ZARCHABEK. Tuman markazining sharqiy qismida. Shofirkon-G’ijduvon ko’hna-yo’lida joylashgan. Zarchabek (Zarchibek) «zar» — oltin, «chi» shaxs oti yasovchi qo’shimcha, «bek» — boshliq so’zlaridan olingan. Qishloqda urganji urug’i vakillari yashaydi. Zarchabek so’zining kelib chiqishi haqida xalq orasida turlicha rivoyatlar bor: Qadim zamonlarda saraton oyida shikorga chyqqan amir shu qishloq hududidagi katta hovuz bo’yida biroz dam olgan.Shunda hukmdor hovuz atrofidagi qurigan daraxtni ko’rib qoladi va uning katta bir shoxasini o’z qo’li bilan sindirib tashlaydi. Ulariing xizmatini qilib yurgan shu qishloqlik bir kishi sindirilgan daraxt shoxasini olib ariq bo’yiga suqib qo’yadi. Oradan bir necha kun o’tib hukmdor yana shu joydan o’tibdi. Ne ko’z bilan ko’rsinki, qurigan daraxt shoxasi saraton oyi bo’lishiga qaramasdan kurtak chiqarib o’sa boshlagan ekan. Hukmdor shoxani suqib qo’ygan dehqonni chaqirtiribdida: «Eringizdan zar undirsa bo’ladigan xosiyatli makon ekan», debdi va dehqonnn shu erga bek etib tayinlabdi. Unga xazinadan maosh tayinlabdi. Bek esa har yili amirlik xazinasiga xiroj to’lab turishi lozimligini aytibdi. Saroy ahli qishloq erining nihoyatda unumdorligidan kelib chiqib, bekni «Zarchibek» (tuprog’i zar erning begi) deb ataydigan bo’lishibdi.
Ikkinchi rivoyat: Chingizxon Xorazmni bosib olgach, bir necha boy xonadonlari ularning zulmidan shu tomonlarga qochgan. Ular orasida «erning tilini biladigan» donishmand chol bo’lib, u: «Qaerda qo’nim topsak ham, eri unumli bo’lsin. Shunday qilsak xor-zor bo’lmaymiz», debdi. Sheriklari ixtiyorni cholga qo’yishibdi. Chol bir qancha joyga chuqur qazdirar, uni ko’mib ko’rar, chuqurlikdan chiqqan tuproq ortib qolmasa yana yo’l yurib boshqa joydan chuqurlik qazdirar ekan. oxir-oqibat hozirgi Zarchabek qishlog’idan qazilgan chuqurlik ko’milganda tuproq ancha ortib qolibdi. Chol shu erda makon qursa bo’lishini aytibdi. Sheriklari buning sababini so’rashibdi. Shunda chol: «Qazilgan chuqurlik qaytib ko’milganda uning tuprog’i qancha ko’p ortib qolsa, er shuncha unumdor, hosildor hisoblanadi», debdi.
Shunday kilib qochoqlar shu erni makon tutibdilar. Tezda kishloqni obod etibdilar. Farovon hayot kechira boshlabdilar. Donishmand cholni esa hurmat bilan «Zarchibek», ya’ni «Bizni zar unadigan makonga keltirgan bek», atrof qishloqdagilar esa qishloqni «Zarchibekning qishlog’i», «Zarchibek qishlog’i» deb atar ekanlar. «Zarchibek» zamonlar o’tishi bilan «Zarchabek» deb ataladigan bo’libdi. Bugungi kunda qishloq Shofirkon shahri tarkibiga kirgan bo’lib, Zarchabek mahallasi deb yuritilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |