Muhojirlikdagi fors adabiyotining vujudga kelishi
Hozirgi davrda muhojirlikdagi fors adabiyoti Eron badiiy adabiyotining katta bir qismi hisoblanadi. Avvalo, muhojirlikdagi adabiyot tarixiga nazar tashlar ekanmiz, uning qanchalik uzoq tarixga ega ekanligiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Necha minglab asarlarni o‘z ichiga oluvchi ushbu adabiyotni turli siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy sabablar yuzaga keltirgan. Yozuvchi va shoirlarning mamlakatdan chiqib ketishini Eronda Safaviylar hukmronligi davridagi siyosiy notinchliklar, boylik va hokimiyat uchun kurashlari oqibatida yanada kuchydi. Ushbu beqarorlik bevosita ilm va ijod ahlining sargardonligiga olib keldi. Safaviylar davridagi diniy e’tiqod bu sargardonlikning asosiy sabablaridan biri edi. Xususan ular shia mazhabini qo‘llab-quvvatlar o‘z navbatida sunniy mazhabga e’tiqod qiluvchilarga esa qattiq tazyiq o‘tkazilardi.
Shia adabiyotiga e’tibor kuchayib, ayniqsa, Hazrat Ali va uning o‘g‘illari imom Hasan va Husaynlarga bag‘ishlangan asarlar va qasidalar keng tarqaldi.9 Mana shunday diniy va siyosiy tang vaziyatda yozuvchilar, shoirlar, rassomlar, umuman, ijodkorlar yoki mamlakatda qolib shia mazhabini qabul qilishlari yoki davlat tashqarisga chiqib ketibgina mustaqil ijod bilan shug'ullanishlari mumkin edi.
Bu davrda Eronda adabiyot nihoyatda murakkab bir davrni boshdan kechirar edi. Adabiy markaz sifatida hamon Shoh saroyi tan olinar, Abbos I ning vorislari saroyda ko‘plab ijodkorlarni majburan saqlab turardi. Takroran “Malik-ush-shuaro” unvoni ta’sis etilgan edi. Saroydagi adabiy muhitda o‘sishlar kam kuzatilib, shoirlar asosan madhiya va ishqiy lirika janrlarida qalam tebratar, asarlar asosan o‘tmishdagi g‘azalnavis va qasidanavislarga taqlidan yozilar edi. Rivoyatlarga ko‘ra, Xo‘ja Xidoyatullo Roziy nomli shoir besh doston yozadi, biroq bularning ichida olti bayti shohning ko‘ngliga xush yoqmagani uchun shoh uning uchta tishini sug‘urishni buyuradi va asarning qolgan har ikki misrasiga bir oltin tangadan to‘lashni amr qiladi.10 Ushbu rivoyat xulosa qilinadiki, bu davrdagi adabiy me’yorlar hamda asar mazmuni shoh istagiga binoan belgilangan. Bu esa adabiyotning qattiq nazorat ostida ekanligini bildiradi.
XVI- XVII asr Eron va O‘rta Osiyo adabiy hayotida saroy adabiyotiga muxolif bo‘lgan shahar mayda savdogarlari, hunarmandlar adabiyoti paydo bo‘ldi. Bu adabiyotning asosiy namoyondalari saavdogarlarga mansub bo‘lgan shoirlardan iborat bo‘lib, ularning aksariyati siyosiy sharoit tufayli Hindistonga ko‘chib ketadilar. Bularning ichida Naziriy Nishopuriy, Tolib Omuliy, Hamadoniy kabi ijodkorlar ham bor edi. Ularning ijodi Hindistondagi forsiy tildagi adabiyotning rivojlanishiga , o‘ziga xos adabiy yo‘nalishning paydo bo‘lishiga turtki bo‘ldi. Ular o‘zlarining asarlarida diniy motivlardan uzoqlashib, tabiat va hayotning kelib chiqishi haqidagi falsafiy fikrlarni ilgari sura boshladilar. Ular yozgan asarlarning tili tushunarli, sodda, ravon, xalqqa yaqin bo‘lib, el orasida juda mashhur edi. An’anaviy poetik obrazlarga yangi mazmun berildi. Bahrom G‘o‘r, Layli va Majnun kabi “Shohnoma” syujetidagi voqealar XVI-XVII asrlarga kelib takomillashgan shaklga ega bo‘ldi.11
Adabiyotda epik qahramonlik, ishqiy-zarguzasht, falsafiy-didaktik mazmundagi masnaviy shaklida yozilgan asarlar, tarixiy, falsafiy, madhiya mazmunidagi qasidalar, lirik, falsafiy g‘azallar, qit’a shaklidagi ishqiy lirika, to‘rtliklar, xalq terma aytishuvlari, ishqiy sarguzasht dostonlar yozish an’anasi saqlanib turdi. Xalq dostonlari, latifalar, masal va matallar hamda boshqa nasriy asarlar yozma ifodasini topa boshladi.12
Hikoyatlar, ijtimoiy didaktik novellalar, qahramonlik epopeyalari, nasriy yoki she’riy xalq romanlarida islomgacha va islom tarixida yashab o‘tgan mashhur hukmronlar hayoti kuylangan. Qahramonlar faqat salbiy yoki ijobiy tiplarga bo‘linib, an’anaga ko‘ra agar qahramon-pahlavon bo‘lsa, demak u jasur va aql emas, kuchiga ishongan, xalifa yoki podshoh obrazi bo‘lsa , nihoyatda muruvvatli, lekin uzoqni ko‘ra olmaydigan, vazir-dono , lekin makkor va hiylagar, hunarmand yoki savdogar-fazilatlarga boy insonlar sifatida tasvirlangan. Bu o‘sha davr kishilari uchun xos bo‘lgan xislatlarni o‘zida mujassamlashtirgan. Bu obrazlarda xalqning axloqiy-estetik qarashlari, ideal inson tushunchasi aks etgan.
Bu davrda ijodkorlarning Eron hududlaridan chiqib ketishi natijasida fors adabiyotida yangi uslublar vujudga keldi. Hind uslubi forsiyzabon adabiyotda mavjud bo‘lgan uch uslubiy yo‘nalishlardan biri bo‘lib, u XVI-XVIII asrlar mobaynida adabiyotda keng tarqaldi. Ko‘pchilik bu uslubning ildizlarini Hirot she’riyat maktabi va bu maktab an’analarining izdoshi Bobo Firog‘iy ijodiga borib taqaladi deb hisoblaydilar.
Istiloh sifatida XIX asrda, ya’ni bu uslubning adabiyotdagi o‘rnini aniqlashga urinishlar boshlangan bir davrda shakllandi13 . Ungacha uslubga nisbatan tarz-e toze, shve-ye xos atamalari keng qo‘llanilgan. Bundan tashqari, Safaviylar uslubi, Isfahon uslubi vaboshqa nomlanishlar ham taklif etilgan. bu uslubning kelib chiqishi bevosita Hindiston bilan bog‘liq emas, biroq uslubning shakllanishi va tarqalishi yozuvchi va shoirlarning Hindistonga immigratsiya qilinishi davriga to‘g‘ri keladi. Bu uslub namoyondalari orasida kelib chiqishi eronlik, Markaziy Osiyolik bo‘lgan shoirlarni uchratamiz. Eronlik shoirlar orasida Urfiy Sheroziy, Naziriy Nishopuriy, Soyib Tabriziy, Kalim Koshoniylar asli eronlik bo‘lishgan. Ko‘plab eronlik shoirlar o‘z hayotlarini Hindiston bilan bog‘ladilar, hind xalqining urf-odatlari, tarixi, adabiyot va falsafasini, turli din peshvolarining asarlarini chuqur o‘rgandilar. Hind uslubi taraqqiyotini ikki davrga bo‘lish mumkin: ilk she’riyat (XVI-asrning o‘rtalaridan –XVII asrning o‘rtalarigacha) va kech she’riyat (XVII asrning ikkinchi yarmida –XVIII asrning birinchi yarmigacha).
Hind uslubi ijoddagi nozik va murakkab istioralar, kinoya va o‘xshatishlarning, xalq maqollarining, matallarining keng ravishda ishlatilishi nuqatayi nazaridan boshqa uslublardan ajralib turadi.
Ushbu davrda muhojirlikda ijod qilgan asli Sherozda tavallud topgan, Akbarshoh davrida Hindistonga kelgan va Fayziy Fayoziyning ko‘magi yordamida faoliyat yuritgn Urfiy Sheroziyning adabiy merosiga to‘xtalib o‘tamiz. Urfiy ham adib, ham shoir sifatida faoliyat yuritgan. Uning ikki nasriy dostoni va g‘azallari, qasidalari mavjud. Olimlar Urfiy ijodida aynan qanday uslub ustuvorligini aytishmasada, uning asarlarida metaforalar ko‘pligini ta’kidlashadi. Bu metaforalar misralarga shu qadar mohironalik bilan singdirilgan ediki, faqat, zukko va bilimdon o‘quvchigina ma’nosini chaqishi mumkin edi.
Urfiy yangi obrazlar qidiradi. Uning obrazlari qandaydir mavhum emas, balki aniq shkl-shamoyilga ega ediki, XV asrga xos bo‘lgan ”jimjimadorlik”ka zid edi. Maslan, shoirning “Farhod va Shirin” dostonidagi Shirinning boqqa chiqib, o‘z g‘amlari bilan yolg‘iz qolmoqchi bo‘lgan holatini shoir quyidagicha tasvirlaydi:
اگر حور آید این دروازه بست
بگونیدش کلید در شکست14
Agar har kim necha bor kelsa ham, eshik bo‘lsa, angtinglarki kaliti siniqdir.
Bu yerdagi “kaliti siniq” metaforasi o‘ziga xos uslubda tanlangan bo‘lib, butun insoniyat xarakteristikasini ochib bergan, ya’ni Urfiy bu so‘zlari orqali istaklar taqdirga aylanmaguncha istash kerakligi, biror ishga jahd qilinganda amalga oshmayotganlikning asosiy sabablaridan biri yo‘lni to‘g‘ri tanlash va qat’iyatni nazorat qilish zaruriyatining borligiga ishora qiladi.
Bu davrning yana bir muhojirlikni boshdan kechirgan ijodkorlaridan biri Naziriy Nishopuriydir. Naziriy Nishopuriy Nishopur shahrida tavullud topgan.
Nishopur zodagonlaridan bo‘lgan Muhammad Husayn Naziriy tijorat bilan shug‘ullansada, yoshligidanoq adabiyotga ixlosi balan bo‘lgan va o‘zi ham ko‘plab ijod namunalarini yaratgan. Qisqa muddat ichida uning she’rlari butun Xuroson va Eron shaharlari bo‘ylab tarqaldi va ijodkorlar nazariga tushdi. Naziriy din borasidagi siyosatga salbiy munosabatda bo‘ladi va shu tufayli Ahmadobodga ketadi. Umrining katta qismini shu yerda o‘tkazadi.
Naziriy umrining 30 yilini Hindistonda ijod bilan o‘tkazadi. Gujarotda vafot etgan va o‘z uyining yonidagi masjidga dafn etilgan15
Hind uslubining yirik namoyandalaridan biri Kalim Koshoniydir. Abu Tolib Kalim Koshoniy taxminan 1593-yili Eronning Hamadon shahrida tug‘ilgan. Kalim Koshoniyning iste’dodi ko‘pchilik tomonidan e’tirof etilgan va uning shuhrati tez orada Hindistonga yoyilgan. Kalim Koshoniy asarlari evaziga o‘z og‘irligiga ikki barobar teng keladigan kumush bilan taqdirlangan. biroq saroy hayotidan sekin-asta hafsalasi pir bo‘lgan Kalim Koshoniy butunlay Hindistonga ketadi.
Kalim Koshoniy saxiyligi, olijanobligi bilan xalq orasida mashhur bo‘lib, Soib Tabriziyning do‘stlaridan biri edi.
Kalim Koshoniy asarlari mazmuni Hindiston hayoti av imperator saroyi bog‘liq. U 1650-yilda Kashmirda vafot etgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |