19.4. Davlat va xususiy sektor hamkorligi –
fan, ta’lim, ishlab chiqarish va moliya sohalari integratsiyasining muhim omili
Jahon tajribasi shundan dalolat beradiki, bugungi kunda tug‘ma qobiliyat, umumiy va maxsus ta’lim, orttirilgan kasbiy tajriba, ijodiy salohiyat, jismoniy va ma’naviy sog‘lomlik simbiozi sifatida inson kapitali iqtisodiy rivojlanishning eng muhim omillaridan biri hisoblanadi. Ijtimoiy yo‘naltirilgan va innovatsion iqtisodiyotni shakllantirish ilmiy tadqiqot xodimlari tomonidan egallangan yangi bilimlar va ularning ishlab chiqarish jarayoniga keng tatbiq etilishiga bog‘liq. Shu munosabat bilan ta’lim sohasida davlat va xususiy sektor hamkorligini rivojlantirish bugungi kundagi dolzarb masalalardan hisoblanadi. Ta’lim sohasida bunday hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish fan, ta’lim, ishlab chiqarish va moliya sohalari integratsiyasining chuqurlashuviga olib keladi.
Mehnat bozori ehtiyojlariga muvofiq keluvchi yuqori malakali kadrlar tayyorlash esa, aynan fan, ta’lim, ishlab chiqarish va moliya sohalari integratsiyasiga yaqindan bog‘liq. Ayni vaqtda ta’lim muassasalarining alohida ish beruvchilar va mehnat bozori bilan o‘zaro aloqalari tomonlarning kompleks strategik hamkorligini taqozo etadi. Bunday hamkorlikdan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun moliyaviy, kadrlar, moddiy-texnika va boshqa resurslarni birlashtirishdan iborat.
So‘nggi yillarda bu yo‘nalishda respublikamizda qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ta’lim tizimida davlat va xususiy sektor hamkorligini yo‘lga qo‘yish quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
– korxonalarni o‘quv dasturlarini shakllantirish, mehnat bozorida yuqori talabga ega talabalarni o‘qitish va amaliyotlarini tashkil etish, ularning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish jarayonlariga jalb etish;
– turli innovatsiya yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarni amalga oshirish;
– talabalarni maqsadli tayyorlash, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun qo‘shimcha stipendiya va grantlarni moliyalashtirish;
– yosh mutaxassislarning korxonada o‘rnashib olishi va moslashishi uchun ijtimoiy va moddiy sharoitlar yaratish;
– ta’lim muassasalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ijtimoiy va maishiy infratuzilmani yaxshilash, qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish;
– ta’lim xizmatlari ko‘rsatish, talabalarning o‘quv va ishlab chiqarish amaliyotlarini tashkil etish hamda va ta’limdan keyingi ish bilan bandligini ta’minlash;
– ta’lim muassasalari faoliyatiga oid yoki qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatish (xususan, savdo, ovqatlanish, noshirlik, texnik va kompyuter xizmatlar shular jumlasidandir);
– ta’lim muassasalari faoliyatining turli sohalariga homiylik va budjetdan tashqari mablag‘larni jalb etish, texnik ko‘makni amalga oshirish;
– alohida muhofazaga muhtoj talabalarni ijtimoiy himoya qilish, iqtidorli talabalarni ma’naviy va moddiy rag‘batlantirish va boshqalar.
Ta’lim muassasalarining korxonalar bilan hamkorligi, bir tomondan, rivojlanishning istiqbolli yo‘nalishlarini hisobga olgan holda korxonalar faoliyatini kadrlar bilan ta’minlashni o‘zida aks ettirsa, ikkinchi tomondan, biznesning o‘ziga xos shakli sifatida namoyon bo‘ladi. Unda ilmiy tadqiqot loyihasi doirasida bir nechta subyektlar resurslari birlashtiriladi.
Shunday qilib, hozirgi kunda innovatsion korxonalar uchun kadrlar tayyorlash tizimini barpo etishda ikkita yo‘nalishni ko‘rib chiqish mumkin.
Birinchi yo‘nalishda ta’lim muassasasi korxonalar bilan hamkorlikda ta’lim faoliyatini amalga oshiradi. Bunda ish beruvchi mutaxassislarning kasbiy kompetensiyalarini shakllantirishda faol ishtirok etadi, korxonalar bilan birgalikda talabalarning innovatsion ta’lim traektoriyasi, kasbiy moslashuv tizimi ishlab chiqiladi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, o‘quv jarayonini amaliy jihatdan to‘ldirish ushbu yo‘nalishning o‘ziga xos xususiyati hisoblanadi. Boshqacha qilib aytganda, ushbu yo‘nalishda jamoaviy foydalanish Markazlarida o‘quv jarayonini tashkil etish, ta’lim jarayoniga loyihaviy o‘qitish usulini joriy etish, korxonalarda talabalar stajirovkalari va amaliyotlarini tashkil etish, korxonalar buyurtmasiga ko‘ra kurs ishlari, bitiruv malakaviy ishlarini tayyorlash, qo‘shma korporativ olimpiadalar o‘tkazish kabi tadbirlar amalga oshiriladi.
Individual o‘quv rejalaridan farqli o‘laroq, innovatsion ta’lim traektoriyalari nafaqat alohida talaba, balki talabalar guruhiga (3 – 6 nafar talaba) nisbatan ham qo‘llaniladi va talabalarni jamoaviy ishlashga o‘rgatadi. Bunday ta’lim traektoriyasini qo‘llash talabaga fundamental bilim olish bilan birga, ularda qo‘shimcha kasbiy va umummadaniy kompetensiyalarni, innovatsiyalarga moslashish, ijodiy yondashish qobiliyatini, loyihaviy ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish imkoniyatini yaratadi.
Ikkinchi yo‘nalish nafaqat aniq korxona uchun mutaxassis tayyorlashni o‘z ichiga qamrab oladi, balki mustaqil ravishda korxona tashkil etish qobiliyatiga ega mutaxassislarni tayyorlashga shart-sharoit yaratadi.
Bu yo‘nalish – «yangi ish beruvchilar»ni tayyorlashdir. Bu yo‘nalishni amalga oshirishda biznes-inkubatorlarning alohida rolini ta’kidlash zarur. Bunday inkubatorlarning asosiy faoliyat yo‘nalishi talabalarda tadbirkorlik kompetensiyalarini shakllantirishdan iborat. Shunday qilib, kadrlar tayyorlash sohasida tadqiqotga yo‘naltirilgan oliy o‘quv yurti faoliyatining asosiy natijasi o‘z-o‘zini rivojlantirish, voqea va jarayonlarni ilmiy va ijodiy yondashuv asosida hal etish qobiliyatiga ega bo‘lgan kreativ shaxs tashkil etadi.
Ta’lim muassasalari va korxonalar hamkorligining muhim yo‘nalishlaridan biri yuqori malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash va bu sohada birgalikdagi marketing tadqiqotlarini amalga oshirishdan iborat. Bugungi kunda ta’lim muassasalari tomonidan mustaqil ravishda mutaxassislarga bo‘lgan talab va ehtiyojni aniqlashga bo‘lgan intilish mehnat bozorida kuchli nomutanosibliklarni keltirib chiqarmoqda. Shu sababli ish beruvchilar bilan birgalikda marketing tadqiqotlarini olib borish zaruriyati yuzaga kelmoqda. Bunday tadqiqotlar mehnat bozorida shakllangan yangi tendensiyalarni hisobga olish imkoniyatini beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |