3-BOB. O’ZBEKISTONDA INVESTITSION MUHITNI TAKOMILLASHTIRISH YO’NALISHLARI
3.1. O’zbekistonda investitsion muhitning yaratilish shart-sharoitlari
Xalqaro investitsiya huquqining asosiy qoidalarini o’zida mujassam etgan O’zbekiston Respublikasi investitsiya qonunchiligi MDH mamlakatlari qonunchiligi tizimida eng ilg’orlardan hisoblanadi. O’zbekistonda “Chet el investitsiyalari to’g’risida”gi dastlabki qonun 1991-yil iyunidayoq qabul qilindi.
O’zbekiston Respublikasida investitsion muhitning muhim tarkibiy qismi bo’lgan korxonalarning chet el investitsiyalari bilan bog’liq faoliyatining qonuniy asoslarini yaratish bo’yicha faol ishlar olib borilmoqda.
Qulay investitsion muhit qabul qilingan bir qator qonun hujjatlariga asoslanadi. Xususan, O’zbekiston Respublikasining “Chet el investitsiyalari to’g’risida”, “Investitsiya faoliyati to’g’risida”, “Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari to’g’risida”gi qonunlari, “Chet el investitsiyalari bilan bog’liq korxonalarga qo’shimcha rag’bat va afzalliklar berish to’g’risida”gi, “Chet el investitsiyalari bilan bog’liq korxonalar ishlab chiqargan mahsulotlar eksportini qo’shimcha rag’batlantirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Prezident farmonlari va boshqa qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar xorijiy investitsiyalarni jalb qilish sohasini huquqiy tartibga solish asosi bo’lib xizmat qilmoqda.
Masalan, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni rivojlantirishga to’g’ridan-to’g’ri qo’yilmalar kiritayotgan xorijiy investorlar uchun maksimal darajada qulay investitsiya muhitini yaratish, ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash bo’yicha loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy investitsiyalar jalb etilishini rag’batlantirish maqsadida 2012-yil 10-aprelda davlatimiz rahbarining “To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar jalb etilishini rag’batlantirishga oid qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi PF-4434-sonli Farmoni qabul qilindi.
Mazkur Farmon bilan xorijiy investorning pul shaklidagi ulushi 5 million AQSH dollaridan kam bo’lmagan yangidan tashkil etilayotgan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig’i, qo’shilgan qiymat solig’i, mol-mulk solig’i, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig’i, yagona ijtimoiy to’lov, yagona soliq to’lovi, shuningdek, Respublika yo’l hamda Ta’lim va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash jamg’armalariga majburiy ajratmalar to’lash bo’yicha mazkur korxonalar davlat ro’yxatidan o’tish sanasida amal qilgan me’yor va qoidalarni soliq qonunchiligida o’zgarishlar yuz bergan taqdirda ham davlat ro’yxatidan o’tgan sanadan boshlab 10 yil mobaynida qo’llashga kaqli ekani belgilab berildi.
Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar uchun kafolatlar, imtiyoz va afzalliklar tizimi ko’lami yanada kengaytirildi. Jumladan, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 11-apreldagi PF-3594-sonli Farmonida ko’zda tutilgan soliq imtiyozlari avvallari 8 ta tarmoq faoliyatiga tegishli bo’lgan bo’lsa, ushbu farmon bilan 2012-yilning II choragidan boshlab xorijiy investitsiyalar uchun imtiyozlar 20 ta yo’nalishdagi iqtisodiyot tarmog’ida faoliyat yuritayotgan chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalarga tadbiq etiladigan bo’ldi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 11-apreldagi PF-3594-sonli Farmonida ko’zda tutilgan soliq imtiyozlari: to’g’ridan-to’g’ri xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb etadigan iqtisodiyot tarmoqlari korxonalari, investitsiyalar hajmidan kelib chiqib, foyda solig’i, mulk solig’i, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig’i, mikrofirma va kichik korxonalar uchun belgilangan yagona soliq to’lovi, shuningdek, Respublika yo’l jamg’armasiga majburiy ajratmalar to’lashdan ozod qilingan.
To’g’ridan-to’g’ri jalb qilingan xususiy xorijiy investitsiyalar hajmi:
-
300 ming AQSH dollaridan 3 million AQSH dollarigacha bo’lganda – 3 yil muddatga;
-
3 milliondan 10 million AQSH dollarigacha bo’lganda – 5 yil muddatga;
-
10 million AQSH dollaridan ortiq bo’lganda – 7 yil muddatga soliq imtiyozlaridan foydalanishi mumkinligi belgilangan.
To’g’ridan-to’g’ri xususiy xorijiy investitsiyalar uchun beriladigan imtiyozlar joriy etiladigan iqtisodiyot tarmoqlari ro’yxati:
-
Radioelektron sanoati buyumlari hamda komp’yuter va hisoblash texnikasi butlovchi buyumlarini ishlab chiqarish.
-
Yengil sanoat:
-
tayyor ip-gazlama, jun gazlama va aralash gazlamalar, shuningdek, trikotaj gazlama ishlab chiqarish;
-
tayyor tikuvchilik, trikotaj, paypoq mahsulotlari va to’qimachilik galantereyasi ishlab chiqarish;
-
tabiiy terilar ishlab chiqarish, ko’n-galantereya sanoati, poyabzal sanoati.
-
Ipakchilik sanoati:
Shoyi gazlamalar va ipakdan tayyor buyumlar ishlab chiqarish.
-
Qurilish materiallari sanoati: O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 24-martdagi PF-3586-sonli Farmoni 1a-ilovasida ko’rsatilgan qurilish materiallarining yangi turlarini ishlab chiqarish.
-
Parranda go’shti va tuxumni sanoat asosida yetishtirish.
-
Oziq-ovqat sanoati: mahalliy xom ashyodan sanoat asosida qayta ishlangan tayyor oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish (alkogolli, alkogolsiz ichimliklar va tamaki mahsulotlari bundan mustasno).
-
Go’sht-sut sanoati: go’sht va sut mahsulotlarining tayyor turlari, pishloq va sariyog’, shuningdek, hayvonlarning ichki organlaridan qayta ishlangan mahsulotlar ishlab chiqarish.
-
Baliq va baliq mahsulotlarini qayta ishlash hamda konservalash.
-
Kimyo sanoati.
-
Neft-kimyo sanoati.
-
Tibbiyot sanoati, shuningdek, veterinariya uchun dori vositalarini ishlab chiqarish.
-
Qadoqlash materiallarini ishlab chiqarish.
-
Muqobil energiya manbalari negizida elektr stansiyalari qurish.
-
Ko’mir sanoati:
-
ko’mirni boyitish;
-
ko’mir briketlarini ishlab chiqarish;
-
slanets sanoati.
-
Ishlab chiqarishga mo’jallangan elektroferrosplav va metall buyumlarni ishlab chiqarish.
-
Mashinasozlik va metallga ishlov berish.:
-
mashinasozlik;
-
traktor va qishloq xo’jaligi mashinasozligi;
-
qurilish, yo’l va kommunal mashinasozlik;
-
yengil va oziq-ovqat sanoati hamda maishiy asboblar mashinasozligi.
-
Stanoksozlik va asbobsozlik sanoati.
-
Shisha va chinni-fayans sanoati.
-
Mikrobiologiya sanoati.
-
O’yinchoqlar ishlab chiqarish.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqaruvi organlari
Hamkorlikda investitsiya faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek, davlatlar va xalqaro tashkilotlar
Investor va investitsiya faoliyatining ishtirokchilari – sub’yektlari
Chet ellik investorlar: xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar va chet ellk yuridik shaxslar hamda fuqarolar, shuningdek, fuqaroligi bo’lmagan shaxslar va O’zbekiston Respublikasining chet elda doimiy yashovchi fuqarolari
3.1.2-chizma. Investitsion faoliyat ishtirokchilari6
Ta’kidlash joizki, “Chet el investorlarini kafolatlash to’g’risida”gi qonun investitsiya kiritilgandan keyingi o’n yil davomida ham qonunchilik o’zgarishidan investitsiya kiritish shart-sharoitlari yomonlashadigan hollarda chet el investitsiyalarini himoya qilishni nazarda tutadi.
Chet ellik investor O’zbekiston Respublikasida investitsion faoliyatni quyidagi yo’llar orqali amalga oshirishi mumkin:
-
O’zbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari - rezidentlari bilan birgalikda tuzilgan kompaniyalar, banklar, trestlar, kartellar, uyushmalar va boshqa korxonalarga ulush qo’shish;
-
yuz foiz ishtirok etish asosida korxonalar tuzish;
-
portfel investitsiyasi – O’zbekiston yoki O’zbekiston hukumati chiqargan aksiyalar, aksiya va boshqa qimmatbaho qog’ozlar sertifikatlarini sotib olish orqali;
-
yer va ko’chmas mulkka, jumladan, yer osti qazilma boyliklaridan foydalanishga daxldor yerdan foydalanish va konsessiyalar huquqlarini to’liq yoki qisman sotib olish.
Soliq Kodeksiga ko’ra, investorlarga nisbatan quyida nazarda tutilgan soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar bo’yicha imtiyozlar qo’llaniladi:
-
yuridik shaxslar qonun hujjatlarida belgilanadigan ortiqcha ishchi kuchlari mavjud bo’lgan mintaqalar va qishloq aholi punktlarida joylashtirilganda;
-
chet ellik investorlar tomonidan to’g’ridan-to’g’ri xususiy xorijiy investitsiyalar O’zbekiston Respublikasining kafolati berilmagan holda amalga oshirilganda;
-
yuridik shaxslarning ustav kapitalida xorijiy ishtirokchilarning ulushi kamida 50 foizni tashkil etganda;
-
yuridik shaxs davlat ro’yxatidan o’tkazilganidan keyin to’g’ridan-to’g’ri xususiy xorijiy investitsiyalar kiritilganda;
-
xorijiy investitsiyalar erkin almashtiriladigan valyuta yoki yangi zamonaviy texnologik asbob-uskuna tarzida kiritilganda;
-
soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar bo’yicha imtiyozlar berilganligi natijasida ushbu imtiyozlarning qo’llanilish muddati mobaynida olingan daromadlar yuridik shaxsni yanada rivojlantirish maqsadida qayta investitsiyalashga yo’naltirilganda.
O’zbekistonda amalga oshirilayotgan investitsiya siyosatining asosiy yo’nalishlari orasida quyidagilarni alohida ta’kidlab ko’rsatish mumkin:
-
investitsiya jalb qilish uchun xalqaro me’yorlar va konvensiyalarga mos keladigan, sanoati rivojlangan mamlakatlar investorlari tomonidan tan olinadigan huquqiy shart-sharoitlarni yaratishga intilish;
-
respublikaga jahon darajasidagi texnologiyalarni yetkazib beradigan va iqtisodiyotning zamonaviy tuzilishini vujudga keltirishga yordam beradigan investorlar uchun ochiq eshiklar siyosatini izchillik bilan amalga oshirish;
-
ishlab chiqarish bilan bog’liq loyihalarga qaratilgan valyutada o’zini-o’zi qoplashni ta’minlaydigan investitsiyalarga ko’maklashish;
-
mamlakatning kredit qobiliyatini, O’zbekistonning birinchi darajali qarz oluvchi mamlakat sifatidagi obro’-e’tiborini qo’llab-quvvatlash;
-
mamlakatning ayrim mintaqalarida ijtimoiy va ekologiya muammolarini hal qilishga qaratilgan investitsiyalarga yordam berish.
Investitsion muhit – bu investitsiyalar jozibadorligi hamda xavf-xatar darajasini belgilab beradigan ijtimoiy-iqtisodiy, moliyaviy va siyosiy omillar majmui.
Xalqaro statistikada investitsiyalarni to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar turiga kiritish bo’yicha har xil yondashuvlar mavjud. Xorijiy investorlar tomonidan nazorat qilish huquqini belgilovchi ko’rsatkich sifatida ular ega bo’lgan aksiyadorlik kapitalining hissasi ko’rsatkichidan foydalaniladi.
3.1.1-diagramma
Do'stlaringiz bilan baham: |