Dalillarni to‘plash – surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud tomonidan daliliy axborotni topish, talab qilib olish, qabul qilib olish va protsessual qayd etishga hamda qonunda nazarda tutilgan protsessual harakatlarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan.
Shu maqsadda isbotlash majburiyati yuklatilgan vakolatli organlar va mansabdor shaxslar qonunda ro‘yxati hamda yuritilish tartibi ko‘zda tutilgan tergov va sud harakatlarini amalga oshirishga haqli (Jinoyat-protsessual kodeksining 87-,96-,202-moddalari). Dalillarni to‘plash nafaqat ularni topishni, balki qonunda belgilangan tartibda ularni qayd etishni ham nazarda tutadi (Jinoyat-protsessual kodeksining 90-,92-,
106-,131-,134-,141,147-,156-,163-,171-moddalari va boshqalar). Bayonnomalar yuritish uchun mas’uliyat sudga qadar bosqichda surishtiruvchi va tergovchiga sudda esa, raislik qiluvchi va sud majlisi kotibi zimmasiga yuklatiladi (Jinoyat-protsessual kodeksining 90-moddasi 2-qismi).
DALILLAR TO‘PLASH
(JPKning 87-moddasi)
Himoyachi dalillar sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni: ishga taalluqli axborotga ega bo‘lgan shaxslarni so‘rovdan o‘tkazish hamda ularning roziligi bilan yozma tushuntirishlar olish; davlat organlariga va boshqa organlarga, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga so‘rov yuborish hamda ulardan maʼlumotnomalar, tavsifnomalar, tushuntirishlar va boshqa hujjatlarni olish orqali to‘plashga haqli.
Dalillar tergov va sud harakatlarini yuritish: gumon qilinuvchini, ayblanuvchini, sudlanuvchini, guvohni, jabrlanuvchini, ekspertni so‘roq qilish; yuzlashtirish; tanib olish uchun ko‘rsatish; ko‘rsatuvni hodisa ro‘y bergan joyda tekshirish; olib qo‘yish; tintuv; ko‘zdan kechirish; guvohlantirish; murdani eksgumatsiya qilish; eksperiment o‘tkazish; ekspertiza tadqiqotlarini o‘tkazish uchun namunalar olish; ekspertiza va taftish tayinlash; taqdim etilgan ashyolar va hujjatlarni qabul qilish; telefonlar va boshqa so‘zlashuv qurilmalari orqali olib borilgan so‘zlashuvlarni eshitish, shuningdek tezkor qidiruv tadbirlarini o‘tkazish yo‘li bilan to‘planadi.
Himoyachining qonunga muvofiq to‘plangan materiallarni ishga qo‘shib qo‘yish to‘g‘risidagi iltimosnomasi surishtiruvchi, tergovchi, prokuror tomonidan albatta qanoatlantirilishi kerak.
Dalillar tergov va sud harakatlari o‘tkazishdan tashqari talab qilib olish orqali ham to‘planadi. Jumladan, surishtiruvchi, tergovchi prokuror tomonidan davlat organlariga va boshqa organlarga, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga topshiriq va so‘rovlar yuborish yo‘li bilan jinoyat ishi uchun ahamiyatli bo‘lgan ma’lumotlar olinadi. Lekin mazkur turdagi dalil to‘plash natijasi tergov va sud harakatlari kabi kafolatlanmagan. Chunki mazkur protsessual talabning barcha tashkilotlar uchun majburiyligi belgilangan bo‘lsa-da, uning bajarilmaganligi uchun javobgarlik jinoyat protsessiga jalb qilingan shaxslarga nisbatangina qo‘llaniladi.
Jinoyat-protsessual kodeksiga 2008-yil 31-dekabrda kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga binoan hozirda himoyachi ham dalil to‘plash subyekti sifatida faoliyat yurita oladi. Jumladan, himoyachi dalillar sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni: ishga taalluqli axborotga ega bo‘lgan shaxslarni so‘rovdan o‘tkazish hamda ularning roziligi bilan yozma tushuntirishlar olish; davlat organlariga va boshqa organlarga, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga so‘rov yuborish hamda ulardan ma’lumotnomalar, tavsifnomalar, tushuntirishlar va boshqa hujjatlarni olish orqali to‘plashga haqli. Himoyachining to‘plangan materiallarni ishga qo‘shib qo‘yish to‘g‘risidagi iltimosnomasi surishtiruvchi, tergovchi, prokuror tomonidan albatta qanoatlantirilishi kerak (Jinoyat-protsessual kodeksining
87-moddasi 2-,3-qismi).
Demak, himoyachi himoya pozitsiyasini shakllantirish va mustahkamlash uchun zarur bo‘lgan daliliy ma’lumotlarni to‘plash va ularni jinoyat ishi materiallariga qo‘shib qo‘yilishini talab qilish kabi protsessual imkoniyatlarga ega. Bu esa ish materiallarida nafaqat ayblovchi, balki oqlovchi dalillar qayd qilinishini, natijada esa sudga qadar ayblov va himoya tarafining dastlabki tortishuvni ta’minlaydi. Shu bilan birgalikda tergovchiga alohida mas’uliyat yuklaydiki, u dalillar bazasini himoya taqdim etgan versiya nuqtayi nazaridan tadqiq etishi zarur. Bu qoidaning protsessual tasdig‘ini ayblov xulosasiga qo‘yilgan talablarda kuzatish mumkin. Ya’ni, ayblov xulosasining tavsif qismida dastlabki tergovda aniqlangan holatlar: jabrlanuvchi, shuningdek ayblanuvchi to‘g‘risidagi ma’lumotlar; ayblanuvchining aybdorligini tasdiqlovchi dalillar, ayblanuvchining o‘zini himoya qilish uchun keltirgan vajlari va ularni tekshirish natijalari bayon qilinadi (Jinoyat-protsessual kodeksi
379-moddasi 2-qismi).
Do'stlaringiz bilan baham: |