Sak (skif) qabilalari
Er.avv. I minginchi yillarda O‘rta Osiyoning shimoliy hududlarida yashagan ko‘chmanchi qabilalarni saklar deb atashgan. Ular ham eroniyzabon qabilalardan bo‘lib, qadimgi fors yozuvlarida ularning bir necha qabila nomlari keltirilgan
-
“Saka tigraxauda” – uchli popoqli saklar, ular Sirdaryo vohasidan shimolga ko‘chib borgan qabilalardir;
-
“Saka haumavarga” – Murg‘ob daryosi atrofida yashagan saklar;
-
“Saka tuaiu para sugdaw” – So‘g‘dlarning orqa tomonidagi saklar;
-
“Saka tuaiu paradraua” – dengiz ortidagi saklar.
Bu yerda qaysi dengiz nazarda tutilgani noma’lum. Agar Orol dengizi nazarda tutilgan bo‘lsa unda ular Saklar, agar qora dengiz nazarda tutilgan bo‘lsalar unda ular skiflardir. O‘rta Osiyoning g‘arbiy qismidan to Qora dengizning shimoliy hududlarigacha bo‘lgan maydonda yashagan ko‘chmanchi qabilalar haqida yunon va lotin yozuvlarida ko‘plab ma’lumotlar uchraydi. Yunonlar bu qabilalarni skiflar va sarmatlar deb atashgan. Skiflar Bosfor bo‘g‘ozi orqali Dunay daryosiga chiqqan Doro I askarlari bilan urushishgan va uni chekinishga majbur qilishgan (Geredot. Tarix). Keyinroq antik mualliflar Strabon (eramizning boshlari) va Arian (er.avv. II asr) hozirgi Turkmaniston hududida yashagan saklar, hamda ulardan uzoqroqda yashagan massagetlar haqida ma’lumot beradilar. Ular massagetlarni Kaspiy dengizining sharqida saklardan sal chetroqda va katta tekislikda yashashganini xabar qilishadi. Massaget termini sak qabilalarining uyushmasi, ya’ni “katta, ulug‘ saklar” ma’nosini ifodalaydi. Hind va Xitoy manbalarida sak qabilalari O‘rta Osiyoning sharqiy qismi va Xitoy Turkistonida yashashgani haqida ma’lumotlar bor.
Skif tili haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Lekin yunon Qora va Azov dengizlari atrofida topilgan yozuvlarda bir necha skif so‘zlari uchraydi. Bu so‘zlar skif sarmat qabilalari va kishi nomlari. Skiflar ham o‘zlarini oriy qabilasiga mansub, deb bilardilar va eroniy tillarning shevalaridan birida so‘zlashardilar. Skif sarmat qabilalarining nomlarini qiyoslang: arii, alan, alani, skif qabilalari boshliqlari nomlari: ariantas, ariapetses, ariasamnes va h.k.
Shunday qilib, eroniyzabon qabila va elatlar – xorazmiylar, so‘g‘dlar, sak (skif)lar midionlar, forslar va boshqalar qadimgi eroniy tili davrining vakili bo‘lib, ular g‘arbdan Dunay daryosi va shimoliy Qora dengiz sharqdan Farg‘ona vodiysi va sharqiy Turkistongacha, shimoldan Sirdaryo bo‘ylaridan janubda fors qo‘ltig‘igacha bo‘lgan hududda joylashgan edilar
Do'stlaringiz bilan baham: |