Tovarlar, ishlar va xizmatlarga baholarning o’rnatilishi va qo’llanilishining davlat tomonidan tartibga solinishi
Reja:
1. Tovarlar, ishlar va xizmatlar uchun baholarning ahamiyati va vazifasi.
2. Baholarni belgilash va qo’llash to’g’risidagi qonun hujjatlari
3. Baho intizomiga rioya qilish yuzasidan tekshirish olib boruvchi davlat boshqaruv idoralari
4. Tadbirkorlik faoliyati sohasida qo’llaniladigan baholarning turlari
5. Narx-navoni belgilashda tadbirkorlarning huquq va burchlari.
6. Davlat narx-navo intizomini buzganlik uchun tadbirkorlarning javobgarligi.
1. Tovarlar, ishlar va xizmatlar uchun baholarning ahamiyati va vazifasi.
Bozor munosabatlari shakllanib borishida xo’jalik yurituvchi subyektlarning mustaqilligini ta’minlash eng dolzarb masalalardan biri bo’lib hisoblanadi. Shuning uchun ham O’zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan keyingi yillarda qabul qilgan qonunlarining aksariyati aynan shu muammoni hal qilishga qaratildi va natijada turli mulk shakllariga asoslangan korxonalar tovar ishlab chiqarishda, ishlarni bajarishda, xizmatlar ko’rsatishda xo’jalik faoliyatini amalga oshirish jarayonining ko’pgina yo’nalishlarini mustaqil amalga oshirish imkoniyatga ega bo’la boshladi.
Xo’jalik yurituvchi subyektlar turli mulk shakllari asosida huquqiy munosabatga kirishib, alohida bir qoidalarga emas, balki, ya’ni o’zga shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini buzmaslik va "O’z mol-mulkiga nisbatan qonunga zid bo’lmagan har qanday xatti-harakatlarni qilishga haqlidir. U mulkdan qonun bilan taqiqlanmagan har qanday xo’jalik yoki boshqa faoliyatni amalga oshirishda foydalanishi mumkin", degan umumiy qoidaga amal qilishining o’zi kifoyadek ko’rinadi.
Ammo xo’jalik yurituvchi subyektlarning bu faoliyatini amalga oshirishining davlat tamonidan tartibga solinishi davr taqozosidir. Bozor munosabatlarini shakllantirishda iqtisodiy islohotlar amalga oshirilishining asosiy tamoyillaridan biri bu "davlatning bosh islohotchiligi"dir. Xo’jalik yurituvchi subyektlarining xo’jalik faoliyatini amalga oshirishda ishlab chiqaruvchilarninggina manfaatlari yotmasdan, balki davlat va jamiyat, iste’molchilar manfaatlari ham yotadi. Shuning uchun ham ana shu turli manfatlarni muvofiqlashtirish talab etiladi, ya’ni bir tomondan, tadbirkorning faoliyatini erkinlashtirish bilan birga ikkinchi tomondan, tabiiy atrof-muhitni himoya qilish, sanitariya, standartlashtirish qoidalarining amal qilishiga, narx-navo, intizomga rioya qilinishiga, soliqlarning o’z vaqtida to’lanishiga, sof raqobatlashuvni tashkil etishga qaratilgan huquqiy normalar ishlashini ta’minlash vazifasi turadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, xo’jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga solinishi ko’p jihatdan turli subyektlar manfaatlarining mushtarakligidan kelib chiqadi.
Shu naqtai nazardan olib qaraganimizda tovarlar, ishlar, xizmatlarga baholarning o’rnatilishi va qo’llanilishi ham davlat tomonidan tartibga solib borilmog’i lozim.
«Baho» iqtisodiy kategoriya sifatida sotuvchi va xaridorning kelishuviga muvofiq xaridorga berilgan tovar (ish yoki xizmat) uchun to’lashga rozi bo’lingan pul yoki boshqa mulkiy ekvivalentdir.
Baho talab va taklifning ta’siri asosida shakllanadi. Kelib chiqishi bo’yicha baho tovarni ishlab chiqarish uchun ijtimoiy zarur sarflangan xarajatni anglatib, tovarning qiymatiga to’g’riroq keladi. Talab va taklifning mavjudligi yoki uning bo’lmasligidan kelib chiqib, ishlab chiqaruvchi, talab ko’proq bo’lgan tarmoqqa kapitalni o’tkazishga ishlab chiqarishni rivojlantirishga yoki aksincha, talab bo’lmagan tarmoqlarda ishlab chiqarishni qisqartirishga, bozorda talab umuman bo’lmagan tovar (ishlar, xizmat)larning bahosini o’zgartirishga majbur bo’ladi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida baholarning shakllanishi bozor qonunlari asosida amalga oshadi.
Ma’muriy buyruqbozlik davrida iqtisodiyotimizda talab va taklif qonuni bahoga bilvosita ta’sir qilar edi. Talab va taklif qonuni faqat iqtisodiyotni davlat tomonidan boshqarishning hisob mexanizmi orqaligina o’ziga yo’l ochar edi. Bu mexanizm bozor talablarini aks ettira olmas, baholarni bozordagi talab va taklifdan kelib chiqqan holda emas, balki davlat tomonidan belgilangan reja topshiriqlariga muvofiq tarzda ijtimoiy vazifalardan, mudofaa, alohida faoliyat va tarmoqlarning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda davlat tomonidan qat’iy belgilar edi.
Albatta, baholarning davlat tomonidan qat’iy belgilanishi davlat byudjetining shakllantirilishi, ijtimoiy va jamiyat ahamiyatiga molik sohalarga markazlashtirilgan tartibda mablag’larning ajratilishi masalalarini samarali hal qilishga imkoniyat berar edi. Lekin baholarni shakllantirishning bozor uslubidan voz kechilishi iqtisodiy qonunlarning samarali ishlashi uchun to’sqinlik qilar edi. Ishlab chiqarishda iqtisodiy manfaatdorlikning bo’g’ilishiga, talabgor bo’lgan tovarlarni ishlab chiqarishga bo’lgan qiziqishning so’nishiga, sifatsiz tovarlar ishlab chiqarishga, kapitalning samarali ishlashiga erishishga bo’lgan harakatlarni bo’g’ishga, xullas bozorni o’z-o’zidan harakatga keltiruvchi mexanizmlarning qotib qolishiga olib kelgan edi.
Baholarning direktiv o’rnatilishi ijtimoiy zarur harakatlarni aniq belgilamasdan, ularni ishlab chiqarishga jalb etishgina hisobga olinar edi.
Bunday yondashuv bilan ishlab chiqarish samaradorligini oshirmas, ilmiy-texnika taraqqiyotiga bo’lgan qiziqishni oshirmas, tovarlar raqobatbardoshligini ta’minlamas edi. Bu esa jamiyatda xo’jasizlik, boshboshdoqlik, raqam ketidan quvish, sifatsiz mahsulot ishlab chiqarish, oxir-oqibat o’zi yaratgan mahsulotdan o’zining bosh tortishiga olib keldi. Bu yo’l jahon bozoriga chiqariladigan tovarlarning raqobatbardoshliligini ham ta’minlamas edi. Bozor iqtisodiyotiga o’tish davri baholarni shakllantrishda talab va taklif qonuniyatlariga asoslanish zaruriyatini keltirib chiqardi. Dastlabki yillar tajribasi "Iqtisodiyotning erkinlashtirilishi, ayniqsa, iste’mol narxlari va tariflarining "esankiratadigan" tarzda qo’yib yuborilishi, ishlab chiqarishning pasayib ketishi, to’lovlarni amalga oshirmaslik bilan bog’liq tanglikning keskinlashuvi, pul muomalasining buzilishi ko’pchilik yangi mustaqil davlatlarda iste’mol narxlarining keskin o’sishiga, jamg’armalarning qadrsizlanishiga, aholining anchagina qismi turmush darajasining pasayishiga, butunlay yoki qisman ishsizlar sonining o’sishiga olib keldi"[1].
Shuning uchun ham davlat va xavfsizlik jamiyat oldida baholarni bozor qonuniyatlariga muvofiq tashkil etishdek qiyin vazifani bajarish bilan birga baholarning stixiyali shakllanishining oldini olishdek muhim vazifa turar edi.
Biz "esankiratadigan"dan qat’iyan voz kechdik va tashqaridan bo’lgan tazyiqqa qaramay, narxlarni asta-sekin, oldindan ishlab chiqilgan tartib asosida erkinlashtirishga qaror qildik.
Bunday yondashuv korxonalar va aholining bozor munosabatlari hamda erkin narx belgilash sharoitlariga larzaga tushmasdan moslashib olish imkonini berdi[2].
Yuridik kategoriya sifatida baho qator ahamiyatlarga ega.
Baho fuqarolik huquqiy shartnomaning muhim shartlaridan biri bo’lib hisoblangan. FKning 418-moddasining mazmunidan shu narsa anglashiladiki, shartnomadagi tovar bahoga oid shartlar, avvalgi qonun hujjatlarida bo’lgani kabi asosiy shartlar sirasiga kirmaydi. Shartnoma taraflar kelishuvi bilan belgilangan baho bo’yicha ijro etiladi. Ushbu umumiy qoidadan istisnolar shartnomalarning ayrim turlari haqidagi qonun-hujjatlarida belgilab beriladi[3]. Xususan, «Xo’jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to’g’risida»gi Qonunga muvofiq, baho xo’jalik shartnomalarining muhim bandlaridan biri hisoblanadi. Qonunning 10-moddasida xo’jalik shartnomalariga nisbatan qo’yiladigan talablar ko’rsatilgan bo’lib, unda tovar (ish, xizmat) ning bahosi o’zaro kelishuvga erishish lozim bo’lgan muhim shartlar jumlasiga kiritilgandir. Xo’jalik faoliyatini amalga oshirishda hisob-kitob qilish tartibi xo’jalik shartnomasida belgilanayotganda tovarlar, (ishlar, xizmatlar) haqini qonun xo’jjatlarida belgilangandan kam bo’lmagan miqdorda oldindan to’lab qo’yish albatta nazarda tutilgan bo’lishi lozim[4]. Mazkur qoidaga rioya qilmaslik baho intizomining buzilishi hisoblanib, bunday holatlar sanksiya va javobgarlik choralari qo’llash uchun asos bo’ladi.
Tomonlarning kelishuviga muvofiq o’rnatilgan baho larda hamda belgilangan baholarda ham qo’shilgan qiymat solig’i va aksiz soliqlarining shakllanishiga asos bo’ladi.
Baho, shuningdek savdo ustamalari va boshqa ustamalarning belgilanishi va qo’llanishida ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuni qayd etib o’tmoq lozimki, hatto erkin baho ham o’z-o’zidan belgilanmaydi. Balki ular muayyan qoidalarga asoslangan holda vujudga keladi. Bunda narx-navoning huquqiy tartibga solinishiga e’tibor berish lozim. Narx-navoning shakllanishi ustamalar qo’shilgan qiymat solig’i, aksizlar bilan amalga oshiriladi va ular barcha baholarga taalluqli.
Bevosita baholar davlat tomonidan direktiv belgilanishi asosida ayrim tovarlarga nisbatan to’g’ridan-to’g’ri belgilanadi. Bahoni to’g’ridan-to’g’ri belgilash turli uslublarda bo’lishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |