2.3. Dilshod Rajab
Dilshod Rajab (1964-yilda tug'ilgan) o'zbek bolalar she’riyatining iste’dodli vakillaridan biri. U Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tug'ilgan. 1990-1993-yillar Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti aspiranturasida o'qib, "80-yillar o'zbek bolalar she’riyatida poetik mahoratning ayrim masalalari" mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1994- 2004-yillarda O'zbekiston Davlat matbuot qo'mitasida, O'zbekiston yozuvchilar uyushmasi "Adabiyot jamg'armasi" nashriyotida, Respublika "Shahidlar xotirasi" xayriya jamg'armasida turli lavozimlarda ishlagan. 2005-yildan buyon O'zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining "Muhofaza" jurnali, "Vaziyat" gazetasi birlashgan tahririyatida bosh muharrir o'rinbosari sifatida faoliyat yuritmoqda. Yuzdan ortiq ilmiy, ilmiy-ommabop va publitsistik maqolalari chop etilgan.
Bugungi Dilshod Rajab yosh kitobxonlarga "Otamning bog'i", "Daryo ko'ngil", "Jilvon o'g'loni", "Alifbo", "Sanoq", "Sukut sarhadi", "Tanish tovushlar", "O'n o'rtoq, sanab boq", "Poyezdning bolasi", "Baxshi bola - yaxshi bola" singari o'ndan ortiq she’riy va nasriy kitoblari bilan yaxshi tanish.
Dilshod Rajab ijodining eng diqqatga sazovor jihati, avvalo, shoirning ona tiliga, tilimizning so'z boyliklariga e’tiborida namoyon bo'ladi. Fikr dalili sifatida "Panshaxaning she’ri"ga murojaat qilaylik:
O'ylab so'yla,
Birodar,
Besh panja ham Barobar.
To'rtlik shaklidagi ushbu she’r "Besh panja barobar emas" maqoli asosida yaratilgan bo'lib, bir qarashda, panshaxaning e’tirozida jon borga o'xshaydi, chunki uning besh panjasi ham barobar, uzunligi bir xil. Aslida esa, maqolning mohiyati, u, avvalo, insonga nisbatan qo'llanilishida namoyon bo'ladi. Biroq she’rda barcha narsaga hayrat ko'zi bilan qaraydigan, har bir hikmatni o'z tajribasi asosida qayta yaratishga intiladigan sinchkov yosh bola nuqtayi nazaridan qaraydigan bo'lsak, bu yarim hazil, yarim chin she’r ijodkorning o'ziga xos topilmasi ekanligiga iqror bo'lamiz. Chunki shoir ham olamga yosh kitobxonining hayratga to'la hamda sinchkov nigohi bilan nazar solayapti, yosh bola nazdidagi har bir sir-sinoatni ayni uning nuqtayi nazaridan qayta kashf etayapti. To'rtlikni yosh kitobxonga manzur qiladigan jihat esa hayot haqiqatini qanday talqin qilishdan kelib chiqadigan badiiy haqiqatni anglab yetishga borib taqalib, uning muvaffaqiyati ham shu bilan belgilanadi.
"Bug'doyning taqdiri" she’ri go'yoki biz bilan siz har kuni ko'rib odatlanib qolgan oddiygina bug'doy yetishtirilishi jarayoni tasviridan iboratday tuyilsa-da, aslida, she’r mohiyatida, mubolag'asiz, ulkan hayot haqiqati turadi:
Maysa edi, ona oftob Boshidan nur to'kardi.
Yuvar edi yomg'irlar goh,
Yellar silab o'tardi.
O'sib kamol topdi durkun,
Rosa pishib yetildi.
Sinovlardan o'tkazmoq-chun Bir kun olib ketildi.
Avval, avval bilmoq lozim Chidam-u bardoshini.
She’rni o'qir ekansiz, "inson hayotda o'zining munosib o'rniga ega bo'lish uchun qanchadan qancha sinovlarga mardlarcha bardosh berishi, hayotdagi qiyinchiliklarni sabr-toqat bilan yengib chiqishi kerak?" - degan ritorik so'roq beixtiyor xayolingizga kelishi shubhasiz. Chunki bug'doy maysaligidan voyaga yetgunicha she’rda tasvirlangan jarayonlar, ya’ni pishib yetilgandan keyin boshidan tegirmonning zil toshi yurgizilishi (un tortish jarayoni), hosil bo'lgan unning elakdan o'tkazilishi (tozalash jarayoni), unga suv quyib mushtlanishi (xamir qorish jarayoni), qizib turgan tandirga kiritilishi (non yopish jarayoni) va nihoyat, u sabr-toqat bilan barcha sinovlarga bardosh berib, pishib yetilgan nonga aylanishi natijasida e’zozlanib, ko'zga surtilib, boshga ko'tarilishi - bularning barchasi - jonlantirish san’ati va ijodkor badiiy mahoratining qip-qizarib, singib pishgan non singari ardoqli mahsuli. Bir qarashda, yarim hazil - yarim chin bo'lib ko'rinadigan ushbu she’r yosh kitobxon uchun ibratning go'zal va takrorlanmas namunasi. Zero, aslini olganda, har bir hazilning tagida ham uncha-muncha yuzaki qarashlarga ko'rinavermaydigan haqiqat uchqunlari bor. Shoir esa biz bilan siz uchun shunchaki oddiygina tuyiladigan kichik narsadan ulkan badiiy haqiqatni ko'ra olishi va uni go'zal badiiyat qobig'ida tasvirlab, siz-u bizga manzur qila olishi bilan ham ijodkordir.
"Yoz tongi" she’ri, o'z nomi bilan, tong otishi manzarasining tasviridir: Chekinadi qora g'am-zulmat Yorishadi yuzi osmonning.
Dalalarni oladi chulg'ab Oppoq shodlik kabi yoz tongi.
Sevinchdan ko'z yoshlar maysa-o't,
Yig'loq chigirtkalar ovunar.
Ichlariga sig'may quvonchi "Tars" yorilib ketar qovunlar.
She’rda tasvirlangan o'ziga xos manzara - qora zulmatning chekinishi osmonning yuzi yorishishiga sabab bo'lishi (yorug'likning zulmatdan g'olib chiqishi!), dalalarni chulg'ab olayotgan yoz tongining qiyofasi ham shodlik singari oppoqligi (!), bu holatdan boshi ko'kka yetgan maysa-o'tlarning ko'zi yoshlanishi (tonggi shudring!), kechasi bilan yig'lab chiqqan chigirtkalar ham xursandligidan ovunib, tinchishi (!), qovunlarning quvonchi ichiga sig'may "tars" etib yorilib ketishi (!) - bularning barchasi jonlantirish va o'xshatishlardan hosil bo'lgan topilmalar mahsulidir.
Shunga o'xshash "Qish lavhalari" turkumidagi:
Kechki osmon ohista Qorni elay boshlaydi.
Tunning qora sochiga Oq oralay boshlaydi,-
to'rtligi ham jonlantirishdan paydo bo'lgan poetik ifodadir. Dastlabki manzara: kechki osmon qorni xuddi un elanganiday elay boshlaydi (o'xshatish), ikkinchi manzara: o'z o'rnini tongga bo'shatib berayotgan tun qarib, qora sochlariga oq oralaydi, bular esa birgalashib, tongdagi g'ira-shira yorug'likning jonlantirish va o'xshatish vositasida yaratilgan manzarasining o'ziga xos tasviridir.
Shoirning "Varraklar quvonchi" she’ri bahor tasviriga bag'ishlanganidan tashqari aynan bolalarcha tasavvurga yo'g'rilgani bilan e’tiborli:
O'tib ketdi badqovoq Qishning achchiq ayozi,
Tabiat kiymoqda shod Bayramona libosin.
Guldirab kular osmon Chaqnab chaqmoqtoshlari,
Kulgisining zo'ridan Chiqib ketar yoshlari.
She’rda badqovoq qishning ayozi o'tib ketib, tabiat xursandchiligidan bayramona libos kiyishi (daraxtlar gullashi, yer yuzi o't-o'lanlar va gullar bilan qoplanishi), osmon chaqmoqtoshlarini chaqnatib guldirab kulishi, kulgisining zo'ridan ko'zlaridan yoshlar chiqib ketishi, buloqlarning sevinchi ichiga sig'may qaynab toshishi, soy-u irmoqlar o'zaniga sig'masdan toshishi ("sevinchi ichiga sig'may" iborasi) - bularning barchasi g'olibona kirib kelayotgan Bahoroyni sharaflashning turfa qirralari sifatida sinchkov ijodkorning sehrli qalami yaratgan topilmalardir. Bu quvonch shu qadar ulug'vorki, hatto qish bo'yi sarg'ayib yotgan varraklarning ham ko'ksiga shamol tegadi, quvonchidan boshi ko'klarga yetadi (varrak uchirishning jonli tasviri). Har bir misrani bezab turgan jonlantirish hamda o'xshatishlar esa yosh kitobxonni shu paytgacha bu tarzda his qilmagan beqiyos tasavvur olamiga olib kiradi, mushohadakorlikka undaydi.
Dilshod Rajab majoziy obrazlar orqali ham talay she’rlar yaratgan. Shoir she’riyatida qushlar, uy hayvonlari, turli buyumlar bor. Ular yordamida shoir o'quvchilarni hayotni tushunishga chorlaydi hamda Piyola, Supurgi, Narvon, Qoziq kabi jonsiz narsalarni obraz darajasiga ko'tarib, ularning tabiiy holatidan inson olamiga daxldor xulosalar chiqara olgan. Masalan, "Qoziqning maslahati" she’rida shunday xususiyat ko'zga tashlanadi:
Charxla tinmay kallani,
Bo'lma to'mtoq, do'stginam.
Boshing o'tkir bo'lmasa,
Yeysan to'qmoq, do'stginam.
She’rni o'qigan kitobxon qoziqning boshiga to'qmoq bilan urilishini ko'z oldiga keltiradi va shoirning nima demoqchiligini anglab yetadi. Bolalarni tozalikka chaqirishda esa shoir sochiq majoziy obrazidan o'rinli foydalanadi: Nopoklarni sevmayman,
Ular menga yot doim.
Kim bo'lmasin, aslida Ikki yuzim oq doim.
Dilshod Rajabning "Eng buyuk boylik", "Toshning boshi", "T" to'g'risida ertak", "O'g'rining qismati" ertaklari o'zbek adabiy ertakchiligiga munosib hissa bo'lib qo'shiladi. Uning ertaklaridan biri "Toshning boshi" "T" to'g'risida ertak" bo'lib, tovush va harflarning qudratini tushuntirishga xizmat qiladi. Toshdagi "T" harfining jonlantirilishi yosh kitobxonni qiziqtirishi tabiiy:
Ertakda tavze’, ya’ni tovush takroridan o'rinli foydalanilgan:
Tosh qotibdi shunda tosh,
Tunda ajalning o'zi.
Turar tishi g'ijirlab,
Tikib arofat ko'zin.
Dilshod Rajab o'z she’rlarida o'xshatish, sifatlash, jonlantirish, anafora, tavze’, takror kabi badiiy san’atlardan foydalanib, she’rlarining ohangdorligini, mazmundorligini oshiradi. Shoir asarlari badiyati bilan ham ajralib turadi. Uning she’rlarida Vatan obrazi asosiy o'rin tutadi. Shoir majoziy obrazlar yordamida bolalarga to'g'ri ta’lim berib, ularning barkamol avlod bo'lib yetishuviga munosib hissa qo'shmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |