Felti sindromi - 40-60 yoshdagi aholi orasida ko‘proq uchraydi. Aksariyat hollarda u o‘tkir isitmalash, revmatoid artritga xos poliartrit, splenomegaliya, limfadenopatiya, leykopeniya (neytropeniya, ba’zan kuchli gipoxrom kamqonlik) kabi belgilar bilan kechadi. Ayrim hollarda gepatomegaliya, tananing ochiq sohalarida pigmentatsiya dog‘lari, revmatoid tugunchalar, polineyropatiya, o‘pkada diffuz fibrozli jarayon rivojlanishi mumkin. Barcha bemorlarda umumiy holsizlik, tana vaznini kamayishi, mushaklar atrofiyasi kuzatiladi.
Bolalarda kuzatiladigan yuvenil revmatoid artrit kattalardagi kabi polimorf kechadi. U aksariyat hollarda 6 yoshgacha bo‘lgan qizlarda uchrab, o‘tkir boshlanishi, isitmalash, visserit yoki usiz kechadigan mono va oligoartrit, uzoq davom etuvchi poliartralgiya bilan namoyon bo‘lishi mumkin. YUvenil artrit kattalardagi RAdan aksariyat hollarda yirik (tizza, tos - chanoq, boldir - tovon) bo‘g‘imlarini mono- va oligoartriti hamda umurtqa pog‘onasini bo‘yin qismini shikastlanishi; ko‘zni (irit, iridotsiklit, episklerit) zararlanishi; teri qoplamida toshmalar (eritematoz - makulez dermatit) mavjudligi; seronegativlik (bemor bola qonida faqat 3-25 % hollardaginia RO aniqlanishi mumkin); birmuncha yaxshi oqibat (prognoz) bilan farqlanadi. Bemorning shikastlangan bo‘g‘imida asta-sekin turg‘un deformatsiya kuzatilsada, kamdan-kam hollarda ankiloz rivojlanadi. Rentgen tekshirishda bo‘g‘imni suyak va tog‘ay qismining bir oz destruksiyasi aniqlanadi. Ichki a’zolarni shikastlanishi bilan kechadigan tizimli turi 20-25 % hollarda uchrab, bir necha turdagi sindromlar bilan kechadi.
Still sindromiga o‘tkir kechish, bir vaqtning o‘zida katta va kichik bo‘g‘imlar hamda umurtqa pog‘onasi shikastlanishi, bo‘g‘imlarda kuchli og‘riq, ekssudatsiya, keyinchalik ularni deformatsiyasi, yuqori isitmalash, yuz, qo‘l-oyoq va tanada polimorf toshmalar, limfadenopatiya (limfa tugunlari qattiq, og‘riqsiz, harakatchan, kichik yong‘oq yoki olcha kattaligida), splenomegaliya, umumiy ahvolni yomonlashishi (tana vaznini kamayishi, kamqonlik, uzoq vaqt davom etuvchi isitmalash) xos. Keyinchalik tana harorati pasayib, toshmalar yo‘qoladi, lekin ichki a’zolarni shikastlanish belgilari (perikardit, kardit, nefrit, poliserozit va boshqalar) paydo bo‘ladi. Rentgen tekshirishda osteoporoz, bo‘g‘im tirqishini torayishi, kistalar aniqlanishi mumkin. Qon tahlilida ECHT turg‘un ko‘tarilishi, kamqonlik va leykopeniya kuzatiladi. Ko‘p hollarda interkurent infeksiya yoki amiloidoz bemorlar o‘limiga sabab bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |