Ekzotoksinlarning antigenligi, ya’ni organizmga yuborilgan taqdirda unda shu zaharning ta’sirini neytrallaydigan antitoksin ishlanishiga sabab boʻla olishi ekzotoksinlarning gʻoyat muhim xossasidir.
Toksinga formalin va issiqlikni ta’sir ettirib, bezarar preparat-anatoksin tayyorlanadi, u antigenlik xossasini saqlaydi, ammo zaharli xususiyatlarini yoʻqotgan boʻladi. Bu preparat immunizatsiya uchun zoʻr muvaffaqiyat bilan qoʻllanilmoqda.
Endotoksinlar ekzotoksinlardan farq qilib, qat’iy xususiy boʻlmaydi va organizmga kiritilgan taqdirda bosh ogʻrigʻi, darmonsizlik, halloslash va shu kabi umumiy zaharlanish belgilarini yuzaga chiqaradi Endotoksinlar ekzotoksinlarga nisbatan chidamliroq, ba’zi endotoksinlar hatto qaynatishga ham chidaydi. Endotoksinlar kimyoviy tarkibi bilan ham ekzotoksinlardan farq qiladi, chunki ular oqsil moddalardan emas, balki polisaxaridlar va lipoproteidlardan tuzilgan. Endotoksinlarning organizm uchun zaharliligi ekzotoksinlarnikidan ancha kam. Hayvonlar endotoksinlar bilan immunlanganda mikroblarning zahariga emas, balki oʻziga qarshi antitelolar ishlanib chiqadi.
Zararli yuqumli kasallikning paydo boʻlishi va ta’rifi. Infeksion jarayon yuzaga chiqishi uchun faqat patogen mikrobning oʻzi kifoya qilmaydi. Mikrob muayyan darajada virulent boʻlishi va bundan tashqari, organizmga yetarli miqdorda kirishi kerak, lekin ba’zi bir kasalliklarda, masalan, septik kasalliklarda bakteriya hujayralarining soni unchalik katta rol oʻynamaydi. Odam organizmini mikroblar bemalol koʻpaya oladigan oziqli muhit solingan probirka bilan tenglashtirish yaramasligini ravshan uqib olmoq kerak. Shuning uchun mikroblarning kichik dozalari kirgan joyida osonlik bilan yoʻq qilinishi mumkinligi va infeksion kasallik yuzaga chiqmasligi tabiiy.
Mikroblarning miqdoridan tashqari, bir qancha hollarda organizmga mikrablarning qayerdan kirganligi ham ahamiyatli. Ba’zi infeksiyalarning oʻziga xos “kirish yoʻllari” bor; shu yoʻllardan tashqari mikrob organizmga kira olmaydi va kasallik paydo qila olmaydi. Masalan, ichak infeksiyalari – qorin tifi, dizenteriya, vabo mikroblarining ana shunday “kirish yoʻllari” ogʻizdir. Vabo mikrobi ogʻizga kirmasdan, terining jarohatlangan joyiga kirsa, odamga vabo yuqmaydi. Qoqshol (stolbnyak) tayoqchasi esa, aksincha, ogʻizga kirmasdan, jarohatga tushgandagina kasallikka sabab boʻla oladi.
Biroq organizmga kirgan joyidan qat’iy nazar, kasallikka sabab boʻladigan patogen mikroblar bor. Tuberkulyoz, toun (oʻlat), tulyaremiya, brusellyoz tayoqchalari misol boʻla oladi. Lekin bu holda ham mikrobning kirish usuli oʻz ahamiyatini har holda saqlaydi; mikroblarning kirish usuliga qarab, kasallik manzarasi har xil boʻladi. Masalan, tulyaremiya tayoqchasining teri, ogʻiz yoki nafas yoʻli bilan kirganiga (yuqish usuliga) qarab, bu kasallikning yo bubonli shakli, yoki tifoid shakli, yoki oʻpka shakli roʻy berishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |