TALIPOYA. Tuman markazidan janubda joylashgan. Talipoya—arabcha: «tal»— tepa va forscha: «poy»— oyoq so’zlaridan yasalgan bo’lib, «oyoq ostidagi tepalik» demakdir. Rivoyatga ko’ra, Xoja Abduxoliq G’ijduvoniy har gal Shofirkon tomonlarga tashrif buyurganlarida, hozirgi Kavshon qishlog’ida otdan tushib, oyoq kiyimlarini echib, Talipoya kishlog’i orqali Xoja Orifdagi Jome’ masjidiga borganlar. Bu erda Xoja Abduxoliq G’ijduvoniyning otdan tushib Talipoya ustidan piyoda o’tganlariga ishora qilingan.
TALISANG. Tuman markazikdan 14 km janubi-g’arbda, Peshko’ tumani bilan chegaradosh, Sh. Hamroev nomli qishloq fuqarolar yig’ini hududida joylashgan qadimiy qishloq. Talisang — tojikcha: «tosh tepa» demakdir. Qishloqning janubida G’oyib ota mazoratining sharq tomonida tosh tepa bo’lgan (tepalik 70-yillar yo’qotilgan). Qishloq nomi ana shu tepalik nomidan olingan. Talisang qishlog’i aholisi o’zbek qavmlarining bayot urug’idan bo’lib, taxminan XVI asrda Qozog’iston hududlaridan ko’chib kelganlar. Qishloqda chorvachilik bilan bir qatorda hunarmandchilik ham rivojlangan. Duradgor ustalar: usta Sayid, usta Eshboy va usta Shukur, kulolchilikda usta Davlat va usta Xolmamatlarning dovrug’i butun Buxoroda mashhur bo’lgan. Mulla Ashurboy, Ro’ziboy amin, Qurbonniyoz doyi, To’xtashboylarning yeri, moli ko’p bo’lgan.
TALISAFED. Tuman markazidan 8 km g’arbda, Jo’ynav qishloq fuqarolar yig’ini hududida joylashgan. Talisafed — Buxoro viloyatidagi eng katta qishloqlardan biri. «Talisafed» tojikcha So’z bo’lib, «Oq tepa» demakdir. Qishloq hududida hozir ham shu nomdagi tepalik mavjud. Uning balandligi 10—12 metr, uzunligi 15—20 metr keladi. Rivoyat: Bir vaqtlar lo’lilar turli tomonlardan kelib qishloqlarni aylanib tilanchilik qilishar ekan. Ular ko’pincha yoz oylarida kelib, hozirgi Talisafed yaqiniga oq matodan chodir tikib, vaqtincha yashasharkan. U paytlarda bu erlar ko’l va sho’r yerlardan iborat bo’lgan. Keyinchalik jo’gi (lo’li)lar muqim yashab qoladilar. Ulardan so’ng pastaklar, arablar ham ko’chib kelishgan. Kunlardan bir-kuni Hazrati Xoja Jo’ybor shu erdan o’tayotib, oq chodirlarni ko’rib qolibdilar va bu makoning nomini. «Talisafed» degan ekanlar. Taqdir taqozosi bilan keyinroq bu erda Hazrati Xoja Jo’ybor ma’lum muddat yashaganlar. Yangi erlar ochib «dahyak» (o’ndan bir hissa) hisobidan dehqonlarga bo’lib bergan zkanlar. Qishloq tarkibiga Sho’robod, Talisafed, Yobusxo’r, Ko’liyo, Qassobon, Urganjiyon kabi qishloqlar kiradi. Qishloq aholisi kelib chiqishi va kasb-koriga qarab Sovungaron, Boylar, Qassoblar, Arablar, Qo’rg’onliklar, Xarrotonlarga bo’linadi. Sho’robod qishlog’ining kelib chiqishi ham Hazrati Xoja Jo’ybor nomi bilan bog’liq. G’o’yoki «Dahyak» hisobida er olgan bu erlik dehqonlar Xoja Jo’ybordan olgan hosilning bir qismini yashirgan ekan. Buni sezgan Xoja Jo’ybor «Bir o’rniga o’n mehnat qil» degan ekan. Qizig’i shundaki, hozir ham bu erlar unumdor sanalsada, nihoyatda sho’ri ko’p, mehnatni ko’p talab etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |