O’zbekistonda ishchi bir kunda 6 metr shoyi yoki 1 kg yog’ ishlab chiqarishi mumkin. Qozog’istonda ishchi bir kunda 2 metr shoyi yoki 4 kg yog’
ishlab chiqarishi mumkin bo’lsa
ushbu mamlakatlarda savdo-sotiq amalga oshirilmaganda nisbiy narxlar qanday bo’ladi?
savdo munosabatlari o’rnatilgach, mamlakatlar nimalarni olib chiqadi?
v) mamlakatlar o’rtasida savdo munosabatlari o’rnatilgandan so’ng jahon narxlarini tebranish chegaralari qanday bo’lishi mumkin?
XVII BOB. TASHQI SAVDO SIYOSATI
Savdo siyosatining mohiyati va tashqi savdonicheklash
usullari Har bir mamlakat makroiqtisodiy siyosatini yuritishda tashqi savdo siyosati ham muhim o’rin egallaydi. Tashqi savdo siyosati — mamlakatning boshqa mamlakatlar bilan olib boradigan savdo munosabatlarini muvofiqlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuasi bo’lib, milliy iqtisodiyot ehtiyojlari uchun zarur bo’lgan mahsulotlarni oqilona import siyosati hisobiga to’ldirish hamda milliy iqtisodiyotda ortiqcha bo’lgan mahsulotlarni eksport qilish hisobiga mamlakatning jahon bozoridagi o’rnini mustahkamlash vazifasini hal etadi. Ushbu siyosatni yuritish orqali tashqi savdo hajmlari soliqlar, subsidiyalar, import yoki eksportni to’g’ridan- to’g’ri cheklashlar kabi vositalar yordamida tartibga solinadi. Tartibga solish vositalari bevosita va bilvosita xarakterga ega bo’lishi mumkin. Tashqi savdo siyosati eksport va import hajmi hamda tarkibiga ta’sir ko’rsatish orqali makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiy o’sishga erishish, to’lov balansini yaxshilash hamda valyuta kursini tartibga solish maqsadlarini ko’zda tutadi.
Mamlakatlar erkin yoki cheklovchi (protektsionistik) tashqi savdo siyosatini olib borishi mumkin. Ko’pgina mutaxassis-iqtisodchilar mamlakat iqtisodiyoti va aholisi turmush darajasini yaxshilash uchun erkin savdo siyosatini qo’llash iqtisodiy resurslardan samaraliroq foydalanish imkonini beradi deb hisoblaydilar. Biroq erkin savdo jahon iqtisodiyoti nuqtai nazaridan foydali bo’lishi mumkin bo’lsada, ammo alohida olingan mamlakat iqtisodiyoti manfaati nuqtai nazaridan erkin savdo hamma vaqt ham foydali bo’lavermaydi.
Tashqi savdoni cheklash bilan bog’liq bolgan protektsionistik siyosat borasida olib boriladigan har qanday chora-tadbirlar qisqa muddatli samara beradi. Uzoq muddatli davrda esa, faqatgina erkin savdo siyosati iqtisodiy resurslarni samarali joylashtirish imkonini beradi.
Tashqi savdo siyosati chora-tadbirlarining ayrimlari davlat g’aznasini
to’ldirishga yo’naltirilgan bo’lsa, ba’zilari import va eksportni cheklashga, yoki ularni rag’batlantirishga yo’naltirilgan. Amaliyotda tashqi savdoni tartibga solishning tarif va notarif usullaridan foydalaniladi.
Tarif usullariga import va eksport bojlarini joriy qilish kirsa, notarif usullariga eksporterlar va ishlab chiqaruvchilarga subsidiyalar berish, kvotalash, litsenziyalash kabilar kiradi.
Bojxona bojlari import va eksport bojlariga ajratiladi.
Import bojlari davlat g’aznasini to’ldirish maqsadida va ichki bozorlarga tushadigan chet el mahsulotlari oqimini tartibga solish uchun belgilanadi. Import bojlari eng kam va eng ko’p miqdordagi import bojlariga bo’linadi. Eng kam miqdordagi import bojlari qulay savdo sharoitlarni yaratib berishni ko’zda tutuvchi savdo shartnomalari va bitimlari bo’lgan mamlakatlar mahsulotlariga nisbatan o’rnatiladi. Eng ko’p miqdordagi import bojlari esa qulay savdo sharoitlarni yaratib berish bo’yicha shartnoma va bitimlar tuzilmagan mamlakatlar mahsulotlariga nisbatan o’rnatiladi.
Eksport bojlari mamlakat ichida talab ko’p bo’lgan mahsulotlar taqchilligining oldini olish maqsadida belgilanadi.
Litsenziyalash tashqi iqtisodiy operatsiyalarni amalga oshirishga davlat tashkilotlaridan ruxsat olishning ma’lum tartibi hisoblanadi va bunday ruxsat berish huquqini qaysi davlat tashkilotlariga berish amalga oshiriladigan operatsiyalarning mamlakat iqtisodiyoti uchun ahamiyatiga bog’liqdir.
Kvotalash mahsulotlar, xizmatlar bo’yicha ma’lum davrga eksport va importga miqdoriy yoki qiymat chegaralarini belgilashdir.
Mamlakatlar milliy iqtisodiyotda yuzaga kelgan vaziyatni inobatga olgan holda tashqi savdoni tartibga solishda ustun ravishda yoki tarif vositalaridan, yoki notarif vositalaridan, yoki ham tarif, ham notarif vositalarini muvofiqlashtirgan holda qo’llaydi.