Bog‘chada ishlash fikri Janob F.ni o‘rnidan turishga undadi. U yotog‘idan chiqib pardalarni ochdi. Oynadan qaradi. Bog‘ unchalik ham katta emas edi.
Janob F. nafaqaga chiqqach hovlidagi kichik bir bog‘cha bilan ovunishga harakat qiladi. Gullar o‘tkazish va ularni parvarish qilish haqida o‘ylay boshlaydi. Hikoyada faqatgina insonning o‘z hayotidan noroziligi emas, balki ijobiy qirralarini ham ko‘rish mumkin. Janob F.ning vaqtini maroqli o‘tkazishga va bekorchilikdan qochishga bo‘lgan intilishi, insonga doimo rivojlanish va harakatda bo‘lishi kerakligini eslatib turadi.
Hikoyada Janob F.ning oila a’zolari ham xuddi o‘zi singari ish bilan band insonlar sifatida gavdalantiriladi. Uning ikki qizi va xotinining har kuni ishga ketishi va Janob F.ning uyda yolg‘iz qolishi yozivchi tomonidan hikoya qilib berish usulida yoritilgan.
Hikoyada dialoglar uchramaydi va adiba tomonidan hikoya qilinadi. Mana shu unsur tufayli ham hikoyada yana bir falsafiy ma’no yuzaga chiqqan. Ya’ni qahramon o‘z hayotida yashay olmayapti u xuddi adiba uning hayotiga chetdan nazar tashlab kuzatayotganidek kuzata olyapti lekin yashash baxtini his qila olmayati. Hikoya so‘nggida yozuvchi modernizm uslubidan o‘rinli foydalanadi. Bosh qahramon Janob F. nafaqaga chiqqandan so‘ng o‘z ishxonasiga boradi, ammo unga hech kim e’tibor ham bermaydi, hammani o‘z ishi bilan band va shoshgan holatda ko‘radi. O‘zining xonasiga kirganda esa aynan o‘zining qog‘oz;ar bilan to‘lib-toshgan stolida ishlayotganini ko‘radi. U ishxonasida o‘zi bilan o‘zi gaplashadi. Janob F.ning hayot xulosasi esa o‘quvchiga qo;dirilgan. Hukoyaning aynan shunday yakulanishi o‘quvchiga o‘z tushunchalaridan kelib chiqqan holda xulosa qilish imkonini beradi.
Muhojirlikdagi fors adabiyotini, xususan ayollar ijodini tanitishda adiba Mahrnush Mazoreiyning hissasi katta. U 1951-yilda Tehronda dunyoga kelgan. Tehron universitetida ta’lim olgan Mahrnush o‘qishni davom ettirish uchun 1979- yilda Amerika Qo‘shma Shtatlariga yo‘l oldi. Hozirgi kunda Los Anjeles shtatida istiqomat qiladi. 1989-yilda Los Anjeles shtatida do‘stlari bilan hamkorlikda “فروغ” (“Yorug‘lik”) adabiy jurnalini ta’sis etdi va bu jurnal ayol adibalar faoliyatiga ixtisoslashgan bo‘lib, uning faoliyati 1999- yilgacha davom etdi. Mahrnush Mazoreiy tarjimonlik hamda ijodiy faoliyatni birga olib boradi. Bugungi kunga qadar uning bir necha hikoyalar to‘plami dunyo yuzini ko‘rgan. Ular:“بريده هاي نور” (“Nur kesiklari”, 1994-yil), “من و كلارا” (“Men va Klara”, 1998-yil), “خاكستري” (“Kulrang”, 2002-yil) to‘plamlaridir.
Mahrnush Mazoreiy ayollar va bolalar huquqini himoya qilish harakatining faollaridan, Los Anjeles shtatida 1992-yildan boshlab shu bugungacha o‘z faoliyatini davom ettirib kelayotgan “دفترهاى شنبه” (“Shanba daftarlari”) adabiy guruhining asoschilaridan biri hisoblanadi.
2008-yil Shvetsiyadagi “باران” (“Yomg‘ir”) nashriyotida adibaning yangi “Xمادام” (“Notanish xonim”) hikoyalar to‘plami nashrdan chiqdi. Shu bilan bir qatorda M.Mazoreiy tanlangan hikoyalar to‘plamini 2003-yilda “غریبهای در اتاق من” (“Xonamdagi begona”) nomi ostida Eronda chop ettirdi. Adiba AQShda yashasa-da, asarlarini faqatgina fors tilida yozadi.
Adiba xorijdagi fors tilida ijod etayotgan yozuvchi bilan Eronda ijod etayotgan yozuvchi orasidagi farq nimada, degan savolga muhojirlikdagi hikoyalarda ikki madaniyatning ta’siri sezilib turishini aytadi. Uning aksar hikoyalari qahramonlari, xususan “کلارا و من” (“Klara va men”) to‘plami qahramonlari turli madaniyat, turli millatlar vakillaridirlar va bu hikoyalar bayonchisi Eroniy ayollar bo‘lib, o‘z hatti-harakatlarini mana shunday odamlar bilan baham ko‘radilar. “Shaxsan men, Eron ichkarisida ijod etayotgan yozuvchilar asarlarida bunday holatlar uchraydi deb o‘ylamayman, – deb aytadi Mahrnush Mazoreiy suhbatlardan birida. U yana shuni ham alohida ta’kidlaydiki, mamlakat ichkarisida ijod etayotgan adib mavjud senzura va cheklovlar bois, jinsiy mavzu, siyosat va shu kabi mavzularga qo‘l urmaydi.”31
Mazoreiyning ijodiga nisbatan bunday cheklovlar bo‘lmagan bo‘lsa-da, adabiy zarurat bo‘lmaganligi sababli shu bilan bir qatorda o‘zi uchun ayrim cheklovlar yaratganligi bois o‘z asarlarida yuqoridagi kabi mavzularni ko‘tarmaydi. Uning bunday yo‘l tutishiga yana bir sabab 28-yil umrini o‘z vatanida o‘tkazgan va uning shaxsiyati Eronda, shu mamlakat madaniyati ta’sirida shakllanganligidadir. Adibaning ko‘pgina asarlari Eron matbuotida ham chop etilib turadi. Biroq bu hikoyalarning ayrim qismlari qisqartirilib yoki o‘zgartirilib chop etilishi adibani ranjitadi. Hatto “غريبه اي در اتاق من” (“Xonamdagi begona”) to‘plamining nomi “غريبه...” (“Begona...”) tarzida chop etilgan holat ham bo‘lgan. Ba’zi “بريده هاي نور” (“Nur kesiklari”), “سيلويا” (“Silviya”), “دو مرد” (“Ikki kishi”), “بخشش” (“Sovg‘a”) hikoyalarining Eronda chop etilishini umid ham qilmaydi. Chunki bu asarlarda yozuvchining mustaqil fikri o‘z ifodasini topgan.
Adibaning fikricha ijodda erkinlik tushunchasi shakl va mazmun tanlashdagi erkinlik demakdir. O‘zi istagan shaklda va o‘zi istagan mavzuni yoritmasdan, o‘rnatilgan shakllarda ijod etish esa ijodiy erkinlik tushunchasining butunlay aksidir. Nima uchun ingliz tilida yozmaysiz, – degan savolga adiba, “mening asarlarim avval zehnimda paydo bo‘ladi va ularning qahramonlari ham zehnimda so‘zlay boshlaydi, forscha fikrlaganimdan keyin fors tilida yozaman, qachonki ingliz tilida fikrlay boshlasam, balki, bir kun kelib ingliz tilida ham yozarman,32 – deydi kulib. Adiba his-tuyg‘ularga beriluvchan emasligini aytadi va “Mantiqiy fikrlab, bulutlarda emas, yerda yurganim bois bularning bari hikoyalarimning tili, syujeti va tuzilishiga ta’sir etadi”, – deydi.
Adiba ba’zi yozuvchilar kabi o‘z hikoyalarida shaklbozlikka berilmaydi. Til va shaklni asar yozishning bosh maqsadi emas, balki hayotning turli hodisalarni ifodalash uchun xizmat qilishi kerak deb hisoblaydi. Uning asarlari qahramonlari erkin va ozod, lekin shu bilan birga yolg‘iz va g‘amgin insonlardir. Biroq ular shunday bo‘lsalarda, o‘zligini topishga, atrofini o‘rab turgan dunyoni anglashga uringan shaxslar sifatida gavdalanadilar.
Adibaning aksar hikoyalari mashhur kinofilmlar nomlari bilan bir xil. Shunday hikoyalardan biri “سنگام” (“Sangam”) deb nomlanadi. Yozuvchi kichikligida hind filmlarini sevib ko‘rgan, hozirda ham hind musiqasi va raqsini juda yaxshi ko‘radi. “Sangam” filmini esa bir necha bor ko‘rgan. Nomdosh hikoya yozishga esa uning Amerika korxonalaridan birida ishlaydigan beva hind ayoli bilan tanishuvi sabab bo‘lgan. U ayol erining vafotiga ko‘p yil bo‘lgan bo‘lsada uning suratlarini olib yurishi, mudom eri, uning muhabbati haqida so‘zlashi adibani shunday hikoya yozishga undagan. Ma’lumki, Sangam Hindistondagi uch daryo uchrashib sal nariga borib yana bir-biridan ajraladigan geografik joy nomidir. Hikoyada yashirin, sirli ma’no bor.33
Xulosa qilib aytganda, so‘nggi yillarda xorijdagi fors hikoyanavisligida milliy qadriyatlarga nisbatan umuminsoniy qadriyatlarning aks etishi ko‘proq kuzatiladi. Bu holatni mezbon mamlakat adabiyotining ta’siri, shuningdek jahon adabiyotiga oshnolik bilan izohlash mumkin. Muhojirlikdagi fors nasrida ayollar ijodi, ayniqsa ravnaq topmoqda. Xususan, muhojirlikda ijod qilayotgan adiba Zo‘yo Pirzod, Fransiyada istiqomat qilayotgan Mahshid Amirshohiyning hikoyalari o‘zining g‘oyaviy-estetik jihatidan o‘ziga xos bilan ajralib turdi.
XULOSA
Muhojirlikdagi Eron hikoyanavisligi tarixi va taraqqiyotiga doir olib borilgan tadqiqitlardan quyidagi xulosalarga kelindi:
1. Muhohirlikdagi fors adabiyotining tarixi asosan Safaviylar hukmronligi davriga borib taqaladi. Mamlakatdagi siyosiy murakkab vaziyat tufayli sunniylar mazhabiga tegishli bo‘lgan aholi, xususan yozuvchilar, shoirlar va rassomlar quvg‘in qilina boshlandi. Ular Shimoliy Hindistonga ketib, hind uslubi deb atalmish yangi uslubda ijod qila boshladilar.
2. Muhojirlikning keyingi bosqichlari XX asrning birinchi yarmiga to‘g‘ri keldi. Bu davrda ham ziyolilarning katta bir guruhi malakatni tark etib Yevropa davlatlariga ko‘chib keta boshladilar. Ularning asarlarida ko‘proq Yevropa adabiyoti ta’siri kuchli namoyon bo‘la boshladi. Biroq ularning asarlari milliy qadriyatlar, tarix, madaniyat, til asl ildizlaridan sug‘orilib turdi.
3. Islom inqilobidan keyin muhojirlikning yana bir bosqichi boshlandi. Aynan shu davrga kelib muhojirlikdagi ayol yozuvchilar ijodi taraqqiy topa boshladi. Xususan Mahshid Amirshohiy, Zo‘yo Pirzod kabi adibalar ijodi milliy hamda umuminsoniy muammolarni ko‘tarib chiqdilar.
4. Muhojirlikda fors adabiyotining ajralmas qismi vujudga keldi. Muhojirlikdagi adabiyot mamlakat ichkarisidagi adabiyotdan senzuraning nisbatan yengilligi sababli ko‘p mavzularni qalamga ola bilgani bilan ajralib turdi. Muhojir adiblar bu imkoniyatdan foydalangan holda yangi uslub va yo‘nalishlarda o‘z iste’dodlarini namoyon eta boshladilar.
5. Erondagi fors adabiyoti mamlakatdan tashqarida ham qizg‘in davom etib kelmoqda. Vatandan yiroqda yashayotgan mihojir adiblar o‘z hikoyalarida turli mavzularda, jimladan vatan sog‘inchi, o‘zlikni anglashga intilish, erk, sevgi-muhabbat, vatan taqdiriga kuyunish va shu kabi boshqa mavzularda qalam tebratib kelmoqdalar. Muhojir yozuvchilar ijodida hikoya janri yetakchi mavqeni egallagan bo‘lib, o‘z o‘quvchilarini topmoqda. Eron hikoyanavislari realizm va modern yo‘nalishidagi asarlari bilan jahon adabiyoti maydonlariga kirib bormoqdalar. Zo‘yo Pirzod, Mahshid Amirshohiy, Samad Neknom kabi hikoyanivislarning hikoyalari ingliz, fransuz, nemis va rus tillariga tarjima qilinayotganligi fikrimizning isbotidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |