Importga tariflarning ishlab chiqaruvchilarga va iste’molchilarga
ta’siri Mamlakatlar tashqi savdoni tartibga solishda ustun ravishda savdoni
erkinlashtirishga imkon beruvchi iqtisodiy vositalardan biri hisoblangan importga solinadigan bojxona bojini qo’llaydilar.
Importga solinadigan bojxona bojlari davlat g’aznasini to’ldirishga imkon beruvchi fiscal funktsiyani, milliy ishlab chiqaruvchilarni xorijiy raqobatdan himoyalash funktsiyasini bajaradi. Bojxona bojlarining maxsus va advolor hamda aralash turlari o’zaro farqlanadi. Maxsus bojlar import qilinayotgan mahsulotlar birligiga nisbatan belgilangan pul birliklarida o’rnatiladi. Masalan, avtomobillar dvigatellari hajmiga qarab konvertirlanadigan valyutalar AQSH dollari yoki EVRO da o’rnatiladi. 1 kub.smga = 20 EVRO
Advolor bojlar import qilinayotgan mahsulotlar qiymatiga nisbatan foizda belgilanadigan bojlardir. Masalan, avtomobil xarid narxining 20 foizi.
Aralash bojlar import qilinayotgan mahsulotlarning ma’lum qiymati yoki miqdoriga nisbatan foizda belgilanadigan va bu qiymat yoki miqdordan ortiq qismidan mahsulotlar birligiga nisbatan belgilangan pul birliklarida undiriladigan bojlardir.
Bu turdagi import tariflarning oqibatlari deyarli bir xil bo’lib, buni biz quyidagi grafik vositasida ko’rib chiqamiz.
Import tariflari joriy qilingunga qadar ichki ishlab chiqarish hajmi S1, ichki talab hajmi esa D1 teng bo’lgan, talab va taklif o’rtasidagi farq (D1-S1) import hisobiga qoplangan. Mamlakat boshqa mamlakatlar bilan hech qanday savdo aloqalari qilmaganda narxlar darajasi Re ga teng bo’lgan bo’lar edi
hamda talab va taklif muvozanati E nuqtada o’rnatilgan bo’lardi. Mamlakat iqtisodiyoti ochiq bo’lgani va importga cheklovlar yo’qligi tufayli milliy bozordagi narxlar jahon bozori narxlari Rw bilan bir xil. Importga tarif joriy qilinishi natijasida ichki narxlar PW dan Rd ga qadar ko’tariladi. Endi:
Import qilinadigan tovarning ichki narxi = Jahon bozoridagi narxi + (Jahon bozoridagi narxi x tarif stavkasi).
Oqibatda iste’molchilar ma’lum bir yo’qotishlarga duch keladilar. Bu yo’tqotishlar grafikda a , b , s , d sohalar bilan ko’rsatilgan.
Narxlarning ko’tarilishi ilgari raqobatbardosh bo’lmagan ayrim ichki ishlab chiqaruvchilar uchun ham foyda ko’rib ishlashga imkon beradi. Umuman shu sohada band milliy ishlab chiqaruvchilar ishlab chiqarish hajmini S1 dan S2 ga qadar oshiradi va S2-S1 hajmdagi mahsulot Rd narxda sotiladi. Shu hajmdagi mahsulotni iste’molchilar oshirilgan narxda sotib oladilar va a sohaga teng yo’qotishga duch keladilar. Ammo, bu yo’qotish ichki ishlab chiqaruvchilarning o’sgan foydasiga aylanadi.
Narxlarning o’sishi oqibatida iste’molchilar ko’rilayotgan tovar iste’moli hajmini D1 dan D2 qadar qisqartiradi. Bu yo’qotish grafikda d soha bilan ko’rsatiladi va u hech kimning foydasi bilan qoplanmaydi.
S2- D2 oraliq tarif joriy qilingandan so’ngi import hajmi bo’lib, shu hajmda tovarni iste’molchilar ilgarigidan yuqori narxda sotib oladilar. Buning natijasida ular turmush darajasidagi yo’qotish ro’y beradi. Bu yo’qotish grafikda s soha bilan belgilangan bo’lib, u davlat g’aznasiga borib tushadi. Ya’ni, bu sohadagi iste’molchilarning yo’qotishi davlatning foyda ko’rishi bilan qoplanadi.
Tarif kiritilishi oqibatida iste’molchilar talabi arzon import tovaridan qimmat ichki tovarga yo’naltiriladi. Iste’molchilarning o’sgan to’lovlari yuqori chekli xarajatga ega, raqobatbardosh bo’lmagan samarasiz ichki ishlab chiqarishni kengayishiga olib keladi. Iste’molchilarning bu yo’qotishlari b sohasi bilan belgilangan bo’lib tarifning «ishlab chiqarish samarasi» deyiladi va hech
kimning foydasi bilan qoplanmaydi. Shunday qilib:
Iste’molchilarning Ishlab chiqaruvchilar Davlat Jamiyatning sof yo’qotishlari foydasi daromadi yo’qotishi
a + b + с + d - a - с = b + d
Demak, iste’molchilarning a sohadagi yo’qotishlari ishlab chiqaruvchilar foydasining o’sishi hisobiga qoplanadi. Ayni damda iste’molchilar shu tarmoq korxonalari aktsiyadorlari bo’lishsa, ular yo’qotishlarining bir qismi o’sgan dividentlar sifatida qaytadi. «c» sohada davlat olgan daromadini transfert to’lovlarini oshirish, soliqlarni pasaytirish, byudjet tashkilotlarida ishlovchilar ish haqini oshirishi ko’rinishida iste’molchilarga qaytarishi mumkin. Ammo «b» +
«d» sohalarda jamiyat sof yo’qotishga duch keladi. Valyuta kursi o’zgarishi bu yo’qotishlarni bir oz qoplashi mumkin. Masalan, 10 foizli tarif kiritilishi natijasida milliy valyuta 3 foizga qimmatlashsa, import qilinayotgan tovarlarning milliy valyutada ifodalangan ichki narxi 10 foizga emas, 7 foizga oshadi. Bu esa tarif kiritilishi oqibatida jamiyatning sof yo’qotishi «b» va «d» sohalarning 70 foizini ((7/10) x 100 = 70) tashkil etishini anglatadi.
Umuman olganda bojxona tariflari deyarli har doim millatning farovonligi darajasini pasaytiradi, chunki iste’molchilar ishlab chiqaruvchilar va davlat birgalikda olgan miqdordan ko’proqni yo’qotadilar. Tarif import qilinayotgan mahsulotlar iste’molchilarining daromadlarini boshqa ijtimoiy guruhlar foydasiga qayta taqsimlaydi. Milliy ishlab chiqarishni rag’batlantirish boshqa vositalar yordamida ham amalga oshirilishi mumkin.