9-MAVZU.SANOAT MAJMUASI
reja:
9.1. Sanoat majmuasining tavsifi va tuzilishi
9.2. Milliy iqtisodiyotda sanoatning o‘rni
9.3. Milliy sanoatning rivojlanish bosqichlari
9.4. Davlat sanoat siyosati va tarmoqdagi tarkibiy o‘zgarishlar
9.5. Asosiy sanoat tarmoqlarining rivojlanishi
Sanoat mamlakatning jahon xo‘jaligidagi mavqeyini belgilab beradigan va uning raqobatbardoshligini oshirishga hissa qo‘shadigan soha. Tarmoqning iqtisodiyot tarkibini takomillashtirib borishga ta’siri yuqori. Jahonning rivojlangan davlatlari ko‘pincha sanoati taraqqiy etgan davlatlardir. Chunki rivojlangan davlatlar iqtisodiy o‘sishning miqdor va sifat ko‘rsatkichlariga sanoat ishlab chiqarishini jadal rivojlantirish orqali erishgan. Sanoatning resurstalab, mehnattalab va ilm sig‘imi yuqori sohalarini bir-biriga mutanosib taraqqiy ettirish bo‘yicha bu davlatlar boy tajribaga ega.
Axborotlashgan jamiyat, bilimlar iqtisodiyoti yoki postindustrial jamiyat zamonaviy iqtisodiyotning qiyofasini tavsiflaydi. Bugungi kunda rivojlangan bozor iqtisodiyoti mamlakatlari hissasiga (ularning soni 35 dan oshadi) jahon sanoat ishlab chiqarishining 60 foizga yaqini, tayyor sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning 80 foizga yaqini, ilmiy tadqiqot ishlanmalari va yuqori texnologik mahsulotlarning qariyb 90 foizi to‘g‘ri keladi.
Sanoat majmuasining tarkibi juda murakkab bo‘lib, O‘zbekistonda bu majmua sanoat yiriklashtirilgan quyidagi 18 ta tarmoqqa bo‘linadi: elektroenergetika, yoqilg‘i sanoati, qora metallurgiya, rangli metallurgiya, kimyo va neft kimyosi, mashinasozlik va metallga ishlov berish, o‘rmon, yog‘ochni qayta ishlash va selluloza-qog‘oz sanoati, qurilish sanoati, qurilish-konstruksiyalari va detallari sanoati, oyna va chinni-fayans sanoati, yengil sanoat, oziq-ovqat sanoati, mikrobiologiya sanoati, un-yorma va aralash yem sanoati, tibbiyot uskunalari sanoati, poligrafiya sanoati.
Sanoat majmuasining rivojlanishini o‘rganishda tarmoq, hududiy va texnologik yondashuvdan foydalaniladi. Sanoatning tarmoq va hududiy tarkibidagi o‘zgarishlar bir-birini to‘ldiradi.
Sanoatlashgan mamlakatlarda tarmoq texnologik jihatdan quyidagi 4 ta guruhga ajratib ko‘rsatiladi:
1. Yuqori texnologik.
2. O‘rta darajadagi yuqori texnologik.
3. O‘rta darajadan past texnologik.
4. Texnologik darajasi past sanoat tarmoqlari.
Birinchi guruhga aerokosmonavtika, farmatsevtika, ofis texnikasi, hisoblash va kompyuter vositalari ishlab chiqarish, radio va telekommunikatsiya asbob-uskunalari ishlab chiqarish, tibbiyot, aniq va optik asbob-uskunalar ishlab chiqarish sohalari kiritiladi.
Ikkinchi guruhga, elektr asbob-uskunalari ishlab chiqarish, avtomobil dvigatellari, treylerlar va yarim treylerlar ishlab chiqarish, kimyo sanoati, temiryo‘l va boshqa transport asbob-uskunalari sanoati, mashinasozlik sanoati kiritiladi.
Uchinchi guruhga kemasozlik, plastmassa mahsulotlari ishlab chiqarish, neftni qayta ishlash hamda yadro energetikasi mahsulotlari ishlab chiqarish, nometall mineral mahsulotlari, metallurgiya mahsulotlari ishlab chiqarish kiritiladi.
So‘nggi texnologik guruhga esa, qayta ishlash sohalari, jumladan, yog‘ochni qayta ishlash, qog‘oz sanoati, poligrafiya-nashr mahsulotlari, oziq-ovqat, to‘qimachilik, tikuvchilik, terini qayta ishlash kabi tarmoqlar kiritiladi.
O‘zbekistonda sanoat majmuasi milliy iqtisodiyotning muhim tarmoqlararo majmuasi hisoblanadi. Sanoat majmuasida 100 dan ortiq sanoat tarmoqlari va yon tarmoqlari mavjud. Sanoat sohasida 43 mingdan oshiq turli miqyosdagi korxona va tashkilotlar faoliyat olib bormoqda.
Milliy iqtisodiyotning modernizatsiyalashuvi va innovatsion tarmoqlarning jadal taraqqiy etishida sanoat majmuasining o‘rni va roli salmoqlidir. O‘zbekistonda mustaqillik yillarida sanoatning texnologik tarkibi takomillashib bormoqda. Bu – farmatsevtika, ofis texnikasi, elektr asbob-uskunalari ishlab chiqarish, avtomobil dvigatellari, plastmassa mahsulotlari ishlab chiqarish, yog‘ochni qayta ishlash, qog‘oz sanoati, nashr mahsulotlari, oziq-ovqat, to‘qimachilik, tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarishda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Bugungi kunda sanoat ishlab chiqarishida yirik ishlab chiqarish birliklaridan tashqari, kichik, mikrobirliklar, yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda uy xo‘jaliklari faoliyat yuritadi.
Ishlab chiqarish kuchlarining miqyosi, tarkibiy tuzilishi hamda hududiy tashkil etilishida tarmoqning ahamiyati yuqori. Ishlab chiqarish vositalarini uzluksiz ishlab chiqarib, o‘zining sohalariga va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlariga yetkazib berganligi sababli sanoatning milliy xo‘jalik kengaytirilgan takror ishlab chiqarishidagi ta’siri hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |