Shaxsiy tintuv va olib qo‘yish. Shaxsning tintuv va olib qo‘yishda shaxsning o‘zini, uning ustida bo‘lgan ustki va ichki kiyimlarni, ba’zi holatlarda zarur bo‘lsa, uning badanini tintuv qilish harakatlaridan iborat.
Shaxsiy tintuv va olib qo‘yish Jinoyat-protsessual kodeksining 157-, 161-moddalarda nazarda tutilgan qoidalarga asosan o‘tkazilishi kerak, ammo Jinoyat-protsessual kodeksining 162-moddasi 2-qismida ko‘rsatilgan vaziyatlarda maxsus qaror (maxsus ajrim) chiqarmasdan ham shaxsiy tintuv va olib qo‘yish o‘tkazish mumkin. Shaxsiy tintuv dastlabki va qayta tintuv tarzida bo‘lishi mumkin. Dastlabki shaxsiy tintuv xavfsizlik choralarini amalga oshirish uchun o‘tkaziladi va shaxsdan o‘qotar, sovuq qurol yoki boshqa o‘tkir va qirrali predmetlarni, giyohvand moddalarni ishga taalluqli bo‘lgan hujjatlar, shaxsiy guvohnomalar va boshqa predmetlarni olib qo‘yish maqsadida o‘tkaziladi. Qimmatbaho narsalarni aniqlash uchun ham shu maqsadda shaxsiy tintuv o‘tkaziladi. Shaxsni tegishli joyga so‘roq uchun olib kelganda ham uni qaytadan shaxsiy tintuv qilish mumkin va bu harakat mukammal bo‘lishi lozim.
Tintuv qilingan shaxsning o‘zida bo‘lgan hujjatlari va narsalari ham ko‘zdan kechirilishi shart. Shaxsiy tintuv o‘tkazish vaqtida tintilayotgan shaxsning o‘zini tutishiga va harakatlariga e’tibor bermoq zarur, aks holda u o‘zida bo‘lgan jinoyatga aloqador yoki g‘ayriqonuniy narsa va hujjatlarni tashlab yuborishi mumkin.
Shaxsiy tintuv va olib qo‘yish o‘tkazayotgan vaqtda shu harakat o‘tkazilayotgan shaxsning xavfsizligi va sog‘lig‘iga zarar yetmasligi uchun tegishli choralar ko‘rish zarur.
Olib qo‘yish turlari:
a) pochta-telegraf jo‘natmalarini olib qo‘yish;
b) davlat siri bo‘lgan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan hujjatlarni olib qo‘yish. Tergovchining jo‘natmalarini xatlab qo‘yish va pochta-telegraf muassasalarida ularni olib qo‘yish haqidagi qarori prokuror sanksiyasi talab qilinadi (Jinoyat-protsessual kodeksining 186-modda).
Olib qo‘yish yoki tintuvning natijalarini rasmiylashtirish xususiyatlari. Tintuv o‘tkazish va olib qo‘yishning asosiy qayd etish vositasi – bayonnomadir. Olib qo‘yish yoki tintuv o‘tkazishni qayd etib, bayonnoma tuzganda Jinoyat-protsessual kodeksining 90- va 91-moddalarning talabiga to‘la rioya qilinishi lozim. Bayonnoma tintuv yoki olib qo‘yish harakatlarini tugatgandan so‘ng aynan shu tergov harakatini o‘tkazish joyida tuzilishi kerak. Agar tintuv bayonnomasiga tintuv qilingan shaxs o‘z imzosini qo‘yishdan bosh tortsa, u holda xolislar va tergovchi ushbu faktni bayonnomada qayd etib, tasdiqlaydilar.
Bayonnomaning yakunlovchi qismida, shuningdek bayonnomaga qanday sxemalar, qoliplar ilova qilinganligi, tintuv qatnashchilarining qanday ariza, shikoyat yoki e’tirozlari tushganligi, xolislarning takliflari, mutaxassislarning bergan tushuntirishlari qayd etilishi kerak.
Olib qo‘yish bayonnomasida esa tergovchi, surishtiruvchi qachon, qayerda, qaysi shaxslar ishtirokida olib qo‘yishni o‘tkazganligi, qanday obyektlar olib qo‘yilganligi qayd etiladi. Bayonnomada qanday obyektlar olinganligi, ularning to‘liq ro‘yxati va alohida belgilari, xususiyatlari qayd etiladi. Olib qo‘yishda ishtirok etuvchi shaxslarga avvalambor ularning protsessual huquq va majburiyatlari tushuntirilishi lozim. Bayonnoma ushbu shaxslarning imzosi bilan voqelikda bo‘lgan harakatlarni shu hujjatda to‘liq qayd etilganligi to‘g‘risida tasdiqlovchi belgi bo‘lib xizmat qiladi. Agar shaxslar olib qo‘yish paytida tergovchining harakatlari ustidan tegishli e’tirozlar, shikoyatlar bildirsalar ushbu e’tiroz va shikoyatlar majburiy ravishda bayonnomada qayd etilishi kerak.
Olib qo‘yishda qimmatbaho narsalar olinadigan bo‘lsa, ushbu qimmatbaho narsalar uchun moddiy javobgarlik shaxsning ishtirokini ta’minlab berish kerak.
Olib qo‘yish, tintuvning tarkibiy qismi emas va o‘zi mustaqil harakat sifatida ifodalanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |