2. Baholarni belgilash va qo’llash to’g’risidagi qonun hujjatlari
Baholarni belgilash va qo’llash to’g’risidagi qonun hujjatlari mohiyatini tahlil qilishda bozor iqtisodiyoti sharoitida baholarni belgilashda davlatning aralashuviga faqat alohida istesnoli holatlar bo’yicha yo’l qo’yilishi nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda yondashmog’imiz lozim.
Avvalo, O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga muvofiq, «...Davlat iste’molchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-barovar muhofaza etilishini kafolatlaydi...
Mulkdor mulkiga o’z xohishicha egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi".
Bundan ko’rinib turibdiki, respublikamiz fuqarolari teng huquqlilik asosida erkin tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishlari, o’z mulklariga o’z xohishlaricha egalik qilish, undan foydalanish, tasarruf qilish huquqlariga egadirlar.
Korxona o’z mahsulotlarini, ishlarni, xizmatlarni, ishlab chiqarish chiqitlarini mustaqil yoki shartnoma asosida belgilanadigan narxlar va tariflarda sotishga haqlidir.
Bu esa bozor iqtisodiyoti sharoitida xo’jalik yurituvchi subyektlarning erkin xo’jalik faoliyati yuritishidan darak beradi.
O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga muvofiq xo’jalik yurituvchi subyektlarning tovarlar, ishlar va xizmatlarni bajarganlik uchun shartnomada ko’zda tutilgan taraflarning kelishuvi asosida haq to’lanishi belgilangan (356-m, 418, 523-m, 636, 662, 715) ya’ni tadbirkor fuqaro o’zining kontragentiga tovar (ish, xizmat) uchun xohlagan narxini belgilashi mumkin, agar bu tovar (ish, xizmat) turi uchun narx-navoni tartibga solish davlat tomonidan tartibga solinadigan baholar doirasiga kirmasa.
Ayrim hollarda taraflar baho to’g’risidagi shartni nazarda tutmasligi ham mumkin. Bunday holda tovar haqi qiyoslanadigan sharoitlarda o’xshash tovar uchun odatda belgilanadigan baho bo’yicha to’lanishi kerak.
Bozor munosabatlariga o’tish bilan bog’liq jarayonlarni yanada chuqurlashtirish, tadbirkorlik faoliyati subyektlarining erkin harakat qilishi uchun har tomonlama sharoit yaratish ularning moddiy manfaatdorligini oshirish maqsadida qator qonunlar, Prezident Farmonlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari qabul qilindi. Xususan, "Tovar bozorlarida monopolistik faoliyatni cheklash va raqobat to’g’risida»gi[5], "Xo’jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to’g’risida"gi[6] "Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to’g’risida"gi[7] Qonunlar, "Qishloq xo’jaligi sohasini iqtisodiy rag’batlantirish va erkinlik berish to’g’risida"gi Prezident Farmoni shular jumlasidandir. Bu qonun hujjatlari davlat buyurtmalarining qisqartirilishi, shartnoma munosabatlarini shakllantirib, narx-navoni erkin belgilash imkoniyatlarini yaratib bermoqda.
Respublikamizning bosqichma-bosqich bozor munosabatlariga o’tish hamda narx-navoni izchillik bilan erkinlashtirib borishni ko’zda tutgan holda ayrim turdagi ishlab-chiqarish texnik tovarlarga hamda asosiy iste’mol tovarlari hamda xizmatlarga nisbatan joriy etilishi mumkin bo’lgan baholarning eng yuqori darajasini davlat tomonidan belgilab qo’yilishi ko’zda tutildi. Chunki bularga nisbatan to’g’ridan-to’g’ri erkin narxlarni joriy etilishi axolini ijtimoiy jihatdan og’ir ahvolga olib kelib qo’yishi, respublika iqtisodiyotiga ham salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin edi.
Ana shu nuqtai nazardan «Tovar bozorlarida mnopolistik faoliyatni cheklash va raqobat to’g’risida"gi, "Tabiiy monopoliyalar to’g’risida"gi Qonunlar qabul qilindi.
Mazkur Qonunlarga muvofiq tabiiy monopoliya subyektlari doirasi ularning huquq va majburiyatlari, shuningdek ularning faoliyatlari ustidan davlat nazoratining o’rnatilishi bo’yicha asosiy qoidalar belgilangan. Qonunda tabiiy monopoliya subyektlari faoliyatida narxlarni tartibga solinish tartibi belgilangan bo’lib, unga muvofiq tovarlarga narxlar (tarif)lar belgilash uchun tabiiy monopoliya subyektlari O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibga muvofiq vakolatli organga narxlarning (tariflarning) loyihalarini hamda ular bo’yicha hisob-kitoblarni taqdim etadilar.
Tabiiy monopoliya subyektlari tovarlariga taalluqli narxlar (tarif)lar loyihalari vakolatli organ tomonidan iste’molchi mahsuloti narxlariga ularning ta’siri hisobga olingan holda bir hafta muddat ichida ko’rib chiqiladi.
Vakolatli organning narxlar (tariflar) bo’yicha qarori tabiiy monopoliya subyektlari tomonidan o’n besh kun avval ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
Shu bilan birga tabiiy monopoliya subyektlari faoliyatida iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish maqsadida muayyan cheklashliklar ham belgilangan. Xususan, tovarlar, xizmatlar va ishlar uchun vakolatli organ belgilagan miqdordan ortiq haq olish,... tabiiy monopoliya subyektlarining tovarlari iste’molchilarini kamsitishiga yoxud iste’molchilardan belgilangan narxlar (tariflar)da hisobga olinmagan haq undirish hisobiga daromad olishga olib keladigan boshqacha hatti-harakatlarni sodir etish man etiladi.
Baholarni belgilash va qo’llash to’g’risidagi qonunlar ichida "Baholash faoliyati to’g’risidagi" Qonun alohida ahamiyatga ega bo’lib, u baholash faoliyatini amalga oshirish bilan bog’liq bo’lgan munosabatlarni tartibga soladi[8].
Bu Qonun avvalo baholash faoliyatiga tushuncha berib, baholovchining baholash obyekti qiymatini aniqlashga qaratilgan faoliyati ekanligini e’tirof etiladi.
Baholash faoliyati lisenziya asosidagina amalga oshiriladi.
Qonun baholash obyekti doirasini, baholash obyekt qiymatining turlarini, baholash standartlari, baholashni o’tkazish asoslari, baho lovchining huquq va majburiyatlari, javobgarliklari, nizolarni hal etish tartibini qat’i belgilab qo’ygan.
Baholarni belgilash va qo’llash to’g’risidagi qonun hujjatlari ichida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan chiqarilgan Farmonlar alohida ahamiyatga ega bo’lib, ularga misol tariqasida "O’zbekiston Respublikasida moliya organlarini boshqarish tashkiliy tuzilmasini va narx belgilash tizimini takomillashtirish to’g’risida»; «Qishloq xo’jaligi sohasini iqtisodiy rag’batlantirish va erkinlik berish to’g’risida»gi (1994 yil 22 avgust); "Eksport mahsuloti ishlab chiqirishni rag’batlantirish borasidagi qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida", "Boshoqli don ekinlarining xarid narxlarini oshirish to’g’risida", "Respublikada dori- darmonlarni sotishni tartibga solish to’g’risida»gi Prezidentimiz Farmonlarini keltirishimiz mumkin. Bu Farmonlar, avvalo, qonunchiligimizni to’ldirish hamda amalda qo’llanilishi mexanizmini yo’lga qo’yish, iqtisodiyotimizni bosqichma bosqich erkinlashtira borish, hisob-kitob, soliq to’lash mexanizmini takomillashtirish bilan bog’liq muammolarni hal qilishga qaratilgandir.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan qarorlar ham aynan ana shu vazifalarni hal qilishga qaratilgan bo’lib, ular jumlasiga quyidagi qarorlarni ko’rsatib o’tish mumkin: "O’zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo’mitasi faoliyatini tashkil etish to’g’risida", "Iste’mol tovarlari bilan ulgurji va chakana savdo qilishni tartibga solishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida", "Birja va yarmarka savdosi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to’g’risida"gi qarorlar.
Demak, baholarni belgilash va qo’llash to’g’risidagi yuqorida qayd etilgan normativ hujjatlar respublikamizda iste’mol bozorlarida muvozanatning saqlanishiga va barqarorlikning ta’minlanishiga, aholining ijtimoiy muhofazasiga qaratilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |