7. 14. Ekspertiza
(muallif – A.R.Matmurotov)
Ekspertiza – maxsus bilimlarni talab etadigan va surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarori yoki sudning ajrimi asosida o‘tkazadigan tekshiruv hisoblanadi. Mazkur tergov harakati ish uchun ahamiyatli holatlar haqidagi ma’lumotlarni fan, texnika, san’at yoki kasb sohasi bo‘yicha bilimi bo‘lgan shaxs o‘tkazadigan maxsus tekshirish orqali olish mumkin bo‘lganda ekspertiza tayinlanadi. Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sudya, mutaxassislar, xolislarning bunday bilimlarga ega bo‘lishi ekspertiza tayinlash zaruratidan ozod etmaydi.
Ish uchun ahamiyatli holatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni fan, texnika, san’at yoki kasb sohasi bo‘yicha bilimi bo‘lgan shaxs o‘tkazadigan maxsus tekshirish orqali olish mumkin bo‘lganda ekspertiza tayinlanadi.
|
Ekspert oldiga qo‘yilgan savollar va uning bergan xulosasi ekspertning maxsus bilimlari doirasidan tashqari chiqishi mumkin emas. Mazkur maxsus bilimlarga bo‘lgan ehtiyoj juda baland va muhim ahamiyat kasb etuvchi bir qator holatlar mavjud bo‘lib, ular Jinoyat-protsessual kodeksining 173-moddasida bayon etilgan.
Amaliyotdan misol: 2014-yilning 06-mart kuni soat 21-30 larda Toshkent shahar Chilonzor tumani Bunyodkor shox ko‘chasida harakatlanib kelayotgan D.Sobirovga tegishli bo‘lgan “Nexia” rusumli davlat belgili 01 A143FA mashinasi T.Qayumov boshqaruvida bo‘lgan “Matiz” rusumli davlat belgili 01 F468AB mashinasi bilan to‘qnashib ketgan. Natijada “Nexia” haydovchisi va undagi 2 nafar yo‘lovchi vafot etgan. Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi va avto halokat hodisa qorong‘u paytda sodir etilganligi va guvohlar bo‘lmaganligi sababli ekspertiza tayinlandi. Natijada avto halokatga “Nexia” avtomashinasi haydovchisi D.Sobirov sababchi ekanligi aniqlanib, tergov organlari tomonidan aniq dalillar asosida qonuniy to‘xtamga kelish imkoniyatini berdi.
Ekspert sifatida davlat sud-ekspertiza muassasasi eksperti, boshqa korxona, muassasa, tashkilot xodimi yoki boshqa jismoniy shaxs ishtirok etishi mumkin.
Belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar, shuningdek qasddan sodir etgan jinoyatlari uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar ekspert sifatida jalb qilinishi mumkin emas.
Surishtiruvchi, tergovchi, sudning ekspert etib tayinlangan shaxsni chaqirish va uning ekspertiza o‘tkazishi to‘g‘risidagi talabi ushbu shaxs ishlayotgan korxona, muassasa, tashkilot rahbari uchun majburiydir.
Ashyoviy dalillar, ekspert tekshiruvi uchun namunalar, boshqa moddiy obyektlar, murdalar va ularning qismlari, hujjatlar, shuningdek ekspertiza o‘tkazilayotgan ish materiallari tekshirish obyektlari bo‘lishi mumkin. Ekspert tekshiruvlari tirik odamlarga nisbatan ham o‘tkaziladi.
Ekspertiza tugallanganidan keyin tekshirish obyektlari, agar ular to‘la ishlatilgan bo‘lmasa, ekspertizani tayinlagan organga (shaxsga) qaytariladi.
Ekspertizaning jinoyat-protsessual turlari o‘tkazilishi ketma-ketligi (birlamchi, qayta va qo‘shimcha ekspertiza), tadqiqot ish hajmi (yakka shaxs tomonidan o‘tkaziladigan yoki komissiyaviy ekspertiza), foydalanish lozim bo‘lgan bilimlar ko‘lami (bir turdagi yoki kompleks ekspertiza) kabi asoslarga tayanib tasniflanadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha ekspertiza o‘tkazilish ketma-ketligiga ko‘ra, birlamchi, qo‘shimcha va qayta ekspertizaga bo‘linadi:
Do'stlaringiz bilan baham: |