Metabolizm – bu yuqori integrallashgan, maqsadli yo‘naltirilgan jarayon bo‘lib, bunda multiferment tizimlar ishtirokida muhit va hujayra o‘rtasida modda va energiya almashinuvi ta’minlanadi. Metabolizm hisobiga hujayrada quyidagi jarayonlar kechadi: 1. Tashqi muhitdan energiyani olish. Bu organik moddalarning kimyoviy energiyasi, yoki quyosh energiyasi shaklida bo‘lishi mumkin. 2. Ekzogen moddalarning hujayra organellalarida parchalanishi va hujayra makromolekulyar kompanentlari o‘tmishdoshiga aylanishi. 3. Makromolekulalar sintezi va parchalanishi. Metabolik reaksiyalarning ketma-ket kechishi, ayniqsa, markaziy metabolik yo‘llar, barcha tirik organizmlarda bir xildir. Bularga Krebs sikli, glikoliz, oqsil, yog‘lar, karbon suvlar biosintezi va boshqalar kiradi. Bu bilan birga har bir turdagi tirik organizm o‘zining spetsifik metabolik yo‘llariga egadir. Masalan: odam, qushlar, reptiliyalarda purin asoslari siydik kislotasigacha parchalanadi, boshqalarda – siydikchil va glioksalat yoki allantoin hosil bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |