xarajatlar smetalari hamda shtat jadvallarini ro‘yxatdan o‘tkazish;
nazorat va javobgarlik hamda boshqalar.
Yuqorida qayd etilgan me’yoriy hujjatlardan ma’lum bo‘lmoqdaki, davlat tashkilotlari xarajatlari 4 guruhdan iborat va xarajatlar smetasiga muvofiq moliyalashtiriladi. Bu guruh xarajatlari ichida eng katta salmoqqa ega bo‘lgan guruh I guruh hisoblanadi, ya’ni ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar hisoblanadi. Shu bois, ta’lim muassasalar pedagog xodimlari va ishchi xizmatchilarining ish haqini hisoblashning muqobil variantini ishlab chiqarish va uni to‘g‘ri hisoblash asosiy vazifalardan hisoblanadi.
Shu bilan birga, bugungi kunda maktabgacha ta’lim muassasalarining ta’lim dasturlari va o‘quv-tarbiyaviy rejalariga qo‘yilgan davlat talablarini takomillashtirish dolzarb masalaligicha qolmoqda. Aksariyat maktabgacha ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasi zamon talablariga javob bermaydi.
Bolalarni maktabgacha ta’limga qamrab olish ko‘rsatkichi hamon pastligicha qolmoqda. Mavjud muammolarni amaliy bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev, 2016-yilning 29-dekabrida "2017-2021 yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.
Dastur asosida quyidagi keng ko‘lamli kompleks tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan:
bolalarning har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlanishi uchun ilg‘or xorijiy tajribalarni inobatga olgan holda zarur shart- sharoitlar yaratish;
maktabgacha ta’lim muassasalari uchun pedagog kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish o‘quv reja va dasturlarini zamonaviy pedagogik texnologiya va metodlarni inobatga olgan holda takomillashtirish;
2200 ta maktabgacha ta’lim muassasasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, jumladan, qishloq aholi punktlarida yangi maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish, ularni zamonaviy talablarga javob beradigan inventar, uskunalar, o‘quv-metodik qo‘llanmalar, multimedia resurslari bilan ta’minlash.
Ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun jami 2,2 trillion so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.
Qaror bilan belgilangan kompleks tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida quyidagilarga erishiladi:
yuqori sifatli maktabgacha ta’limni ta’minlash, bolalarni sifatli maktabga tayyorlashni tubdan yaxshilash, ta’lim-tarbiya jarayoniga muqobil dasturlarni joriy etishga;
bolalarni maktabga tayyorlashning muqobil shakli bo‘lgan 6100 ta qisqa muddatli guruhni tashkil etishga;
3-6 yoshdagi maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olinmagan bolalarni ularning ota-onalarini metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlash orqali maktab ta’limiga tayyorlashni tashkil etishga;
maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini 50 ta yangi qurilish hamda mavjud muassasalarning 1167 tasini rekonstruksiya qilish va 983 tasini mukammal ta’mirlash orqali kengaytirishga;
qishloq joylardagi maktabgacha ta’lim muassasalarida ota-onalar badal to‘lovini 30 foizgacha kamaytirishga;
- bolalarning maktabgacha ta’limga qamrovini 1,5 barobar oshirishga.
Hozirgi kunda 10074 ta maktab, 6050 ta maktabgacha ta’lim muassasasi mavjud. Keyingi yillarda maktabgacha ta’lim muassasalarining faoliyat samaradorligini oshirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga yo‘naltirilgan qator tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Birgina 2020/2021 yillar davomida 667 ta maktabgacha ta’lim muassasasi mukammal ta’mirlandi va zamonaviy talablarga mos ravishda jihozlandi.3
Do'stlaringiz bilan baham: |