1985–1989 yillar Markaziy matbuotda Oʻzbekistonga xuruj kuchayib ketdi. “Molodoy kommunist” (Moskva) jurnalida bosilgan “Maishiy islom” maqolasida
Oʻzbekistonda “diniy fanatizm” va erkaklar zulmiga chidolmagan 270 ayol
oʻzini oʻldirgani haqida maqola bosildi. SSSR DOSAAF nashriyotida chop
etilgan “Klub slujebnogo sobakavodstva” kitobida I. Duxnovskiy degan
itshunos itlarga laqab sifatida yigirmaga yaqin oʻzbekcha inson ismini
tavsiya qildi. Oʻ. Hoshimov oʻsha kezlari birgina Moskva shahrining oʻzida
1275 kishi joniga qasd qilganini dalillar bilan isbotlovchi, Duxnovskiy maqolasi esa xalqlar birodarligini “portlatishga” moʻljallangan “bomba” ekanini fosh qiluvchi “Doʻstlik hurmatdan boshlanadi” maqolasi bilan javob qildi. “Davlat siri”, “Mantiq qani?, “Mantiq boʻlmasa boʻldirish kerak”, “Qoʻrquv saltanati” singari problematik maqolalari eʼlon qilindi.
1986 yil “Yuqori tashkilot”dan dahriylik – xudosizlik mavzusida “Bahs” koʻrsatuvini qilish haqidagi topshiriqni adib bajarmagach, koʻrsatuv toʻxtatib qoʻyildi.
Gdlyan va Ivanovlar guruhi Oʻzbekistonda qatagʻon uyushtirdi. Markazdan kelgan KPSS rahnamolaridan biri Toshkentda yigʻilish oʻtkazib, “oʻzbek ishi” kompaniyasi “toʻgʻri ekanini” isbotlovchi maʼruza qildi. Yigʻilishda “Sharq yulduzi” jurnalining bosh muharriri Oʻ. Hoshimov ham ishtirok etishi va partiyaning “dono siyosatini” maʼqullab nutq soʻzlashi rejalashtirilgan edi. Adib soʻzga chiqmadi va savol berishga ruxsat soʻradi. “Ruxsati oliy” boʻlgach bir masalaga tushunolmayotganini izoh qildi. “Hurmatli notiq (KPSS rahnamosi nazarda tutilmokda) oʻz maʼruzalarida bir fikrni qatʼiy qilib aytdilar. “Keyingi yillarda Oʻzbekistonda qoʻshib yozish, boqimandalik, tekinxoʻrlik avjiga chiqqan, markaziy rayonlarga paxta tolasi oʻrniga vagonlarda havo, samolyotlarda esa diplomatlar toʻla pul – pora borgan, shuning uchun Oʻzbekistondan minglab odamlar qamoqqa olindi va yana hibsga olinadi”, dedilar. Albattta, paxta oʻrniga pora yuborish – jinoyat. Ammo men oddiy odam, oddiy yozuvchi sifatida bir narsani tushunolmay turibman. Aytingchi, markaziy rayonlarga vagonlarda tola oʻrniga havo, samolyotlarda esa diplomatda pora borgan ekan, nega markazdagilar indamabdi? Nega bizga vagondagi havo, diplomatdagi pul kerak emas, tolaning oʻzini yuboringlar, demabdi? Odatda pora oladigan qoʻl pora beradigan koʻldan balandrokda turadi shekilli?” Tabiiyki, savol javobsiz qoldi va jurnal bosh muharririni bunday “yuqori martabali” majlislarga chaqirmay qoʻydilar.
Ikki eshik orasi. Roman. Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti. Turli tillarda yana oʻn martaga yaqin nashr qilindi.
“Ikki eshik orasi” romani uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |