Qisqacha xulosalar
1. Ijtimoiy-iqtisodiy tizim sifatida mintaqa mamlakat hududining hududiy mehnat taqsimoti jarayonida ajralib chiqqan bir qismi hisoblanadi.
2. Mintaqa u yoki bu tovar va xizmatlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashuvi, takror ishlab chiqarish jarayonining umumiyligi va boshqa hududlarga nisbatan o‘ziga xosligi, xo‘jaligining majmuaviy va yaxlit xarakterga ega ekanligi, mintaqa oldida turgan vazifalarni hal etishni ta’minlovchi boshqaruv organlarining mavjudligi bilan tavsiflanadi.
3. O‘zbekistonda mintaqalar sifatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrini ko‘rsatish mumkin. Ular davlat mintaqaviy siyosatining asosiy subyektlari hisoblanadi.
4. Iqtisodiyotni hududiy jihatdan tashkil etish hududda ishlab chiqarish va mehnatni jalb etish turlarining turli shakllarda uyg‘un holda faoliyat ko‘rsatishlariga asoslangan ishlab chiqarish kuchlari unsurlari o‘zaro ta’sirining ko‘p darajali tizimidir.
5. So‘nggi yillarda O‘zbekistonning barcha mintaqalarida barqaror o‘sish sur’atlari kuzatildi. Ayni vaqtda mintaqalarda yalpi mintaqaviy mahsulot o‘sish sur’atlarining turli darajalarda kechayotganligini kuzatish mumkin. 2016-yilda respublika yalpi ichki mahsulotining o‘sish sur’ati (107,8 foiz)dan yalpi mintaqaviy mahsulotining o‘sish sur’ati yuqori bo‘lgan mintaqalar soni 7 tani tashkil etdi: Toshkent shahri (109,6 foiz), Jizzax (109,0), Samarqand (108,7 foiz), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (108,2 foiz), Namangan (108,1 foiz), Andijon (107,9 foiz) va Buxoro viloyatlari (107,9).
6. O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining katta qismi Toshkent shahri, Toshkent, Qashqadaryo, Farg‘ona, Andijon va Samarqand viloyatlari tomonidan yaratiladi. Agar 2010-yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining 55,3 foizi ushbu mintaqalar hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2016-yilga kelib bu ko‘rsatkich 53,4 foizni tashkil etgan.
7. So‘nggi yillarda barcha mintaqalar iqtisodiyoti tarkibida ijobiy o‘zgarishlar yuz berib, u sanoat va xizmat ko‘rsatish tarmoqlari ulushining o‘sib borishi bilan tavsiflanadi. Bu sohada Toshkent shahri, Toshkent, Navoiy, Andijon viloyatlari yuqori ko‘rsatkichlarga ega.
8. O‘zbekistonda asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha mintaqalar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida sezilarli tafovutlar saqlanib qolmoqda.
9. Milliy iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida hududiy dasturlar mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish siyosatining asosiy dastaklaridan biri vazifasini o‘tamoqda. Xususan, so‘nggi yillarda Hukumat va mahalliy boshqaruv organlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, «Navoiy», «Angren», «Jizzax», «Hazorasp», «Urgut», «G‘ijduvon» va «Qo‘qon» kabi erkin iqtisodiy zonalar shaklida alohida hududlarni rivojlantirish, Xorazm va Toshkent viloyatlarida sanoat va turizmni barqaror rivojlantirish, mintaqaviy investitsiya dasturlari va boshqa maqsadli dasturlar amalga oshirildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |