Alisher Navoiy gʻazallariga sharhlar
Erkin Vohidov, Najmiddin Komilov
24
library.ziyonet.uz/
shoirning katta mavzu atrofidagi umumiy tasavvur-tushunchalari, shunga muvofiq
ishqning inson qalbiga oʻtkazadigan ta’siri haqida zikr etadi, ishq va fano, tariqat
yoʻlining jozibasi va tahlikasi shoirona talqin etiladi. Shu bois gʻazal baytlarini bevosita
oʻzaro zanjiriy bogʻlanish emas balki qofiya, radif, mavzu va ohang mushtarakligi
birlashtirib turadi, madh, vasf, sharhi hol va tasavvufiy manolar bir oʻzandagi oqimga
tushirilgan. Chunonchi, matla’da oshiqning ishq dardi yangilanganidan xushnudligi,
ikkinchi baytda ma’shuqa firoqida qiynalish, kinoyali xotirot, uchinchi va toʻrtinchi
baytlarda ishqning qudrati va moʻ’jizakorligi haqida mulohaza-muqoyasa, beshinchi
baytda shoh va darveshning ishqqa munosabati, oltinchi va yettinchi baytlarda boʻlsa
ilohiyot fayzini topgan solikning lahzalik masrur tuygʻulari, yor jamoliga mahliyoligi
tasvir etiladi. Xullas, ishqning turli jihati, oshiq insonning holatlari va shoirning oʻz
mavzuiga munosabati, qarashlari aks etgan.
Umuman, Navoiyda ilohiy ishq har xil holatlarga bogʻlanib, har bir gʻazalda oʻzgacha bir
tarovat yangi-yangi ifoda, uslubiy tarzu raviya bilan kuylanadi. Shuning uchun uning
gʻazallari bir-birining aynan takrori emas, balki har biri yangi asar sifatida oʻquvchiga
alohida zavq bagʻishlaydi, tasavvufiing har bir maqomi va manzillaridagi ruhiy holat, bu
manzillarni kashf etish qiyinchiliklari, Buyuk Ilohning huzuriga talpinish, sogʻinch va
qoʻmsash, ma’naviyat ne’matidan "sarxushlik, qalbi ma’rifatga gʻarq Doʻst diydoriga
tashnalik, undan mahrumlik damlaridagi iztirob har bir gʻazalda turfa rangu ohang,
suvratu san’atlar orqali takror-takror talqin etiladi. Bu gʻazalchilikda, ayniqsa, orifona
she’riyatda qabul qilingan an’ana boʻlib, shoirning oʻziga xos mahorati,
navbunyodkorligi shu an’ana bagʻrida kamol topib, koʻzga ayonlashdi. Buni me’morlik
san’ati bilan qiyoslasa boʻladi: Samarqandu Buxoro, Iroqu Nishopur, Balxu Hirot
me’morchilik yodgorliklariga qarang, ularning naqshu nigori, koshinlari, tarhu tarovatida
oʻxshashlik bor. Ammo har biri yana oʻziga xos salobat, husnu jozibaga ega, har bir
me’morning «dastxati»ni aniq his etasiz. She’riyat ham shu: qat’iy an’analar andozasi
ichra benazir ustakorlik, ulugʻ salaflar darajasiga koʻtarilish va shu maydonda ihtirolar
qilish, yangi yoʻl, yangy ohanglar topib, elni qoyil qilish. An’anaviy usul-raviyada
mahorat koʻrsatish — bir moʻ’jiza, asrlar an’anasini yengib shoirona ixtirolar qilish —
ikkinchi, yanada oliyroq moʻ’jiza. Navoiyning har bir gʻazalida an’anaviy mavzuni yangi
ruh, yangi tuygʻu va fikr bilan yangidan yangratish, gʻazalning qadimiy shaklidan
foydalanib, shoirona moʻ’jizalar koʻrsatish mahorati namoyon. Voqean, tahlilga olgan
gʻazalimiz ham «Erur koʻngilda safo ishq toza dogʻi bila» deb boshlanadi: ishqning
koʻnglida har bir yangilanishi, toza dogʻlar qoldirish yangi ilhom va zavq olib keladi,
yangi she’rni bunyod etadi. Ushbu gʻazalni baytma-bayt sharhlab chiqsak, aytilgan fikrlar
toʻlaroq va aniqroq anglashiladi.
Birinchi bayt:
Erur koʻngulda safo ishq toza dogʻi bila,
Nechunki koʻzda yorugʻliq erur qarogʻi bila.
Do'stlaringiz bilan baham: |