Dalillarni baholash – surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning ishdagi barcha holatlarni sinchkovlik bilan, to‘la, har tomonlama va xolisona ko‘rib chiqishga asoslangan holda qonunga va huquqiy ongga amal qilib o‘zlarining ichki ishonchlari negizidagi faoliyatidir.
6.2. Isbotlashning umumiy shartlari
Isbotlash jinoyat sudlov ishlarini yuritish doirasida o‘tadigan hamda uning vazifalarini hal qilishga yo‘naltirilgan faoliyat sifatida jinoyat protsessual qonun bilan tartibga solingan. Jinoyat-protsessual qonun isbotlash jarayonini tartibga solish bilan birga, ishning haqiqiy holatlarini aniqlash faoliyatini ham tartibga soladi hamda isbotlashda ishtirok etayotgan taraflar huquqlari tengligining ishonchli kafolatlarini yaratadi.
Isbotlash jarayonida fuqarolarning va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari muhofaza qilinishi qonunan kafolatlangan.
Isbotlashda fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan yoki ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan harakatlar sodir etish, zo‘rlash, po‘pisa qilish, aldash va boshqa noqonuniy choralar orqali ko‘rsatmalar, tushuntirishlar, xulosalar, hujjatlar yoki narsalar berishga majburlash taqiqlanadi. Protsessning har bir bosqichida uning aniq vazifalariga va protsessual shakllariga muvofiq isbotlash o‘z xususiyatlariga, o‘z jihatlariga ega bo‘lib, isbotlash natijasi sifatida faqat mazkur bosqich uchun nazarda tutilgan qarorlar bo‘lishi mumkin. Muayyan bosqich vazifalari, uning protsessual shakli isbotlashning ayrim elementlari nisbatida ham, dalillar qanday (bevosita yoki yozma materiallar bo‘yicha) tadqiq etilishida ham, shuningdek dalillarni baholash natijasida u yoki bu bosqichda qanday xulosalar qilinishi mumkinligida ham aks etadi.
Jinoyat-protsessual kodeksining 9-bobi (85–95-moddalari) isbotlashning umumiy shartlarini belgilaydi.
Isbotlashning umumiy shartlari – qonunda belgilangan qoidalar bo‘lib, ular isbotlashning o‘ziga xos jihatlarini ifoda etadi hamda dalillarni to‘plash, tekshirish va baholash hamda qarorlar qabul qilish tartibiga nisbatan qo‘yiladigan qatʼiy protsessual talablarni belgilaydi.
Ular muayyan huquqiy qoidalarning tizimini tashkil etib, ularga quyidagilar kiradi: isbot qilish jarayoni (Jinoyat-protsessual kodeksining 85-moddasi), isbot qilish subyektlari va ishtirokchilari vakolat doirasi (Jinoyat-protsessual kodeksining 86-moddasi), dalillar to‘plash usullari (Jinoyat-protsessual kodeksining 87-moddasi), isbotlash jarayonida fuqarolar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquq va qonuniy manfaatlarini qo‘riqlash (Jinoyat-protsessual kodeksining 88-moddasi), davlat sirlarini qo‘riqlash (Jinoyat-protsessual kodeksining 89-moddasi), dalillarni bayonnomalarda qayd etish (Jinoyat-protsessual kodeksining 90-93-moddalari), dalillarni tekshirish (Jinoyat-protsessual kodeksining 94-moddasi), dalillarni baholash (Jinoyat-protsessual kodeksining 95-moddasi). Qonunga binoan isbotlashning barcha ishtirokchilarini shartli ravishda quyidagi guruhlarga bo‘lish mumkin:
Do'stlaringiz bilan baham: |