Genotip va fenotip. Mikroorganizmlarda ham boshqa jonivorlardagi kabi, muayyan turga xos belgilar nasldan-naslga oʻtadi. Tashqi muhit ta’siri ostida, bir turga xos morfologik, fiziologik xossalar oʻzgarishi mumkin. Masalan, Lui Paster sunʻiy yoʻl bilan kuydirgi kasalligining qoʻzgʻatuvchisida qaytmas oʻzgarishlar hosil qildi va shu kasalliklardan saqlaydigan vaksinalar ishlab chiqdi. N.F. Gamaleya oziq muhitiga litiy xlorid qoʻshganida vabo vibrioni morfologiyasining oʻzgarishini kuzatdi. Bu misollar mikroorganizmlar yashash sharoitiga qarab oʻz xossalarini oʻzgartira olishini koʻrsatadi.
Irsiyat bilan oʻzgaruvchanlik bir-biri bilan chambarchas bogʻliq ikki jarayon boʻlib, tiriklikka xos asosiy xossani tashkil etadi. Hozirgi vaqtda mikroorganizmlarning irsiy xususiyatlari va oʻzgaruvchanligi boshqa organizmlarnikiga qaraganda yaxshi oʻrganilgan.
G.A Nadson va G.S. Filippov (1925 y.) achitqi zamburugʻlariga rentgen nurlarini ta’sir ettirib, yangi mutantlar olishga muvaffaq boʻlganlar. Ulardan keyin M.N. Meysel (1928-1932 yillarda) achitqilarga xloroform va kuchsiz sian tuzlari ta’sir ettirib, yangi mutantlar oldi.
Genetika qonuniyatlarini oʻrganishda mikroorganizmlar muhim ahamiyatga ega. Chunki bakteriyalarning tez boʻlinishi va naslning nihoyatda koʻp, mayda boʻlishi va kam joy egallashi ularni nihoyatda qulay ob’ekt qilib qoʻyadi. Masalan, ichak tayoqchasi (E. coli) har 15 minutda boʻlinib turadi, bitta hujayra naslining soni 18-24 soatdan keyin 1 mm3 da 24 milliardga yetadi.
Mikroorganizmlarda fenotipik (nasldan-naslga oʻtmaydigan) va genotipik (nasldan-naslga oʻtadigan) oʻzgaruvchanlik farq qilinadi. Bular hujayraning ikki asosiy xususiyati: genotipi va fenotipiga bogʻliqdir.
Genotip hujayradagi umumiy genlar majmuasi (yigʻindisi)dir. U organizmning butun bir xossalari guruhini, tashqi muhitning har-xil sharoitida turlicha namoyon boʻlishini belgilab beradi. Biroq, genotip har qanday sharoitda ham nisbiy doimiyligini saqlab qoladiki, bu hol mikroorganizmlar turlarini bir-biridan farq qilib, ajratib olishga imkon beradi.
Fenotip har bir individga xos morfologik va fiziologik xossalarning umumiy kompleksidir. Fenotip goʻyo ma’lum bir konkret yashash sharoitida genotip xarakterining tashqi koʻrinishi – ifodasidir.
Genotip hujayraning yuzaga chiqishi mumkin boʻlgan umumiy xususiyati boʻlsa, fenotip ushbu xususiyatlarning koʻzga koʻrinadigan ifodasidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |