21.2. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning iqtisodiyotdagi o‘rni va roli
Kichik tadbirkorlik faoliyati bozor sektori hisoblanib, bozor raqobati sharoitida iqtisodiy o‘sish sur’atlari, yalpi ichki mahsulotning tarkibi va sifat o‘zgarishini belgilab beruvchi muhim yo‘nalish hisoblanadi.
Dunyoning aksariyat mamlakatlarida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik iqtisodiyotning samarali faoliyat olib borayotgan organik tuzilmalari hisoblanadi. Chunki kichik biznes va xususiy tadbirkorlik iqtisodiyotning barcha «kapillyar tomirlari»da harakatlanadi, uni kichik miqyoslarda «oziqlantiradi».
Masalan, Yaponiyaning jahonda iqtisodiy nufuzining oshishida va yapon «mo‘jizasi»da kichik biznes hal qiluvchi rol o‘ynadi. Birgina qayta ishlash sanoatida 6,5 mln. kichik va o‘rta korxona faoliyat ko‘rsatib, ular ushbu sohadagi jami korxonalarning 99 foizini tashkil etadi. Bu korxonalarda 40 mln. dan ortiq kishi band. Bu, ish bilan band aholining 81 foizi kichik biznes korxonalarida faoliyat ko‘rsatadi demakdir.
AQSHda kichik va o‘rta biznes firmalari jami korxonalarning 99 foizini tashkil etadi. Bu firmalarning asosiy qismi kichik, mitti firmalar bo‘lib, ular oila mehnatiga asoslanadi. Jami kichik korxonalarning 80 foizida ish bilan band bo‘lganlarning soni 10 kishidan oshmaydi.
Kichik va o‘rta firmalar AQSH yalpi ichki mahsulotining 40 foizini ishlab chiqaradi. Qayta ishlash sanoatida bu ko‘rsatkich 21 foizni, qurilishda – 80, chakana savdoda – 86, xizmat ko‘rsatish sohasida – 81 foizni tashkil etadi. AQSH iqtisodiyotida ilmiy-texnika taraqqiyotiga oid barcha yangiliklarning yarmi ushbu tadbirkorlik shakliga to‘g‘ri keladi.
Kichik tadbirkorlikning afzalliklari nimadaq Nima uchun butun dunyoda ushbu tadbirkorlik shakliga alohida e’tibor beriladiq
Kichik biznes iqtisodiyotda muhim ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni bajaradi. Bu vazifalarning eng asosiylaridan biri shundan iboratki, kichik biznes jamiyatda siyosiy va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlovchi o‘rta sinfning shakllanishiga olib keladi. Har qanday jamiyatda o‘rta mulkdorlar sinfi iqtisodiyot rivojlanishida o‘ziga xos o‘rin tutadi.
Kichik va o‘rta biznesning yana bir muhim vazifasi iste’mol talabining tabaqalanishi va individuallashuvi sharoitida keng turdagi tovar va xizmatlar ishlab chiqarishni amalga oshirishidir. Bugungi kunda kichik biznes keng rivojlanmagan zamonaviy iqtisodiyotni tasavvur etib bo‘lmaydi. U, bir tomondan, qandaydir darajada yirik korxonalar bilan raqobatda bo‘ladi. Va shu nuqtayi nazardan iqtisodiyotning bozor konyunkturasi o‘zgarishlariga, moda va iste’molchilar didining tez-tez almashib turishiga, iqtisodiyotni tarkibiy jihatidan qayta qurishga yordam beradi. Ikkinchi tomondan, kichik va o‘rta korxonalarning katta qismi yirik biznes bilan hamkorlik qiladi, ularni to‘ldiradi va mustahkamlaydi, ularga xos bo‘lgan texnik konservatizmni bartaraf etishga ko‘maklashadi.
Kichik biznesning rivojlanishi bozorni iste’mol tovarlari va xizmatlari bilan to‘ldirishga, tarmoq va hududiy monopolizmga barham berishga, raqobat muhitining vujudga kelishi va kengayishiga, ilmiy-texnika natijalarini ishlab chiqarishga joriy etishga, eksport salohiyatining yuksalishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Kichik biznesning yana bir muhim xususiyati nisbatan kam sarf-xarajatlar evaziga yangi ish o‘rinlarini yaratishi va shu orqali bandlik muammosini hal etishga hissa qo‘shishi hisoblanadi. Shu bilan birga kichik biznes turli ijtimoiy guruhlar daromadlari o‘rtasidagi tafovutlarni qisqartirishga, moddiy, mehnat va moliyaviy resurslarni samaradorlik darajasi yuqori bo‘lgan sohalarga yo‘naltirishga, iqtisodiyotning turli sektorlari o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni takomillashtirishga o‘z hissasini qo‘shadi.
Kichik biznesning yana bir muhim ijtimoiy vazifasi shundan iboratki, u ijtimoiy jihatdan zaif aholi qatlamlari – ayollar, nogironlar, pensionerlar va boshqalarni ish bilan ta’minlaydi hamda ularning mehnatidan keng foydalanadi. Yosh mutaxassislarni ishlab chiqarish tajribasi bilan ta’minlaydi.
Kichik biznes korxonalarining iqtisodiyotda tutgan o‘rni va roli uning quyidagi afzalliklarida yanada yaqqolroq namoyon bo‘ladi:
– kichik tadbirkorlik bozor talabi o‘zgarishiga sezuvchan bo‘ladi. U yangi texnologiya yoki yangi mahsulot ishlab chiqarishga osonlik bilan o‘tishi mumkin. Yirik korxonalarda esa bu jarayon katta xarajatlar va ko‘p vaqt talab qiladi;
– kichik korxonalarni rivojlantirish mahalliy resurslardan keng foydalanish imkoniyatini beradi. Yirik korxonalarning bunday mayda ishlar bilan shug‘ullanishga rag‘bati yo‘q. Bu faoliyat yirik korxonalarga sezilarli daromad keltirmaydi;
– kichik korxonalarda yirik korxonalarga nisbatan boshqarish xarajatlarining ulushi ancha past bo‘ladi;
– kichik biznes korxonalari yirik sarmoyani talab qilmaydi va sarf qilingan kapitalning qoplanish muddati qisqa bo‘ladi;
– kichik biznes yangi-yangi ishchi o‘rinlarini barpo etib, ishsizlik muammosini hal qilishda muhim rol o‘ynaydi;
– kichik korxonalar jamiyatda o‘rta mulkdorlar qatlamining shakllanishiga olib keladi;
– tadbirkorlikning mazkur shakli ichki bozorni iste’mol mollari bilan to‘ldirishning asosiy omili hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |