Havo transporti. O’zbekistonda 1924 yil 12 mayda uzunligi 800 km bo’lgan Toshkent-Jambul-Bishkek-Olmaota marshrutida dastlabki reys amalga oshirildi.
Aviasiyadan qishloq xo’jaligi zarakunandalariga qarshi kurashda va sanitariya maqsadlarida ham foydalaniladi.
Bugungi kunda “O’zbekiston havo yo’llari” Milliy aviakompaniyasi (MAK) Janubiy-Sharqiy Osiyo va MDHning yirik milliy aviakorxonalaridan biridir. 1992 yilda tashkil etilgan aviakompaniya jahonning 30 dan ziyod mamlakatlariga yo’lovchi va yuklar tashishni amalga oshirmoqda. “O’zbekiston havo yo’llari” MAK xalqaro, shuningdek, MDH bo’yicha reyslarda xizmat ko’rsatadigan Boeing-757/767, Airbus-310, RJ-85 zamonaviy avialaynerlar parkini muvaffaqiyatli ishlatib kelmoqda. Aviakompaniya tashkil topgan paytdan buyon xalqaro yo’nalishlar tarmog’i ancha kengaydi.
“O’zbekiston havo yo’llari” MAK Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlariga reyslarni amalga oshira borib, Markaziy Osiyoda Toshkent va Nyu-York o’rtasida bevosita aloqa o’rnatgan birinchi aviakompaniya hisoblanadi.
Zamonaviy avialaynerlar parki va O’zbekistonning qulay jug’rofiy makonda joylashganligi yuqori sifatli xizmat ko’rsatish va Yevropani Osiyo bilan bog’lash imkoniyatini beradi. Yevropalik mijozlar uchun aviakompaniya “Toshkent” xalqaro aeroportida tutashuv (tranzit) orqali Hindiston, Malayziya, Koreya, Xitoy, Yaponiya, Tailand singari ko’plab yo’nalishlarda uchish imkoniyatini bermoqda. MAK Yevropa-Osiyo va Yaqin Sharq-Osiyoga tutashuv orqali uchishdan tashqari biznesmen va turistlar uchun keng yo’nalishlar xizmatini taqdim etib, O’zbekistondan aviatashish bozoriga ham chiqmoqda.
Bugungi kunda O’zbekistonda o’n ikkita, shu jumladan, beshta xalqaro aeroport (Toshkent, Samarqand, Buxoro, Urganch va Termiz) faoliyat ko’rsatmoqda.
Poytaxt va viloyat aeroportlarida har kuni o’nlab havo kemalariga xizmat ko’rsatilmoqda. Ular uzoq va yaqin xorijiy davlatlarning 30 dan ziyod aviakompaniyalariga tegishli. Bu aviakompaniyalar - “Eyr Frans”, “Lyuftganza”, “Turk Havo Yo’llari”, “British Eyrveys”, “Aziana Eyrlaynz”, “Iran Eyr”, “O’zbekiston havo yo’llari” “Transaero”, “Aeroflot-Rossiyskiye avialinii”, “Domodedovskiye avialinii”, “Sibir”, “IMEYR”, “Altыn eyr”, “Uralskiye avialinii”, “PULKOVO”, “Aeroflot-Don”, “Tatarstan”, “Krasnoyarskiye avialinii”, “RUSAERO”, “Strimlayn OPS”, “Samara” va boshqalar. Har yili 40 dan ziyod aviakompaniya respublikamiz aeroportlariga charter reyslarini amalga oshirmoqda.
Hozirgi paytda mahalliy havo liniyasi aerovokzali har jihatdan qulay zamonaviy binosi bilan e’tiborga sazovor. Unda yo’lovchilar va yuklarni ro’yxatga oladigan yetarli miqdorda peshtaxta, bar, magazin, ma’lumotlar berish xizmati, shaharlararo telefon xonalari va boshqalar mavjud. U 1976 yilda qurilgan. O’tgan yillar davomida bu yerda ko’rsatilgan xizmatlardan o’n millionlab kishilar foydalandi. Yaqinda bajarib bo’lingan qayta ta’mirlash ishlaridan so’ng u qit’ada yirik va har jihatdan qulay aerovokzallardan biriga aylandi.
Respublikamizda yangi yirik xalqaro aeroport Uchquduqda qurila boshlandi.
Quvur transporti. O’zbekistonda dastlab uzunligi 20 km bo’lgan quvur 1908 yilda Chimyon neft konidan Oltiariq neftni qayta ishlash zavodiga tortilgan. Neft konlaridan Farg’ona va Oltiariq neftni qayta ishlash zavodlariga umumiy uzunligi 228,5 km bo’lgan quvurlar tortildi. 1994-97 yillarda uzunligi 100 km bo’lgan Ko’kdumaloq-Buxoro neftni qayta ishlash zavodi quvuri ishga tushdi. Bundan tashqari quvur transporti gaz tashish maqsadida ham ishlatilib kelinmokda.
Do'stlaringiz bilan baham: |