TURKIY TILLAR LEKSIKASI
Asosiy tushunchalar: leksika, leksema, semantika, semantik o‘zgarishlar, semantik kengayish, semantik torayish, o‘z qatlam, o‘zlashgan qatlam, turkiy so‘zlar, forscha-tojikcha so‘zlar, arabcha so‘zlar.
Turkiy tillarni bir til oilasiga birlashtiruvchi va boshqa til oilalaridan farqlovchi xususiyatlardan biri leksik tarkibning bir-biriga yaqinligi hamda grammatik qurilishning mushtarakligidir. Shuning uchun chuvash va yoqut tillaridan boshqa hamma turkiy tillar bir-biriga tushunarlidir.
Tildagi barcha so‘zlar uning lug‘at boyligini tashkil etadi. Tilning lug‘at boyligi ikki manba – ichki va tashqi manba orqali ortib boradi. Boshqa tillardan so‘z olish natijasida turkiy tillarda ham o‘z qatlam va o‘zlashgan qatlam farqlanadi.
O‘z qatlam. O‘z qatlamga turkiy tillarga oid, shuningdek, turkiy tillar uchun umumiy bo‘lgan so‘zlar kiradi. Turkiy tillar lug‘at tarkibida umumturkiy so‘zlar asosiy miqdorni tashkil etadi: tosh, tog‘, yer, bosh, suv, til, qo‘l, kishi, bola; oq, qora, qizil, ko‘k, sariq, yashil, yaxshi, yomon; bir, ikki, uch, besh, olti, yetti, yuz, ming: men, sen, u, biz, siz, bu, shu; kel, ol, bor, tur, qara; ildam, erta, indin, ilgari.
Turkiy tillarning bevosita o‘ziniki bo‘lgan qatlam tilning ichki imkoniyatlari asosida hosil bo‘lgan so‘zlardan iborat. Bunda uch holat kuzatiladi:
1) asli turkiy so‘zlardan shu tildagi affikslar yordamida yasalgan so‘zlar: qatnashchi, terimchi, og‘machi, birlashma;
2) boshqa tildan o‘zlashgan so‘zlarga turkiy qo‘shimcha qo‘shilishi natijasida hosil bo‘lgan so‘zlar:
a) arabcha so‘zlardan: aqlli, mashhurlik;
b) forscha- tojikcha so‘zlardan: mardlik, go‘shtli;
d) ruscha-baynalmilal so‘zlardan: limonli, sportchi.
3) o‘zlashgan so‘zga o‘zlashgan qo‘shimchani qo‘shish natijasida hosil bo‘lgan so‘zlar ham ichki imkoniyat asosida yasalgan so‘z hisoblanadi: kitobxon, doimiy, adabiyotshunos.
Turkiy tillar leksikasining umumiy xususiyatlari quyidagicha:
1. O‘zak aksariyat o‘rinlarda сv (undosh + unli) qolipida bo‘ladi.
2. Turkiy so‘zlarda ot-fe’l omonimligi ko‘p uchraydi: to‘y, tut, yoz.
Turkiy tillarda omonimiyani yuzaga keltiruvchi hodisa – qadimgi turkiy til so‘zlariga xos turkum sinkretizmi o‘z ifodasini topgan. E.V.Sevortyan tomonidan “fe’l-ot asoslar” deb nomlangan bu hodisa turkiy tillarning boshlang‘ich taraqqiyot bosqichlarida bir bo‘g‘inli leksik asosning ayni bir lug‘aviy ma’noga ega bo‘lgani holda ism sifatida ham, fe’l sifatida ham ishlatilishini ifoda etadi. E.V.Sevortyan o‘z qarashlarida “fe’l-ot omonimligi”, “fe’l-ot omoformalar” terminlarini qo‘llagan. Shu bilan bir qatorda, bu hodisani “leksik-morfologik sinkretizm” deb qarash to‘g‘riroq ekanligini e’tirof etgan.1 Hozirgi o‘zbek tilidagi yoz, tut, shish, to‘y kabi so‘zlarda turkum sinkretizmi xususiyatlari namoyon bo‘ladi.
3.Turkiy so‘zlarda tarixiy fonetik o‘zgarishlar sezilib turadi: yiğoč-yağač; jil-yil, jilan-yilan -ilan; sal jilmoq-siljimoq.
4.Tana a’zolari nomlari, asosan, turkiy qatlamga oid: kӧz, quloq, til, baš, qaš.
5.Tub fe’llar turkiy hisoblanadi: ber, bil, qač, kir, qoy, tol, bur, ayt.
6.Sonlar (beš, yetti), olmoshlar (men, siz) turkiy qatlamga mansubdir.
7.Turkiy tillarda so‘z tartibi quyidagicha:
asos+so‘z yasovchi+lug‘aviy shakl yasovchi+sintaktik shakl yasovchi qo‘shimcha.
qo‘y + chi + lar + imiz
Qadimgi turkiy til davri turkiy tillarning umumtaraqqiyot bosqichiga xos xususiyatlarning to‘laligicha namoyon bo‘lishi bilan xarakterlanadi. Bu davr tiliga oid tadqiqotlarda turkiy tillarning fonetik, leksik, grammatik taraqqiyotiga xos umumiy jihatlarning kuzatilishi qayd etilgan.2 XV asrning leksik xususiyatlari aks etgan nomalarda qadimgi turkiy tilga mansub bir qator so‘zlarning mavjudligi kuzatiladi.3 Navoiy asarlarida 1400ga yaqin qadimgi va eski turkiy til so‘zlari qo‘llangan.4 “Boburnoma”da qadimgi turkiy til davrida keng iste’molda bo‘lgan 1700dan ortiq umumturkiy so‘z uchraydi. Eski turkiy til va eski o‘zbek tili harbiy leksikasining semantik-funksional, tarixiy-etimologik, struktur-grammatik tahlili ko‘pgina harbiy terminlar XI–XV asrda arabcha, forscha-tojikcha, ayniqsa, mo‘g‘ulcha o‘zlashmalar bilan ifodalana boshlaganini ko‘rsatsa-da, eski o‘zbek adabiy tili harbiy leksikasi asosini qadimgi turkiy so‘zlar tashkil etgan. Eski o‘zbek tili manbalariga doir tadqiqotlar ham shu fikrni tasdiqlaydi. XI–XIV asrlarda yaratilgan qo‘lyozma manbalar tilida iste’mol qilingan 700ga yaqin ijtimoiy-siyosiy terminlarning 640dan ortig‘i Navoiy asarlarida kuzatilishi ta’kidlangan.5 Qadimgi turkiy til olmoshlari ayrim fonetik o‘zgarishlar bilan eski o‘zbek adabiy tilida saqlangan.6 Qadimgi turkiy til so‘zlarining aksariyati eski o‘zbek adabiy tili davrida hech qanday o‘zgarishlarsiz, ayrimlari fonetik yoki semantik o‘zgarishlar bilan qo‘llangan.7
Qadimgi turkiy tilga xos xususiyatlarning hozirgi turkiy tillarda kuzatilishi tadqiqotlarda qayd etilgan.8 A.M.Sherbak, E.Tenishev, A.Pokrovskaya, N.Gadjiyeva, A.Koklyanova, F.Is’hoqov, A.Yuldashevlarning izlanishlari qadimgi turkiy til davriga xos so‘zlarning hozirgi turkiy tillarda nomlash (ot), ifodalash (harakat –fe’l), ko‘rsatish (olmosh), belgilash (sifat) vazifalarida ishlatilayotganligini ko‘rsatadi. Turk xoqonligi davriga xos so‘zlarning asosiy qismi hozirgi turkiy tillarda qo‘llanadi.9 E.Begmatov DTSga tayangan holda, qadimgi turkiy tilga xos 2500 dan ortiq so‘zning hozirgi o‘zbek adabiy tilida qo‘llanishini ta’kidlaydi. Bu so‘zlar turli yo‘nalishdagi tushuncha ifodalari bo‘lib, yigirmaga yaqin leksik-semantik guruhga mansubdir.10 Ijtimoiy sohaning turli ko‘rinishlariga oid tushunchalarni ifodalovchi qadimgi so‘zlar hozirgi turkiy tillarda ishlatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |