SHO’ROBOD. Tuman markazidan 5 km g’arbda, Sh. Hamroev nomli qishloq fuqarolar yigini hududida joylashgan. Qishloq qadimiy Qarshiyon, Undare, Urganji, Sho’robod, Xarosbon, Etimak qishloqlarini birlashtirgan. Bu qishloqlarning o’z kelib chiqish tarixi bor: Undare—arablar istilosi davrida shu manzilga (islom dinini targ’ib qilish uchun bo’lsa kerak) arablar o’nta oilani qoldirib, o’zlari shimol tomonga ketadilar. Qoldirib ketilgan 10 ta arab oilasi shu erda dastlab o’n eshikli uy qurib yashay boshlagan. Qishloq ana shundan kelib chiqib, «Un dare» (o’n eshik) deb atalgan. Keyinchalik «Undare» shaklida qo’llanib ketilgan. Qishloq amirlik tuzumi davrida ham obod qishloqlardan sanalgan. Mirolimboy degan saxiyboy haqida hali-hanuz rivoyatlar yuradi. Uning xonadonida doimo ikkita qozonda ovqat pishirilib, biri etim-esirlarga tarqatilgan. Qishloq hududida Al-Buxoriy nomli maktab, bolalar bog’chasi, un tegirmoni, savdo va madaniy-maishiy xizmat ko’rsatish shaxobchalari mavjud.
QO’RG’ON. Tuman markazidan 5 km shimolda, Tezguzar qishloq fuqarolar yig’ini hududida joylashgan. Aslida Dizqo’rg’on Uzoq vaqtlardan buyon qisqagina qilib «Qo’rg’on» deb yuritiladi. Qo’rg’on deganda esa atrofi mustaham devor bilan o’ralgan istexkom — kichik shaharcha tushuniladi. Keksalarning rivoyat qilishlariga qaraganda, haqiqatan ham bu qishloqning atrofi etti paxsa devor bilan o’ralgan bo’lib, uning ustida soqchilar turadigan bir necha xos xonalar bo’lgan.
QO’SHRABOT. Tuman markazidan 7 km sharqda, Do’rman qishloq fuqarolar yig’ini hududida joylashgan. Qo’shrabot— «qo’sh» va «rabot» so’zlaridan yasalgan. Qo’sh—juft, ikkita, qo’shaloq ma’nosini ifodalaydi. «Rabot» esa arabcha so’z bo’lib, «Savdo yo’llari ustidagi, atrofi mustahkam devor bilan o’ralgan manzil, istehkom, karvonsaroy» degan ma’noni anglatadi. Demak, Qo’shrabot qadimda savdo yo’li ustida qurilgan. Bu qishloqqa yaqin yerda Rabot qishlog’i ham bo’lgani uchun biri — Rabot, ikkinchisi esa — Qo’shrabot deb atalgan.
QO’RG’ONI VARDONZE. Tuman markazidan 10 km shimoli-g’arbda, Vardonze qishloq fuqarolar yig’ini hududida joylashgan. Qishloq 1923 yilgi qum ko’chishidan so’ng paydo bo’lgan. Ko’hna vardonzeliklar. tabiiy ofatdan qochib, turli joylarga ko’chib ketdilar. Ko’pchiligi Ko’hna Vardonzega yaqin dehqonchilik uchun qulay bo’lgan shu joyga ko’chib chiqdi. Qishloq dastlab «Jilvon», keyinroq. «XVIII parts’ezd» nomlari bilan, 1993 yildan Qo’rg’oni Vardonze nomi bilan atalib kelinmoqda. Yangi yerga ko’chib chiqqan qo’rg’onliklar dastlabki yillarda yakka dehqon xo’jaligi tarzida ish boshlaganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |