Xom ashyoni qabul qilish bo’limi. Kolbasa mahsulotlari ishlab chiqarish uchun ushbu zavodning asosiy xom ashyosi bo’lgan go’sht zavodga mahalliy fermerlar tomonidan avtomobil transporti yordamida doimiy ravishda yetkazib beriladi. Zavod hududida chorva mollarini so’yishga imkoniyat bo’lmaganligi sababli go’sht faqatgina tayyor holatda nimtalangan va choraklangan bo’ladi. Sovutilgan va muzlatilgan go’sht polga taxlangan holda “Gazel refrijerator” yuk avtomobilida tashiladi. Bunday yuk tashish mashinasi go’shtning sifati buzulishiga yo’l qo’ymaslik uchun maxsus sovutish qurilmasi bilan jihozlangan bo’lib, o’rtacha -3°C haroratni ta’minlaydi:
Go’sht sifati tekshirilgandan so’ng uni maxsus 1000 kg gacha massani o’lchay oladigan taroziga qo’yiladi va shartnoma bo’yicha miqdori tekshirib olinadi.
Go’sht bo’limi.Go’sht bo’limida mol, cho’chqa va tovuq nimtalariga ilk ishlov beriladi. Bu jarayonlarga:
• Go’shtni suyaklardan ajratish (Obvalka) • Go’shtni paylardan ajratish (Jilovka) kiradi.
Go’shtga dastlabki ishlov uni suyaklardan ajratishdan boshlanib bu jarayon obvalka deb ataladi.Bunda ma’lum ishchilar guruhi o’tkir pichoqlar yordamida nimtalangan go’shtda o’ziga belgilangan joydagi suyaklarni ajratib oladi.Suyaklarda iloji boricha go’sht qatlami qolib ketmasligiga harakat qilinadi. Suyaklar sig’imi 20 kg bo’lgan yashiklarga to’planadi va keyinchalik boshqa xo’jaliklarga yuboriladi.
Keyingi bosqichda suyaksiz go’sht kichikroq bo’laklarga bo’linib turli ishchilar tomonidan jigar, bez, pay, chandir, yog’, pardalar kesib ajratib olinadi. Ushbu jarayon jilovka deb ataladi.Har bir ikkilamchi mahsulot alohida yashiklarga solinadi. Tozalangan go’sht esa 3 xil navga ajratiladi:
1-navli go’sht : orqa va son go’shtlaridan olinadi va yuqori navli kolbasalar uchun ishlatiladi.
2-navli go’sht : bo’yin ko’krak qafasi, qorin devorlari va tananing oldingi qismlaridan, suyak va pardalardan ajratiladi. Bunda qismdan bo’lsada go’sht pardasi va muskullar oralig’idagi biriktiruvchi qatlamlari qolishi mumkin. Bunday go’shtlar qiyma qilinib, pishirilgan sortli kolbasalar uchun foydalaniladi.
3-navli go’sht : birinchi va ikkinchi nav go’shtlarni ajratib olishdan qolgan yig’indilar, paylar aralash go’sht parchalari hisoblanadi.
Go’sht jilovka qilib bo’lingandan so’ng har bir turdagi go’sht va ikkilamchi mahsulotlar yashiklari tarozida o’lchab olinadi va kompyuterdagi ma’lumotlar omboriga kiritiladi. So’ngra aravachaga ortib maxsus ikkinchi sovutish kamerasiga yuboriladi va tokchalarda 8-12 soat davomida saqlanadi. Kameradagi harorat-3±2°C ni tashkil qiladi.