§ 7.4. Yulduzlarning tarqoqsimon va sharsimon to‘dalari
Koinotda yulduzlar faqat yakka holda uchramay, o‘zaro dinamik bog‘langan holda qo‘shaloq, uchtadan, to‘rttadan va nihoyat juda ko‘p sonli -yuzlab, minglab to‘da shaklida ham uchraydi. Yuzlab yulduzlardan bir necha minggacha xatto-ki milliongacha yulduzlarni o‘z ichiga olib, o‘zaro dinamik bog‘langan ularning sistemalari- yulduz to‘dalari deb yuritiladi. Tashqi ko‘rinishiga ko‘ra yulduz to‘dalari ikki gruppaga - tarqoq va sharsimon to‘dalarga bo‘linadi. Tarqoq yulduz to‘dalari bir necha o‘n yulduzdan bir necha minggacha yulduzlarni o‘z ichiga olgani holda, sharsimon to‘dalar o‘n mingdan to yuz minggacha xatto-ki milliongacha yulduzlarni o‘z ichiga oladi.
Galaktikamizda ikki minggachaga yaqin tarqoq yulduz to‘dalari bo‘lib, ularning diametri 1,5 parsekdan 20 parsekkacha boradi. Tarqoq yulduz to‘dalarining yaxshi o‘rganilgan tipik vakillari - Savr yulduz turkumidagi Hulkar deb nomlangan to‘da bo‘lib, Quyosh sistemasidan 130 parsekli masofada joylashgan. Boshqa bir tarqoq yulduz to‘da – Giadlar esa bizdan 40 pk li masofada yotadi.
Tarqoq to’dalar Somon Yo’lining spiral shohobchalari bo’ylab joylashib, ba’zida ular “yulduz assosiasiyalari” markaziy qismida ko’rinadi. Shu sababli qator mualliflar yulduz assosiasiyalari bor oblastlar tarqoq to’dalar haqiqatda ham tug’ilish joylari deb hisoblaydilar. Kuzatuv ma’lumotlaridan shuni ham aytib o’tish kerak-ki, eng yosh bunday to’dalar molekulyar bulutlarlar bilan fizik bog’lanib, ular yulduzlarning tug’lish o’choqlaridan joy olgandir. Ba’zan tarqoq to’dalar qo’shaloq, karrali va gruppalarni tashkil qiladi.
7.5 - rasm
Sharsimon to‘dalari yulduzlari tarqoq to‘dalari yulduzlaridan kimyoviy tarkibi bilan farqlanadi. Xususan tarqoq yulduz to‘dalarining spektrida og‘ir elementlarning miqdori 1- 4 protsentni tashkil qilgani holda, sharsimon to‘dalarda atigi 0,1-0,01 protsentni tashkil qiladi. Bunday hol ma’lum galaktikada sharsimon va tarqoq yulduz to‘dalarining paydo bo‘lishida turlicha sharoit mavjud bo‘lganidan dalolat beradi. Shuningdek, bunday sharsimon to‘dalar hali og‘ir elementlarga boyib ulgurmagan sferik formadagi protogalaktik gaz tumanligidan paydo bo‘lgan degan ilmiy gipotezaning tug‘ilishiga olib kelgan.
Sharsimon to‘dalar yulduzlarining ko‘pligi va aniq sferik shakliga ko‘ra, tarqoq yulduz to‘dasiga nisbatan yulduzlar fonida yaqqol ajralib ko‘rinadi. Sharsimon to‘dalarning o‘rtacha diametri 40 pk atrofida bo‘ladi. Galaktikamizda 160 ga yaqin sharsimon to‘dalar kuzatiladi. Ravshanliklari tufayli sharsimon to‘dalarni qo‘shni galaktikalarda (Magellan Bulutlari va Andromedada) ham ko‘rish mumkin. Sharsimon to‘dalar tarqoqlardan farq qilib, Galaktikamizning markaziga qarab, konsentratsiyasi keskin ortib boradi.
7.6 - rasm
Sharsimon to‘dalarning tipik vakili Gerkules yulduz turkumida joylashgan M13 bo‘lib, u 20 mingdan ortiq yulduzni o‘z ichiga oladi (7.6 - rasm). Uning bizdan uzoqligi – 24 ming yorug‘lik yiliga teng. Ba’zi massiv sharsimon to’dalar markazida esa massasi kamida bir necha ming Quyosh massasiga teng bo’lgan “qora o’ra” mavjud degan hulosaga kelingan. Misol tariqasida Sentavrning omegasini ko’rsatish mumkin.
Shunday qilib, yulduzlarning tarqoq va shasimon to’dalari o’zaro bir-birlaridan keskin farq qiluvchi obyektlar bo’lib, bu ikki turdagi tudalar nafaqat Galaktikamiz fazosining turli tashkil etuvchi qismlarida joylashganlar, balki Yoshi jihatidan farqi juda kata hamda ularning “Spektr – yorqinlik” diagrammalari ham tamomila ikki xil ekanligi bilan mashhurdirlar.
25-Ma’ruza. Galaktikaning aylanishi. Yulduzlararo chang va gaz. Spiral tarmoqlar. Galaktikamiz yadrosi tuzilishi. Galaktika toji va magnit maydoni.
Yulduzlararo fazoda gaz va chang moddalari mavvjudligi, qo‘shaloq yulduzlarning spektrida kuzatilgan ayrim chiziqlarning “fe’l-atvori” dan ma’lum bo‘ldi. Gap shundaki, bu chiziqlar, spektrdagi boshqa chiziqlar kabi davriy siljishlarda (mazkur yulduzlarning umumiy massa markazi atrofida aylanishi tufayli) ishtirok etmaydi. Bu xol, Quyosh bilan bu qo‘shaloq yulduz orasida modda joylashib, Dopler prinsipiga buysinmaydigan, aynan shu spektral chiziqlarni vujudga keltirgan, xususan, gaz-chang bulutlari borligidan dalolat beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |