1.2.Istiqlol davri bolalar adabiyotining vazifaviy xususiyatlari
Bolalar uchun ham, kattalarga bo‘lgani singari, inson va jamiyatga, tabiatga daxldor barcha mavzularda ijod etish mumkin. Bu farqli xususiyat mohiyatini A.A.Makarenko bolalar uchun yozayotganda nima haqda yozish emas, balki qanday qilib yozishning muhimligida, deb ko‘rsatgan edi. Shu jihatdan kattalar turmushining murakkab qirralarini ifodalovchi maishiy hayot mavzusida Q.Muhammadiyning bolalarbop qilib yozilgan “Qo‘ng‘izoy bilan Sichqonboy” she’riy adabiy ertagi bu fikrga asos bo‘la oladi. Bu asar 1940-yilda yozilgan bo‘lib, dastlab “Mushtum” jurnalida “Qo‘ng‘iz bikach bilan Sichqonboy” nomi ostida bosilib chiqqan. Asar uchun tanlangan voqelik, muammo, g‘oya kattalar hayotiga to‘g‘ri kelsa-da, ammo u allegorik obrazlar vositasida tasvirlangani bolalarbop mohiyat kasb etgan.
Bolalar adabiyoti tarbiya quroli sifatida kichkintoylarga bilim berish vazifasini ham bajaradi, ularning qiziqishlari doirasini kengaytiradi. Garchi u “kattalar”- ijod ahli tomonidan yaratilsa-da, bolalar olamini bolalarga xos nuqtayi nazardan badiiy tadqiq qiladi. Bolalar adabiyotining bosh xususiyati ham ana shunda: narsa- hodisalarga bolalar ko‘zi bilan qaray bilish, ularni bolalarcha idrok eta bilish, ularga bolalarcha munosabat ko ‘rsata olish hamda ulardan bolalarcha hayratlanishda. Bolalarni onalaridan yaxshiroq tarbiyalaydigan odam yo‘q, chunki ular bolalar his qilgan narsani his etadilar, ular bilan birga kuladilar, yig‘laydilar. Bunday ijodiy fazilat nafaqat bolalar adabiyotiga, balki uning bunyodkorlariga ham xos xususiyat bo‘lib, har qanday yozuvchiga ham nasib qilavermaydi. Buni chuqur his etgani bois K.I.Chukovskiy: “Bolalar - bizning ustozimiz”,- deya iqror bo'lgan edi.3 Chindan ham bolalarni ustoz darajasida anglamoq - bu, avvalo, ularga yuksak ehtirom ko‘rsatmoq, ularning xarakterlarini, qiziqish va intilishlarini, kishilarga, narsa va hodisalarga munosabatlarini, quvonch va iztiroblarini sinchkovlik bilan o‘rganmoq, ayni zamonda shu jarayonni bolalarcha his etish, idrok qilish asosida ular uslubiga muvofiqlashtirish, badiiyat sintezidan o‘tkazmoqdan iborat san’atkorlikdir. Rost, inson ulg‘aygani sari o‘z bolaligidan uzoqlashadi, bolalik tabiatidagi xususiyatlarni yo‘qota boradi. Biroq bolalar yozuvchisi bundan mustasno; u inson sifatida har qancha ulg‘aymasin, baribir, bolalik tabiatini saqlab qolmog‘i, uni tobora teranlashtirmog‘i, bolalarcha sinchkov va qiziqsinuvchi bo‘lib, ular ko‘ngliga yo‘l topmog‘i, ruhiy dunyosiga kira bilmog‘i shart. Shundagina u chinakkam bolalar yozuvchisiga aylana oladi.
Insonshunoslik adabiyotning bosh masalasi ekan, bolalar adabiyoti ham shu makon va zamondan ayri rivojlanmaydi. Jamiyat taraqqiyotida ro‘y berayotgan buyuk o‘zgarishlar, tarixiy hodisalar, kishilar ruhiyatidagi evrilishlarkichkintoylar adabiyotida ham zuhur topadi. Shunday ekan, bolalar adabiyotining uzoq yoki yaqin o‘tmishidagi o‘ziga xosliklar hozirgi adabiy jarayonda bir muncha yangilanishi tabiiy. Chunki har bir davr o‘z adabiyoti oldiga eng dolzarb va g‘oyat muhim talablarni qo‘yadi. Shu ma’noda, o‘tgan asrboshlarida bolalar adabiyotining tarbiyaga xizmat qilishi, xalq bolalarini bilimli, ma’rifatli qilishga da’vat etishi, ularning qoloq maishiy hayotini ko‘rsatib berishi asosiy mezon qilib belgilangan bo‘lsa, sho‘ro mafkurasi davrida asosan, “baxtiyor yosh avlod” obrazini tarannum qilish bosh yo‘nalish kasb etdi. Qahramon ruhiyatini ochish, bolalar va o‘smirlikdagina kechadigan tuyg‘ular, murakkab ruhiy holatlarning badiiy tasviri juda kam asarlarda ko‘zga tashlandi. Bolalar adabiyotidagi pedagogik talablar uning so‘z san’ati sifatidagi badiiy ijod o‘zanlariga band soldi. Faqat o‘tgan asrning so‘nggi choragi, aniqrog‘i, 80-yillardan boshlab bolalar adabiyoti yakranglikdan qutula boshladi. Istiqlol arafasi va mustaqillik yillaridagina bolalar adabiyoti mavzu va qahramon, shakl va mazmun, janrlar xilma-xilligi jihatidan sezilarli darajada o‘zgardi. Binobarin, o‘zbek bolalar adabiyoti o‘z taraqqiyotida umumadabiyotga mushtarak va farqli xususiyatlarga hamohang tarzda rivojlandi.
Binobarin, bolalar adabiyoti tabiat va jamiyatdagi barcha mavzularda ijod etish jihatdan umumadabiyotga yaqin, “qanday qilib yozish muhim ”ligi esa uning o‘ziga xos jihatidir. Bu tarixiy tasnif mohiyati ayniqsa istiqlol davri bolalar adabiyotida yorqin ko‘zga tashlanadi. Aytaylik, E.Malikning “Shaytonvachchaning nayranglari” ma’rifiy qissasida mustaqillik tufayli bolalar adabiyotiga xalq pedagogikasi, milliy ta’lim-tarbiya asoslarining singdirilishi, shu bilan birga asarda jamiyat va mamlakat taraqqiyotiga salbiy ta’sir etuvchi ijtimoiy hodisalarning obrazli tasviri namoyon bo'lishi ahamiyatlidir.
G‘afur G‘ulomning “Shum bola” asari o'tgan asrning 30-yillarida yozilgan bo'lsa ham u haqda “Qilichning damida yurib yaratilgan san’at mo‘jisasidir” (A.Rasulov) deyilishida istiqlol mafkurasining ta’siri yaqqol seziladi. Zero, yaratilgan chinakam badiiy asarlar zamonlar osha navqiron avlodlarga ham yangicha estetik zavq bilan xizmat qilaveradiki, bunday asarlar yosh kitobxonni aslo befarq qoldirmaydi.
Bolalar adabiyotining ikki yo‘nalishli adabiyot ekanligi hodisaning muhim xususiyatlaridan. Chindan-da, u bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallangani uchun, avvalo shularning adabiyoti, ayni paytda san’at asari bo‘lgani bois kattalarning ham diqqatini tortishi tabiiy. Adabiy ertak yozish an’anasini boshlab bergan va uni cho‘qqiga ko‘targan X.K.Andersen shuni nazarda tutib yozgan edi: “Men nafaqat bolalar uchun, balki kattalar uchun yozayotganimni har doim esda tutaman. Bolalarni ertaklarning fabulasi ko‘proq qiziqtirsa, kattalarni ularga singdirilgan g‘oya qiziqtiradi”.5 Darhaqiqat, Sharl Perroning mashhur “Qizil shapkacha” ertagi har qancha sodda va quvnoq sujet asosida qurilgan bo‘lmasin, ham bolalarni, ham kattalarni qiziqtirgani holda unda ifodalangan “Qizil shapkacha”li go‘zallarni (qizil shapkacha - go‘zallik ramzi, unda fransuz qizlarining umumlashma obrazlari ko‘zda tutilgan) fransuz burjuaziyasining shahvoniyatparastligidan (Bo‘ri qiyofasida fahshga mukkasidan ketgan burjuylar ko‘zda tutilgan) ogohlantiri shdan iborat g‘oyani faqat asar ijod etilgan tarixiy davr mantiqid an uqa olgan kattalargina ilg‘ashlari mumkin. Shuningdek, Hamza Hakimzoda Niyoziyning “Yengil adabiyot” darsligida keltirilgan “To‘g‘ri so‘zli bola” she’ri rostgo‘y bolaning ibrati ifodasi tarzida taassurot qoldiradi. Ammo, “Meni - deb yozadi adabiyotshunos A.Rasulov, - she’rdagi o‘zga masala jalb etdi. Bolaning yo‘lini to‘sgan, qaddi qomati kelishgan, tasavvurimcha, bashang kiyingan ikki kishi kim edi? Nega ular pul berib yolg‘on sotib olmoqchi bo‘ldilar? Qolaversa, iste’dodli Hamzada yolg'onfurushlar qiyofasini yaratish fikri qachon, qanday paydo bo'ldi? Olim masalaning shu tomoniga e’tibor qaratgani holda, she’rdagi yangi mazmunni inkishof etadi: XX asrda mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida yolg‘onning urchib ketgani, yolg‘on inqiloblar, yolg‘onni suv qilib ichib yuborgan “dohiylar”, yer kurrasining oltidan birida barpo etilajak jannat haqidagi uydirmalar... xullas, oxiri sarob “izm”lar munaqqidni mushohadaga undaydi. Ya’ni, bolalar uchun yozilgan maktab darsligidagi mazkur she’r ham aslida dolzarb ijtimoiy-siyosiy mazmun ahamiyat kasb etgani anglashiladi.
II.BOB. ISTIQLOL DAVRI BOLALAR ADABIYOTI NAMOYONDALARI
2.1. Hamza Imonberdiyev
Hamza Imonberdiyev (1954-1997) shu ma’noda o'zbek bolalar adabiyoti rivojiga hissa qo'shgan shoirlardan. U uzoq yillar "Tong yulduzi" gazetasida, so'ngra, 1986-yildan umrining so'nggi damlarigacha "Cho'lpon" bolalar nashriyotida faoliyat ko'rsatgan. Uning turli yillarda nashr qilingan "Quvnoqlar quvonchi", "Shokoladxo'rlar", "G'aroyib pufak", "Kulgi shaharchasi", "Oydagi tomosha", "Lofchilar - aldoqchilar", "G'aroyibkent hangomalari", "Bir kunlik mo’jiza" singari she’riy va nasriy to'plamlari bolalar kitobxonligida shuhrat qozongan. Shoir she’rlarida bolalarning xarakter-xususiyati, orzu-o'ylari aks etgan. Masalan, "Bir so'z" she’rida Loladan astoydil ranjigan, unga birgina "shaddod" degan so'zi uchun "badbashara", "xumbosh" kabi yomon so'zlarni eshitganidan arazlab, boshqa o'rtoq topishga ahd qilgan bola timsoli gavdalanadi. "Urishqoqlar"da esa o'g'il bolalar ko'proq o'ynaydigan "urush-urush" o'yini manzarasi chizib berilgan. Ayniqsa, qo'lda yog'och-avtomat bilan kalishlardan esa granata o'rnida foydalanishlari, bir-birlarini poylab turib, "o'q" uzishlari bolalar tilidan mardona hikoya qilinadi.
- Paq-puq, otdim, yiqil,- deb.
Dushman tan olmas:- O'qing Qiyshiq ketdi,-nuqul deb.
Hamma bola o'yinda "Jang" qiziydi tobora...
Zero, o'zbek bolalar adabiyoti mustaqil O'zbekistonning kelajagini yaratuvchi yosh avlod tarbiyasiga mas’ul ekan, farzandlarimizning erksevar, mard, komil insonlar bo'lib yetishuvi yo'lida doimo baland pardalarda yangramog'i kerak. Toki ijodkorlarimizning har bir asari yosh kitobxon qalbida ezgulik, insoniylikning bir niholi ildiz otishiga xizmat qilsin. Ushbu she’r, dastavval, ana shu jihati bilan e’tiborga loyiq. Chunki, ona burgut polaponi qalbiga "ushbu tog'- tosh, osmonning hukmdori bo'lnb o'sish"ni go'dakligidan alla bilan singdirayotganligi sababli burgutcha hatto tushida ham keng samoni to'ldirib charx uradi. Xuddi shuningdek, mustaqil ona yurtimizning kelajagi bo'lmish farzandlarimiz ham bolalikdan o'zlarining shu aziz Vatan egalari, uning baxt- saodatini, porloq kelajagini yaratuvchilar ekanliklariga komil ishonch ruhida tarbiyalanmoqlari lozim.
Bular - masalaning ijtimoiy, ilmiy va amaliy jihatlari. Biroq muammoning ahamiyati bulardan kam bo'lmagan badiiy-estetik jihati ham mavjud. Zero, she’riyat bolalar uchun beg'ubor go'zallik, mehribon va talabchan murabbiydir. She'riyatga oshno qalblar go'zallikni his qiladi, zavq oladi, bunday qalbning o'zi ham go'zal bo'ladi. Ana shu ma’noda ushbu she’r hayotga endigina qadam qo'yib kelayotgan yosh avlodning pok qalbini go'zallik nuri bilan munavvar qiladi, bu beg'ubor qalblarga ezgulik urug'ini sochadi, ularni go'zal ona Vatanimizning porloq kelajagini yaratuvchi tom ma’nodagi go'zal Insonlar qilib tarbiyalashdek mas’uliyatli ishga o'zining xolis hissasini qo'shadi.
H.Imonberdiyev she’rlari qahramonlari haqida gap ketar ekan, ular safi rang- barangligini qayd etish kerak. Bu qahramonlar orasida do'stining imtihondan o'tishiga "yordam" beradigan Toshmatday "mehribon" "Vohay bola"chilar ham, Ali-Valiga o'xshash lofchilar ham, hayotga jiddiy boqadigan, o'z o'rni, insoniy qadr-qimmatini hamma narsadan ustun qo'yadigan, qadri uchun noteng kurashdan ham qaytmaydigan G'anichaga o'xshashlari, biroz hazilkashroq, ozgina shirinlikka o'chroq, ozgina o'yinqaroqroq, ozgina yalqovroq bolakaylar ham yosh kitobxonlarga begona emas, bu "qahramon"lar qiyofasida ular darrov o'zlarini tanib oladi.
Ular orasida "O'jarlar" turkumining qahramoni G'anicha va "G'alati Omon" turkumidagi Omonni alohida tilga olish joiz. G'anining jussasi kichikligi, zaifligi uchun ismiga kichraytiruvchi "cha" qo'shimchasi qo'shilgan. Biroq shunisi qiziqki, qishloq bolalari zo'ravon, "qishloqning shefi" deb nom chiqargan Sanjarni ko'rishlari bilan tumtaraqay bo'lib ketishsa, o'jar G'anicha tap tortmay turaveradi, Sanjar uni har qancha kaltaklasa ham, suvga pishsa ham cho'miladigan joydan ketmaydi. Chunki u cho'miladigan joy birgina zo'ravon Sanjarga emas, barcha bolalarga tegishli deb hisoblaydi. Qo'y boqishga chiqqanlarida bolalarning barchasi navbatma-navbat Sanjarning qo'ylarini boqishsa, ushoqqina G'anicha Sanjarga xizmatkor bo'lishni istamaydi va o'jarligi uchun yana Sanjardan kaltak yeydi. Hamqishloqlari har qancha "bu yo'lingdan qayt, bo'lmasa kaltak tagida mayib bo'lib ketasan" deyishsa-da, u yo'lidan qaytmaydi, haqiqat yo'lida, insoniy qadr-qimmat yo'lida o'zidan kuchli raqib bilan ham tinmay mushtlashaveradi:
Navbatdagi haqorat Toshi otilgan payti,
G'anidagi jasorat Iziga ketdi qaytib.
"Menga nima olishib,
Hech biri olmas yonim.
Nima azob solishib Og'ritib shirin jonim.
Itligin qo'ymas anu,
Qancha yonmay, kuyinmay..."
Shu choq diliga qo'rquv Bosib keldi quyunday.
Ushbu she’rda shoir qahramoni xarakterini, fe’l-atvorini ancha jonli yaratishga erishgan. Shuncha voqealar bo'lib o'tganida G'anichaga "o'jarligingni qo'y, kaltak yeb mayib bo'lib ketasan" deb "maslahat" berishgagina yaragan, haqiqatning yonini olishga botinmagan, joni ko'ziga aziz ko'ringan bolalar oxirida G'anichaga hech so'z demay, tikilib qoladilar. Aslida ham so'zga o'rin yo'q. Chunki haqiqat egilishi, bukilishi, haqoratlanishi mumkin, biroq sinib, yo'q bo'lib ketmaydi. Shu boisdan ushoqqina haqiqatning oxir-oqibat g'olib chiqishi tabiiy va u aslida, katta haqiqatga yo'l ochadi. Shu ma’noda bu she’r katta ijtimoiy-ma’rifiy ahamiyat kasb etadi: millionlab kilometr masofadan kelayotgan bir tutam nur yo'limizni yoritgani singari ushbu kichkinagina haqiqat ham qalblarga chiroq yoqadi. H.Imonberdiyev esa yuqoridagi singari adabiy obrazlari bilan "bugungi bolalar adabiyotimizning qahramoni kim bo'lishi kerak?",- degan savolga ham amaliy javob beradi.
"Lofchilar-aldoqchilar" she’rida esa mutlaqo boshqacha tabiatga ega xushchaqchaq bolakaylar bilan uchrashasiz, ularning beg'ubor loflarini maza qilib tinglaysiz:
Ali, Vali lofchilar - Xushchaqchaq aldoqchilar Rosa lofni urishar.
Ko'pikdan uy qurishar,
Maza qilib kulishar.
Ali debdi: - Vali, kel,
Rasmimga baho ber.
Qushcha chizdim ajoyib,
Ajoyibu g'aroyib.
Ana u don yeyapti,
Ushbu satrlarni o'qish bilan har bir kishining ko'z o'ngida o'z yoshligi "yarq" etib namoyon bo'lishi turgan gap. Chunki deyarli har bir yosh bola, aslida, ana shunday ozgina lofchiroq, ozgina aldoqchiroq, ozgina vahimachiroq bo'lishi turgan gap. Shu bois ham yosh bolaning beg'ubor nigohi oddiygina tol chiviqdan chopqir duldul ot, oyoq botmas ko'lmakdan bepoyon ummon yaratadi va aslida, olamshumul kashfiyotlar ham ana shu beg'ubor nigoh mahsulidir. Shu sababli bu loflar-yolg'onlar ham kitobxonga zarracha malol kelmaydigan, bolakaylarning had-hudud bilmas xayolot olami bilan oshno qiladigan g'aroyib topilmalar sifatida Sizni beixtiyor ishontiradi, o'sha oppoq qog'ozda hozirgina don yeb yurgan qushchaning oyoq izlarini ko'rasiz
Bola tasavvuri, tafakkuri aynan shunday fikrlashga moyil. Zotan, she’r jonli tasvir asosida yaratilgan.
Umuman, H.Imonberdiyev she’rlarida fikr ustuvor, g'oya dolzarb, tasvir hayotiy. Uning qator ertak-dostonlarida esa bahodirlik, mardlik motivlari kuylanadiki bu Sor burgutning o'z polaponini uchishga o'rgatishda baland qoyalardan pastga otib yuborishi orqali yanada yorqinroq aks etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |