Marifiy qism. Bu intellektuallashtirilgan texnologik xaritaning mazmunini belgilashdagi talab va meyorlarni mujassamlashtirib, unga o‘quv reja, DTS, o‘quv dasturi, ishchi va taqvimiy reja, darslik, o‘quv qo‘llanma va boshqa adabiyotlar hamda mavzuga tegishli ilm-fan, texnika-texnologiya va pedagogik innovatsiyalar sohasidagi eng so‘ngi yutuqlarni olishga oid internet tarmog‘idagi manzillar haqidagi ma’lumot va materiallar joylashtiriladi.
Ma’naviy qism. Bu qismga bo‘lajak o‘qituvchilarimiz ongiga milliy ong, milliy g‘urur, haqiqiy asl tariximizni o‘rganish, ota-bobolarimizning ibratli hikmatlariga hurmat-e’tiborni, vatanparvarlik va insonparvarlik tuyg‘usini shakllantirishga oid ma’lumotlar joylashtiriladi. Bu qayd etilganlar bo‘lajak o‘qituvchilarni ma’naviy-kasbiy yyetuk, intellektual salohiyatli qilib tayyorlashda muhim g‘oyaviy-didaktik asos bo‘la oladi. Ushbu sohaga oid ma’lumotlar qamrovi va hajmlarining kengligini e’tiborga olib, ularni yo‘nalishlarga ajratib, ular bo‘yicha ma’lumotlar bazasini shakllantirdik va ular quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha tayyorlanadi:
“Avesto” ta’limotiga oid ma’lumotlar bazasi. Bunda quyidagilarga e’tibor beriladi: uzoq o‘tmishimizdagi dastlabki tarbiyaviy ta’limotlarga e’tibor beradigan bo‘lsak, ularda g‘oyalar kurashi doimo bo‘lib kelgan. Shulardan, “Avesto” dagi “Ezgu fikr-ezgu so‘z-ezgu amal” tizimi “Yomon fikr-yomon so‘z-yomon amal” tizimiga qarama-qarshi qo‘yilgan va asrlar davomida xalqlarimiz adolat tantanasiga intilib yashagan. Shu sababli jamiyat taraqqiyotida “adolatlilik” mezoni doim muqaddas bo‘lib qolavergan;
Demak, yaxshilik bilan yomonlik, ezgulik bilan yovuzlik, oq bilan qora, issiq bilan sovuq, ijobiylik bilan salbiylik, musbat bilan manfiy va hokazo shu kabilar o‘rtasidagi kurash faqatgina qadimiy davrlarga xos emas, balki hozirgi kundagi faoliyatga ham xosdir, chunki bugungi kunda ham insoniyatga baxtiyorligu baxtsizlik taraqqiyotimiz mazmunini belgilab berib kelmoqda. Bularni bo‘lajak boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari ongiga va qalbiga singdirish orqali ularning ma’naviy-kasbiy yetuk qilib tayyorlash muammosini xal qilish mumkin. Shuning uchun bu bosqich bo‘yicha shakllantiriladigan ma’lumotlar bazasi ochiq tizim ko‘rinishida shakllantiriladi. Bunga sabab tayyorlangan ma’lumotlar bazasining hajmi va qamrovi jamiyat taraqqiyotining intellektuallik darajasiga qarab ixchamlashtirib yoki ko‘paytirib borish mumkin;
“Ilk Uyg‘onish davri ” ga mos ma’lumotlar bazasi. Bu IX-XII asrlarga to‘g‘ri keladi. Bunda sharq mutafakkirlari tomonidan yaratilgan asarlar asosiy e’tiborda bo‘ladi va ular o‘quv rejasidagi fanlar bloklaridagi o‘rganiladigan fanlarni e’tiborga olgan holda tizimlashtiriladi. O‘quv rejasidagi fanlar qaysi turkumga kirishiga qarab sharq mutafakkairlari asarlari tanlanadi, ya’ni o‘quv rejasidagi birinchi fanlar blokiga (“Gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy fanlar” blokiga ) to‘g‘ri kelgan fanlarni o‘rganishda ko‘proq sharq mutafakkirlari asarlaridan milliy-ma’naviy qadriyatlarga oid asarlardan foydalanish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Agarda ikkinchi fanlar blokiga (“Matematika va tabiiy-ilmiy fanlar blokiga”) to‘g‘ri keladaigan fanlarni o‘rganishda esa ko‘proq ilmiy qadriyatlarga oid asarlardan foydalanish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Ushbu yo‘nalishlardagi ma’lumotlar bazasini shakllantirishda ko‘proq quyidagi mutafakkirlar asarlaridan foydalandik: Muhammad Muso al-Xorazmiy (783-850), Ahmad al-Farg‘oniy (taxminan 797-865), Ahmad ibn Abdulloh al-Marvaziy (taxminan 780-880), YAxyo ibn Abu Mansur (IX asrning birinchi yarimi), Ahmad as-Saraxsiy (835-899), Abu Ali ibn Sino (980-1037), Abu Rayhon Beruniy (973-1048), Abu Nasr Farobiy (873-950), Ismoil Jurjoniy (1042-1136) va boshqalar;
“So‘ngi uyg‘onish davri ” ga mos ma’lumotlar bazasi. Bu tarkibiy qismda Amir Temur va Temuriylar davri (XIV-XVI asrlar)ga mos ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi va ularda ilmga intilishning davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganligi va ommaviy ta’limga keng yo‘l ochilganliklariga kuchliroq e’tibor qaratilganligiga urg‘u beriladi. O‘sha davr taraqqiyotidagi olimlarning hizmatlari va ularning nufuzi hamda o‘rni to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlar yig‘iladi. Yig‘ilgan ma’lumotlar tayyorlanayotgan mutahassislar yo‘nalishlariga qarab tizimlashtiriladi va ular istemolda foydalanishga moslab axborot ko‘rinishiga keltirilib qo‘yiladi. Bu yo‘nalishdagi ma’lumotlar bazasini shakllantirishda asosan quyidagi mutafakkirlar va davlat arboblari asarlari hamda turmish tarzlariga oid ma’lumotlardan foydalandik. Mirzo Ulug‘bek (1394-1449), Qozizoda Rumiy (XIV asrning oxiri XV asrning boshi), G‘iyosiddin Jamshid al-Koshiy (vafoti 1449), Ali Qushchi (vafoti 1474), Jaloliddin Davoniy (1427-1502), Jurjoniy (1339-1413), Husayn Voiz Koshifiy (1440-1505) va boshqalar;
Do'stlaringiz bilan baham: |