19.3. O‘zbekistonda davlat va xususiy sektor hamkorligining me’yoriy-huquqiy asoslari
Mamlakatimizda davlat va xususiy sektor hamkorligining ayrim jihatlarini tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. O‘zbekiston Respublikasida davlat va xususiy sektor hamkorligining huquqiy asosini konsessiyalar, xususiyashtirish, tabiiy monopoliyalar, xorijiy investitsiyalarni jalb etish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari tashkil etadi. Davlat va xususiy sektor hamkorligining loyihalari konsession asosga ega bo‘lganligi uchun unda milliy konsessiya qonunchiligi katta ahamiyatga ega.
O‘zbekiston Respublikasida 1995-yilda «Konsessiyalar to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilingan. Ushbu Qonun O‘zbekiston Respublikasi hududida obyektlarni xorijiy investorlarga taqdim etishning tashkiliy, iqtisodiy va huquqiy shart-sharoitlarini tartibga soladi.
Konsessiya chet ellik investorga xo‘jalik faoliyatining muayyan turi bilan shug‘ullanish uchun davlat nomidan beriladigan ruxsatnoma bo‘lib, bu faoliyatni amalga oshirish uchun davlat chet ellik investorga konsessiya shartnomasi tuzish asosida mol-mulk, yer va yerosti uchastkalarini topshiradi.
Konsessiyachi ajratilgan yer uchastkasidan, suv resurslaridan, energiya manbalaridan, muhandislik kommunikatsiyalaridan O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq foydalanish, foydalanilayotgan hududda binolar, inshootlar, shoxobcha yo‘llar, shosselar, telegraf va telefon aloqa liniyalari qurish, mol-mulk tarkibiga uning qiymatini oshiradigan o‘zgartishlarni mustaqil kiritish, uni qayta qurish, kengaytirish, texnika bilan qayta jihozlash, o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari va xodimlarning shaxsiy ehtiyojlari uchun mol-mulk va zarur materiallar olib kirish, o‘z mol-mulkini va o‘zi ishlab chiqargan mahsulotni olib chiqib ketish va boshqa huquqlarga ega. Konsessiyachining konsessiyachilik faoliyati natijasida olgan mahsuloti va daromadlari uning mulki hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining «Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari to‘g‘risida»gi Qonunida xorijiy investorlar uchun muayyan kafolatlar taqdim etilgan. Bu – davlat va xorijiy xususiy mulkdor o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarda ishtirok etayotgan investorlar uchun kafolatlar Mahsulotlar taqsimoti haqidagi bitim (MTB)da ham keltirilgan. MTB O‘zbekiston Respublikasi mineral xomashyo resurslari konlarini aniqlashga xorijiy investitsiyalarni jalb etishning samarali mexanizmi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining 2001-yilda qabul qilingan «Mahsulot taqsimotiga oid bitimlar to‘g‘risida»gi Qonuni respublika hududida konlarni aniqlash, qidirish va foydali qazilmalarni kavlab olishga investitsiyalar kiritilganda mahsulot taqsimotiga oid bitimlarni tuzish, ijro etish va bekor qilish jarayonida yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soladi. Bu ham davlat va xususiy sektor hamkorligini kafolatlovchi muhim huquqiy asos hisoblanadi.
Qazib olingan (ishlab chiqarilgan) mahsulot davlat bilan investor o‘rtasidagi bitimga muvofiq taqsimlanishi lozim bo‘lib, bitimda:
– qazib olingan (ishlab chiqarilgan) mahsulotning umumiy hajmini va uning qiymatini aniqlash;
– qazib olingan (ishlab chiqarilgan) mahsulotning kompensatsiya mahsuloti sifatida investorga mulk qilib beriladigan qismini (shu jumladan uning eng yuqori yoki eng past miqdorini) aniqlash;
– qidirish ishlarining va yer qa’ri uchastkasini boshqacha tarzda tadqiq etishning natijalarini investorga foydalanish uchun berishga qilgan xarajatlarini qoplash uchun qazib olingan (ishlab chiqarilgan) mahsulotning davlatga beriladigan qismini aniqlash;
– foydaga qolgan mahsulotni (bunday deganda qazib olingan yoki ishlab chiqarilgan mahsulotning ushbu Qonunning qoidalariga muvofiq yerosti boyliklaridan foydalanganlik uchun to‘lovlarni to‘lashga ishlatiladigan bir qismi, kompensatsiya mahsuloti, shuningdek, davlat tomonidan qilingan xarajatlarini qoplash uchun davlatga beriladigan bir qismi chegirilganidan keyingi holati tushuniladi) taqsimlash;
– qazib olingan (ishlab chiqarilgan) mahsulotning davlatga tegishli qismini yoki shu bahodagi ekvivalentini unga berish;
– qazib olingan (ishlab chiqarilgan) mahsulotning investorga tegishli qismini yoki shu bahodagi ekvivalentini unga berish shartlari va tartibi nazarda tutilishi kerak.
Investorlar, shuningdek, ularning pudratchilari va ikkilamchi pudratchilari O‘zbekiston Respublikasida belgilangan barcha turdagi soliqlar, bitimlarda belgilangan yer qa’ri uchastkalarida izlash va qidirish ishlarini bajarish bilan bog‘liq boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan ozod qilinadilar. Investor bitimning amal qilish muddati ichida, yuqorida ko‘rsatilgan ishlar turlarini istisno etganda, qonun hujjatlariga muvofiq soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘laydi.
Davlat va xususiy sektor hamkorligining ushbu shakli O‘zbekiston Respublikasida xorijiy xususiy tadbirkorlar bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikda keng qo‘llanilmoqda.
Davlat va xususiy sektor hamkorligini tartibga solishda O‘zbekiston Respublikasining «Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida»gi va «Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida»gi qonunlari ham muhim ahamiyatga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |