Laborator-asbobiy tekshirishlar. Kasallik o‘tkir boshlanganda uning birinchi kunida ECHT va SRO ning oshishi, kamroq hollarda neytrofilli leykotsitoz kuzatiladi. Odatda birinchi ikkita ko‘rsatkich uzoq muddat o‘tkir revmatik isitmaning klinik belgilari yo‘qolgandan so‘ng ham saqlanadi. Umumiy siydik tahlilida xarakterli o‘zgarishlar aniqlanmasa ham, ba’zan minimal proteinuriya yoki mikrogematuriya qayd etiladi. Qonning biokimyoviy tahlilida antistreptolizin - O, antistreptokinaza va DNK ga antitelalar (1:250) titrining oshishi 80% ga yaqin bemorlarda kuzatiladi. Ayrim bemorlar tomog‘idan surtma olinganda A guruxidagi β-gemolitik streptokokk topiladi. YUqoridagi laborator tekshirishlar bilan bir qatorda yurak anatomik tuzilmalari (qopqoqchalar holati), uning ichidagi qon oqimi, mitral yoki aortal regurgitatsiya (valvulitning erta belgisi sifatida) va perikard holatini baholash uchun o‘tkir revmatik isitmaga chalingan bemorlarda albatta ExoKG tekshiruvi o‘tkaziladi. Bariy yordamida o‘tkazilgan ko‘krak qafasi rentgenografiyasi yurak chegaralarining kengayganligi to‘g‘risida axborot olish imkoniyatini beradi. EKG yordamida yurak ritmi va o‘tkazuvchanligi buzilganligini aniqlash mumkin.
Quyidagi 2 - jadvalda o‘tkir revmatik isitmaning klinik-laborator va asbobiy tekshirish natijalariga asoslangan holda foydalaniladigan tashhisiy mezonlari keltirilgan.
Agar bemorda ikkita katta yoki bitta katta va ikkita kichik mezon hamda A guruhidagi β-gemolitik streptokokkli infeksiya o‘tkazganligi tasdiqlansa, o‘tkir revmatik isitma rivojlanganligidan dalolat beradi.
Davolash.Revmatizmni davolash kompleks majmualardan iborat bo‘lib, o‘z ichiga etiologik, patogenetik, simptomatik va tibbiy-tiklash kabi uch bosqichdan iborat chora-tadbirlarni o‘z ichiga qamrab oladi. Etiologik tadbirlar A guruxidagi β-gemolitik streptokokkni organizmdagi mavjud o‘choqlardan (aksariyat hollarda xalqumda) eradikatsiya qilishga qaratilgan. Ushbu maqsadda benzilpenitsillin o‘smirlar va kattalarga 1.5-4 mln TB dan, bolalarga 400-600 ming TB dan 10 kun davomida tavsiya etiladi, keyin esa preparatning dyurant (uzoq ta’sir etuvchi) shakllariga (bitsillin-5 yoki ekstensillin) o‘tiladi. Bemor benzilpenitsillin guruxi vositalarini qabul qila olmasa makrolidlar yoki linkozamid vositalaridan biri buyuriladi.
O‘tkir revmatik isitmada patogenetik davo sifatida glyukokortikoidlar va nospetsifik yallig‘lanishga qarshi vositalar qo‘llaniladi. So‘nggi yillarda glyukokortikoidlar ko‘proq yaqqol kardit va poliserozit kuzatilganda hamda yosh bolalar va o‘smirlarga tavsiya etiladi. Preparat odatda kunda 20-30 mg dan terapevtik samaraga erishilgunga qadar (odatda 2 hafta atrofida) buyuriladi. Undan so‘ng har 5-7 kunda uning miqdori 2.5 mg dan kamaytirib boriladi.
O‘tkir revmatik isitma poliartrit, xoreya bilan kechganda yoki surunkali revmatik kasallik negizida uning qayta xurujlari kuzatilganda nospetsifik yallig‘lanishga qarshi vositalardan biri kuniga 100-150 mg miqdorda 2 oy davomida buyuriladi. So‘nggi ikkita doridan foydalanilganda ularning nojo‘ya ta’sirlarini e’tiborga olish va ularga qarshi davo choralarini qo‘llash lozim.