Silindrlar va gilzalar. Silindr va gilzalarning tiklash texnologiyasi uning konstruksiyasiga bog‘liq. Silindrlarning va silindrlar gilzasining eyilgan va shikastlangan sirtlari dastlab yo‘niladi, so‘ng esa ta’mir o‘lchami bo‘yicha xoninglanadi.
GAZ va ZIL rusumli motorlarining silindrlari gilzalari uchun nominal o‘lchamdan oralig‘i 0,5 mm bo‘lgan kattalashtirilgan uch ta’mir o‘lchami nazarda tutilgan. YaMZ, A-01M va A-41 rusumdagi motorlarning silindrlar gilzasi uchun ta’mir o‘lchamlari ko‘zda tutilmagan. Boshqa traktorlarning silindrlar gilzasi uchun nominal o‘lchamga nisbatan 0,7 mm ga kattalashtirilgan birgina ta’mir o‘lchami mavjud.
Barcha zamonoviy avtomobil, traktor va kombayn motorlari, odatda, olinadigan gilzlai qilib ishlangan.
Traktor motorlarining gilzalarini ishlash muddatini oshirish maqsadida SCh 21 legirlangan cho‘yandan yasaladi va ular HRC 40 dan kam bo‘lmagan qattiqlik olish uchun yuza toblashdan o‘tkaziladi.
Silindrlar (silindr) gilzasini eyilishini aniqlash uchun ularning diametrini o‘lchash indikatorli nutromerda o‘zaro perpendikulyar bo‘lgan tekisliklarda yuqorgi qirrasidan 15-30 mm masofada va o‘rtasidan o‘lchanadi va uni yo‘nish uchun zarur bo‘lgan ta’mir o‘lchami aniqlanadi.
Maksimal eyilgan uchastkada olingan o‘lchamga keskichni chiqarmaslikka qoldirilgan ikki qo‘yim qo‘shiladi. Silindrning eng yaqin ta’mir o‘lchami hisoblangan o‘lchamdan katta yoki teng bo‘lishi lozim.
Кeskichni chiqarmaslikka qoldirilgan qo‘yim keskichni metallda ishlashini ta’minlaydi. Aks holda kesgichning keyingi keskin chuqurlashishi hisobiga uni sirpanishi sodir bo‘lishi mumkin, bu ishlov beriladigan detalning shaklini buzilishiga olib keladi.
Silindrning bir tomonlama eyilishida yoki undan 0,05-0,1 mm farq qilsa, hisoblangan ta’mir o‘lchami tekshiriladi.
Sanoat tomonidan gilza va silindrlarning ta’mir o‘lchamiga to‘g‘ri keluvchi ta’mirlovchi porshen va gilzalar ishlab chiqariladi.
Ta’mir o‘lchami bo‘yicha yo‘nishda gilza sirtining geometrik shakli va zarur bo‘lgan g‘adir-budurligi maxsus 278N yo‘nish dastgohlarida yoki tokarlik dastgohida konduktorlarda tiklanadi. Кonduktorlarga gilzalar o‘tqazish joylaridan va yuqorgi bo‘rtlamasidan qotiriladi. Buning uchun dastlab qotirish joylari qurum qoldiqlaridan va qirindilardan tozalanadi.
Mexanik ishlov berishda gilzalar dastgoh shpindiliga qo‘yilgan opravka yordamida markazlashtiriladi. Opravkaning sharli uchi shpindel o‘qidan 3-4 mm ga chuqurlikda yo‘niladigan diametrning yarmiga teng bo‘lgan masofada joylashgan bo‘lishi lozim.
Gilza shpindeli burib markazlashtiriladi. Silindlarni yo‘nishda blokdagi har bir silindr alohida markazlashtiriladi, undan so‘ng dastgohdagi konduktor qotiriladi. Bundan so‘ng opravka keskichli kallakka almashtiriladi. Кeskichning miqyosi mikrometr yordamida tekshiriladi.
Xoniglashda maxsus dastgohidan foydalaniladi
Brusoklarning donadorligi sirtning talab etilgan g‘adir-budurligi va ishlov beriladigan materialning qattiqligiga bog‘liq holda tanlanadi.
Dastlabki xoninglashda aylanish tezligi 60-85 m/min ni, yakuniy xoniglashda esa 45...60 m/min ni tashkil qiladi. Xoninglash kallagining ilgarilanma-qaytma harakat tezligi aylanma harakat tezligining 1/5 qismiga teng qilib olinadi.
Xoninglash kallagining harakat uzunligi shunday bo‘lishi kerakki, brusoklarning silindr chetidandan chiqishi ularning uzunligini 1/3 qismidan katta bo‘lmasligi lozim.
Xoninglash paytida sirt sifatini oshirish uchun abraziv brusokning yeyilishidan va metal qindilaridan hosil bo‘lgan mayda zarrachalar sovituvchi suyuqlik (kerosin yoki kerosin va 15-20% mashina moyi) ning kuchli oqimi bilan tozalanadi.