Yuqorida aytganimizdek, infeksion jarayonning vujudga kelishida mikroorganizmning holati eng muhim ahamiyatga egadir.
Organizmning muayyan infeksiyaga moyilligi kasallik avj olishi uchun birinchi zarur shartdir. Odamlar ba’zi infeksiyalarga (qizamiq, toshmali tif) juda ham moyil boʻlgani holda, qorin tifi kabi kasalliklarga unchalik moyil boʻlmaydi (40-50%), juda oz kishilargina serebrospinal meningitga moyil boʻladi. Bunda odamning yoshi katta ahamiyatga ega. Masalan, 6 oylikkacha bolalarda qizamiq, skarlatina, difteriya juda kamdan-kam kuzatiladi, lekin shu kasalliklar 1 yoshdan 8 yoshgacha bolalarda koʻproq uchraydi. Katta yoshdagi kishilar koʻkyoʻtal, skarlatina bilan kamdan-kam kasallanadi.
Turmush, ovqat, mehnat sharoiti; och qolish yoki uzoq vaqt toʻyib ovqat yemaslik, qurbi yetmaydigan mehnat, asabiy va ruhiy travmalar (jarohatlar) organizmning chidamini (infeksiyaga qarshilik koʻrsatish qobiliyatini) juda pasaytirib yuboradi. Shu bilan birga tiqilinch yashash, sanitariyaga xilof sharoit, madaniy saviyaning pastligi yuqumning (infeksiyaning) doimo aylanib yurishiga qulay sharoit tugʻdiradi; bunday vaziyatda yangi kasalliklar osongina roʻy beradi.
Demak, infeksion kasalliklarning paydo boʻlishida sotsial omillar yetakchi rol oʻynaydi. Darhaqiqat, Osiyo va Afrikaning rivojlanayotgan mamlakatlarida sotsial sharoit gʻoyatda ogʻir boʻlganiga koʻra, chin chechak, moxov, vabo, toun va OITSga oʻxshash yuqumli kasalliklar shu choqqacha hukm surmoqda va bolalar turli infeksion kasalliklardan gʻoyat koʻp nobud boʻlmoqda.
Respublikamizda aholining moddiy farovonligini oshirishga, mehnat va turmushning sanitariya-gigiena sharoitini yaxshilashga doimo gʻamxoʻrlik qilib turganligi tufayli infeksion kasalliklar soni juda kamaydi, ba’zi infeksion kasalliklar (toun, vabo, chin chechak, qaytalovchi tif) esa tamomila tugatildi.
Har qanday patologik jarayon kabi, infeksion kasallik ham biror ayrim organ yoki toʻqimaning kasalligi emas, balki butun organizmning kasalligidir. Biroq infeksion kasallik xususiyaiga doim shunday qaralgan deb boʻlmaydi.
Infeksiya haqidagi ta’limotning rivojlanishida hozirgi zamon fiziologiyasi nihoyatda katta rol oʻynadi. I.P. Pavlov organizmga atrofdagi muhit bilan uzluksiz oʻzaro ta’sir etib turadigan bir butun, yaxlit narsa deb qaradi.
I.P. Pavlov nerv sistemasining oliy boʻlimi, ya’ni katta yarim sharlar poʻstlogʻi “organizmning hamma faoliyatini ... boshqaruvchi va taqsimlovchisidir. Ana shu oliy boʻlim gavdada sodir boʻladigan hamma hodisalarni oʻz qaramogʻida saqlab turadi”, deb yozgan edi. Shuning uchun har bir infeksion jarayon, oʻzining klinik belgilaridan va mikrobning organizmda olgan oʻrnidan qat’iy nazar, butun organizm kasalligi boʻlib, ayrim mahalliy oʻzgarishlar bilan davom eta oladi.
Infeksion kasalliklar boshqa (yuqumli boʻlmagan) kasalliklardan oʻzining paydo boʻlish sababi (etiologiyasi) bilangina emas, balki qanday oʻtishi va klinik belgilari bilan ham farq qiladi. Koʻpincha infeksion jarayonning rivojlana borishiga qarab, organizmning ana shu kasallikka moyil boʻlmay qolishi ayniqsa xarakterli.
Infeksion jarayonning birinchi xususiyati shuki, kasallik belgilari infeksiya yuqqandan keyin darrov paydo boʻlmay, yashirin (inkubatsion) davr deb ataluvchi muayyan vaqtdan soʻng paydo boʻladi. Bu davr bir necha (4-6) soatdan tortib bir necha kungacha (difteriya, skarlatinada) va hatto bir necha (2-3) haftagacha (qorin tifi, toshmali tifda) davom etadi, ba’zan esa hatto oylab (quturish kasalligida) va yillab (moxov kasalligida) choʻziladi.
Inkubatsion davr mobaynida, bir tomondan, mikroblar yangi sharoitda koʻpayadi va ularning zaharlari toʻplanadi, ikkinchi tomondan, odam organizmining mikrobga va uning zaharlariga nisbatan faolligi oshadi, bular esa kasallik belgilarining paydo boʻlishi va rivojlanishida oʻz ifodasini topadi.
Inkubatsion davrdan keyin darak beruvchi simptomlar davri (prodroma) boshlanadi, bu davr kasallikning ba’zi umumiy belgilari yuzaga chiqishi bilan: haroratning bir oz koʻtarilishi, umumiy betoblik va shunga oʻxshash belgilar bilan ta’riflanadi.
Biroq bu davr hamisha yetarlicha yaqqol bilinmaydi va kasallik toʻsatdan, prodroma belgilari yuzaga chiqmasdan boshlanishi ham mumkin (skarlatina, toshmali tifda).
Infeksion kasallikning koʻproq uchraydigan klinik belgilari: isitma, bosh ogʻrigʻi, umumiy darmonsizlik, yurak-tomir sistemasi faoliyatining buzilishi, muskullar va boʻgʻimlardagi ogʻriq, bir qancha kasalliklarda-ichak faoliyatining buzilishi, terida toshmalar paydo boʻlishi va shu kabilar.
Klinik belgilarga asoslanib kasallikning klinik diagnozi qoʻyiladi. Biroq koʻpgina infeksion kasalliklarning belgilari dastlabki davrda bir xil boʻlishini va tegishli kasallik uchun xarakterli belgilar bir necha kundan keyingina ochiq-oydin koʻrina boshlashini aytib oʻtmoq kerak. Shuning uchun infeksion kasalliklar klinik tekshirishlar yoʻli bilangina emas, laboratoriyada (mikrobiologik) tekshirish usullarni tatbiq etish yoʻli bilan ham aniqlanadi. Bundan tashqari, laboratoriyada tekshirish usullari infeksion kasallikni barvaqt aniqlashga imkon beradi, bu esa bemorni sogʻlom kishilardan oʻz vaqtida ajratish uchun zarur shartdir.
Mikroblar organizmga kirgach, yo kirgan joyida oʻrnashib oladi, yoki yanada ichkariga, limfa sistemasiga, qonga oʻtib, butun ortanizmga tarqaladi va ma’lum organ, toʻqimalarda joylashadi. Masalan, difteriya tayoqchasi aksari tomoq yoki burunga joylashib oladi, difteriya mikroblari ishlab chiqargan ekzotoksin (tashqi zahar) toʻxtovsiz ravishda qonga oʻtib turadi. Bu prosessni toksinemiya deyiladi. Qoqshol (stolbnyak) ham taxminan shunday boʻladi, chunki qoqshol tayoqchasi faqat jarohatda koʻpayadi, toksini esa butun organizmda aylanib yuradi.
Bir qancha hollarda mikroblar organotrop boʻladi, ya’ni muayyan organlardagina koʻpaya oladi va shuning uchun biron organ koʻproq zararlanadi, Masalan, soʻzak (gonoreya)da gonokokk (kasallik mikrobi) siydik chiqarish kanali (uretra)ning shilliq pardasida koʻpayadi va shu joyda yiringli yalligʻlanish jarayoni rivojlanadi.
Bir qancha hollarda mikroblar qonga oʻtib, butun organizmga tarqaladi, bu jarayonni bakteriemiya deyiladi. Mikrob qonda uzoq vaqtgacha topilaversa, ba’zi olimlarning fikricha hatto koʻpayaversa, jarayonni sepsis yoki septisemiya deyiladi. Ayni vaqtda jarayonning boshlarida hamisha birlamchi fokus (mahalliy infeksion oʻchoq) boʻlib, u organizmning chidamini (infeksiyaga qarshilik koʻrsatish qobiliyatini) juda pasaytirib yuboradi. Masalan, chillada (tugʻruqdan keyingi davrda), kuydirgining ogʻir formalarida, brusellyoz va boshqa ba’zi kasalliklarda shunday jarayon kuzatiladi.
Turli organ va toʻqimalarda ikkilamchi yiring oʻchoqlari paydo boʻlishi bilan ta’riflanadigan septikopiemiya septik jarayonning maxsus formasi hisoblanadi.
Organizmda kasallik belgilarining rivojlanishidan iborat boʻlgan umumiy reaksiyadan tashqari, koʻpincha yalligʻlanish, yara hosil boʻlishi kabi mahalliy reaksiya ham kuzatiladi. Masalan, tulyaremiya mikroblari yuqqan kana yoki chivin odamni chaqqanda oʻsha joyi yara boʻladi, kuydirgi yuqqanda terida kichkina pustula vujudga keladi, zaxm yuqqanda birlamchi yara qattiq shankr paydo boʻladi va hokazo.
Do'stlaringiz bilan baham: |