MAXALLASHERI. Tuman markazidan 9 km g’arbda, Jo’ynav qishloq fuqarolar yig’ini hududida joylashgan. Qishloq nomining kelib chiqishi haqida turlicha fikrlar mavjud: Emishki, qishloqning tokzorlaridan birida bir sher bolalabdi. Sher bolalari voyaga etguncha uni hech kim ko’rmagan. Ona sher o’z bolalari voyaga etib qolgach, ularni olib ketayotganida odamlar ko’rib qolibdilar. Shu-shu qishloq Mahallai sheron (Sherlar mahallasi) nomini olgan ekan.
Yana bir rivoyatda, o’tmishda Vardonze qal’asi hokimi qal’a atrofidagi erlarni o’zlashtirish uchun o’z yigitlarini yuborgan. Yigitlar yozda bola-chakalari bilan borib yangi er ochib, dehqonchilik qila boshlagan. Ular yozda dala hovlilar — kozalarda, qishda qal’a ichidagi uylarida yashar ekanlar. Keyinchalik ular o’zlari obod qilgan erda butunlay qolib ketganlar. Buni ko’rgan Vardonze hokimi «Qal’ani endi kim dushmandan qo’riqlaydi?» — deb tashvishlanibdi va yigitlarni qal’aga taklif etibdi. Chunki u paytlarda tez-tez mayda-mayda urushlar bo’lib turar ekan. Ammo yigitlar «Biz endi shu erda yashaymiz, dushman hujum qilsa senga yordam qilamiz», deyishibdi. Dushman hujum qilganda yigitlar o’z va’dalarining ustidan chiqib, kal’aga dushmanni yaqin yo’latmabdilar. Keyinchalik qal’a hokimi yigitlarning ham mehnatda, ham urushda qo’rqmas, jasur ekanliklariga ishora qilib, ular obod qilgan va yashayotgan joyni «Mahallai sheron» (mard, jasur, sher yuraklilar yashaydigan mahalla) deb atashni buyuribdi. Shundan buyon qishloq «Mahallai sheron» deb atalarkan.
Demak, har ikki rivoyatdan ham shuni anglash mumkinki, hozirgi Mahallasheri qishlog’i nomi «Mahallai sheron» so’zidan olingan ekan. Keksalarning aytyshlaricha, bu qishloq dastlab Vardonze qal’asining janubi-sharq tomonida Bibikabutpo’sh qabristoni atrofida vujudga kelgan. Qum ko’chish va boshqa sabablar bilan kishloq aholisi besh joyga ko’chgan va hozirgi joyga kelib qolgan. Ammo qishloq nomi o’zgarmagan.
RO’BALAR. Tuman markazidan 14,5 km sharqda, Denav qishloq fuqarolar yig’ini hududida joylashgan. Ro’balar — tojikcha: «ro’bahho» so’zining buzilgan shakli bo’lib, «Tulkilar» degan ma’noni bildiradi. Rivoyatlarga ko’ra, qadim zamonlarda qishloq o’rni va uning sharqi-shimolida katta to’qayzorlar bo’lgan ekan. To’qayzorda chiyabo’ri va tulki nihoyatda ko’p bo’lib, odamlarning uy hayvonlari va parrandalariga qiron keltirarkan. Shuning uchun odamlar bu to’qayzorni «Ro’bahho» deb atagan.Zamonlar o’tib to’qayzorlar o’zlashtirilib, o’rnida qishloq paydo bo’lgan, qishloq esa o’sha to’qayzor nomi bilan «Ro’bahho», keyinchalik «Ro’balar» deb atalib ketilgan
Do'stlaringiz bilan baham: |