5. Narx-navoni belgilashda tadbirkorlarning huquq va burchlari.
Ma’lumki, O’zbekiston iqtisodiyotining bozor munosabatlariga o’tishini ta’minlash, bozor mexanizmi samarali faoliyat ko’rsatishi uchun respublikamizda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga keng imkoniyatlar yaratildi. Chunki, "Iqtisodiy jihatdan sobitqadam va barqaror jamiyatni shakllantirish masalalarini ko’rib chiqar ekanmiz, eng avvalo tadbirkorlik va umuman, mulkdorlar sinfi davlat va jamoat qurilishida, ijtimoiy siyosiy barqarorlikni saqlab turish va mustahkamlashda qanday rol o’ynashini nazarda tutish lozim. Ayni o’rta mulkdorlar sinfi shakllantirilayotgan fuqarolik jamiyatining tayanchidir"[12].
Shuning uchun ham respublikamizda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishdagi to’siqlarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirkorlar bosqichma-bosqich amalga oshirilib bormoqda.
Teng huquqlilik asosida tadbirkor faoliyatini amalga oshirishning asosiy tamoyillaridan biri bu uning mulkiy mustaqilligidir.
Demak, mulkiy mustaqil bo’lgan tadbirkor qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan har qanday faoliyat turi bilan shug’ullanishi mumkin.
Tadbirkor fuqaro faoliyat turini mustaqil belgilash huquqiga ega bo’lish bilan bir qatorda o’zining ishlab-chiqarish dasturlarini shakllantirishda, mahsulot yetkazib beruvchilarni va o’z mahsulotining iste’molchilarini tanlashda ham mustaqildir. Tadbirkorning huquqlari doirasiga "Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to’g’risida"gi Qonunga muvofiq, o’z mahsulotini (ishlari, xizmatlarini), ishlab chiqarish chiqindilarini bozor konyukturasidan kelib chiqib, mustaqil ravishda belgilanadigan narxlar va tariflar bo’yicha yoki shartnoma asosida realizasiya qilish huquqi ham kiritilgan. Qonunda bunday huquqning kafolatlanishi "chinakam talab va taklif asosida vujudga keladigan erkin bozor narxlarining amal qilish bozor iqtisodiyotining g’oyat muhim bo’g’ini bo’lib, bu bo’g’in mahsulot ishlab chiqaruvchilar bilan iste’molchilarning o’zaro jips ta’sirini ta’minlaydi"[13].
Vaxolanki, sobiq ittifoq davrida xo’jalik yurituvchi subyektlar na o’z iste’molchilarini tanlash imkoniyatiga, na o’zlari ishlab chiqargan mahsulotni realizisiya qila olgan edilar va narx-navo belgilashda markazlashtirilgan tartibda qat’i belgilangan narx va tariflardan chetga chiqa olmas edilar. Bularning barchasi mamlakatda narx belgilashda adolat-sizlikning kelib chiqishiga olib keldi, ya’ni "xom ashyo tarmoqlari va qishloq xo’jaligi mahsulotlarining narxi nihoyat darajada pasaytirib yuborildi, ishlov beruvchi, qayta ishlovchi tarmoqlar tovarlarining narxlari esa sun’iy ravishda oshirib yuborildi "Buning natijasida ayrim respublikalar sun’iy ravishda "byudjet hisobiga" yashovchi mintaqalarga aylantirilib, xo’jalik yurituvchi subyektlar anchagina zarar ko’rib ishlar edi.
Shuning uchun ham sobiq ittifoqdan meros bo’lib qolgan bunday sharoit xo’jalik yurituvchi subyektlarning xo’jalik faoliyati yuritishiga har tomonlama to’g’anoq bo’lib, bozor munosabatlari sharoitiga mutlaqo to’g’ri kelmasdi.
Tadbirkorlarning iqtisodiy mustaqilligining kafolati sifatida respublikamizda so’nggi yillarda bosqichma-bosqich hamma turdagi xom-ashyo va tayyor mahsulotlarning oldindan belgilab qo’yilgan narxlardan erkin narxlarga o’tildi, hamma iste’mol mollarining narxlari ustidan to’g’ridan to’g’ri davlat nazorati butunlay bekor qilindi.
Ishlab chiqaruvchilar (tadbirkorlar) va iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish, shartnoma, narx-navo intizomiga rioya qilish maqsadida Respublikamizda qator normativ hujjatlar qabul qilinganki, ular tadbirkorlar huquqlarini kengaytirish, tadbirkorlarga imtiyozlar belgilashga qaratilgandir.
Xususan, 2000 yil 5 iyunda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan e’lon qilingan "Eksport mahsuloti ishlab chiqaruvchilarni rag’batlantirish borasidagi qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida"gi Farmoniga ko’ra, eksport mahsuloti ishlab chiqaruvchilar o’zi ishlab chiqargan mahsulotlarni erkin valyutaga eksport qilishda mahsulotlar (tovarlar, xizmatlar)dan daromad solig’i to’lashdan ozod qilinishi ko’zda tutilgan.
Shuningdek bu Farmonga muvofiq, eksport qiluvchi korxonalar uchun umumiy savdo-sotiq hajmida o’zi ishlab chiqargan mahsulotlar eksporti ulushiga qarab mulk solig’i stavkalari bo’yicha imtiyozlar ham belgilandi.
2000 yil 24 iyundagi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan "Import iste’mol tovarlari olib kelish va sotishni takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida"gi qaroriga muvofiq tadbirkorlar tomonidan to’lanadigan aksiz solig’i to’lash yuzasidan imtiyozlar belgilandi.
2000 yil 5 avgustdagi "Ichki bozorni dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida"gi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq ichki bozorni dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan to’ldirish, narxlarning asossiz ravishda o’sib ketishi hollariga barham berish va axolini ijtimoiy himoya qilishni ta’minlash maqsadida dori-darmon vositalariga qo’llaniladigan savdo ustamasi va qo’shilgan qiymat solig’ini to’lash bo’yicha ham imtiyozlar belgilandi.
Tadbirkor xo’jalik faoliyatini amalga oshirishda narx-navo intizomiga rioya qilishi, ya’ni narx-navoni asossiz ravishda ko’tarmasligi, bozor iqtisodiyoti talablariga javob beruvchi raqobat qonunlariga rioya qilish kabi majburiyatlarga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |