Qisqacha xulosalar
1. Raqobat bozor muhitining ajralmas tarkibiy qismi va tadbirkorlik faoliyati rivojlanishining zaruriy sharti hisoblanadi. U bozor iqtisodiyoti subyektlarining yuqori foyda olish maqsadida bir-biri bilan kurashi, o‘zaro bellashuvini o‘zida aks ettiradi.
2. Bozor tizimida quyidagi raqobat turlari mavjud: erkin raqobat, sof monopoliya, monopolistik raqobat va oligopoliya. Ular mahsulot ishlab chiqaruvchi firmalar soni, narxga ta’sir ko‘rsata olish imkoniyati, tovarlarning tabaqalashuvi va bozorga kirish (chiqish)ning murakkablik darajasi bo‘yicha bir-biridan farqlanadi.
3. Raqobat narxlar vositasida va sifat asosida yuz berishi mumkin. Narxlar vositasida raqobat narxni o‘zgartirish yo‘li bilan xaridorlarni o‘ziga jalb qilish va raqobatchisini shu yo‘l bilan bozordan siqib chiqarishga qaratiladi. Sifat asosida raqobatlashuvda raqobatlashuvchilar bozorga sifatli, chidamli, ishlatish muddati uzoq, unumdorligi yuqori tovarlar bilan qatnashish orqali xaridorlarni jalb etishga harakat qiladilar.
4. Raqobat muhiti shakllanishi uchun bir qator shart-sharoitlar mavjud bo‘lishi taqozo etiladi. Xususiy mulkning yetakchi o‘ringa ega bo‘lishi, iqtisodiy tanlov erkinligining mavjudligi, narxlarning erkin shakllanishi va boshqalar ana shular jumlasidandir.
5. O‘zbekistonda raqobat muhitini rivojlantirish, bozorlarda monopolistik holatlarning oldini olish me’yoriy-huquqiy asoslari bo‘lib O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining «Raqobat to‘g‘risida»gi, «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi, «Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida»gi va «Reklama to‘g‘risida»gi qonunlari va boshqa me’yoriy hujjatlar xizmat qiladi.
6. O‘zbekiston tovar bozorlarida ustun mavqega ega bo‘lgan holatlar va insofsiz raqobatni cheklash hamda to‘xtatib qo‘yish sohasida davlat siyosatini O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi olib boradi.
7. O‘zbekistonda mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarining amalga oshirilishi natijasida ishlab chiqarilgan mahsulotning mulk shakllari bo‘yicha tarkibida sezilarli o‘zgarishlar yuz berdi va unda nodavlat sektori ustuvor o‘ringa ega bo‘lmoqda.
8. O‘zbekistonda xo‘jalik yurituvchi subyektlar sonining o‘sib borishi mamlakatda raqobat muhiti takomillashayotganligidan dalolat beradi. Zero, bozorda qancha miqdordagi tadbirkorlik subyektlarining qatnashayotganligi undagi raqobatning ko‘lami va intensivligini belgilab beradi.
9. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda monopol korxonalar va mahsulotlar soni kamayib bormoqda. Bu esa mamlakatimizda amalga oshirilayotgan monopoliyaga qarshi faoliyat samaradorligini ko‘rsatadi.
10. O‘zbekiston Respublikasida ba’zi sohalar mamlakat qonunchiligida tabiiy monopoliya subyektlari deb belgilangan va ularning faoliyati tegishli ravishda davlat tomonidan tartibga solinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |