ISLOM DAVRI QABRTOSHLARIDAGI YOZUVLAR
Qabrtoshlar o‘tmishning o‘ziga xos san’at asari, arxitektura yodgorligi bo‘lib, ularni tayyorlash juda katta mehnat va mahoratni talab etgan. Boshlab yodgorlik uchun noyob va qimmatli tosh tanlangan. Tarixiy manbalarda bunday toshlar hukumdorlar buyrug‘iga ko‘ra ba’zan uzoq o‘lkalardan tashib keltirilganligi to‘g‘risida xabarlar bor. Keltirilgan ashyo tosh yo‘nuvchi usta(sangrez)ga topshirilgan. U toshni yo‘nib sandiqbichimli yoki beshikbichimli shaklga solgan. Bu orada toshga bitilguchi yodnoma matni ham tayyorlab qo‘yilgan. Matn, odatda, olim, muarrix yo shoirlar, diniy ulamolar tomonidan tuzilar edi. Ulug‘ kishilarga atalgan yodnomani tuzish uchun ba’zan ular orasida tanlov ham o‘tkazilgan. Oqibat, matnlardan eng ma’quli, talabga javob beradigani tanlab olinib, xattotga topshirilgan. Toshni bezashda naqqoshning xizmati ayricha o‘rin tutadi. U silliqlangan toshning yuzasi va yon bag‘irlarini naqshlar hamda islom san’atida ommalashgan geometrik shakllar bilan bezagan. Harqalay, keyingi jarayon xattot bilan birgalikda bajarilgan deya olamiz. Chunki, toshning qanchalik chiroyli chiqishi xattot va naqqoshning birgalikdagi mehnatiga bog‘liq edi. Bu yumushlar tugagach, tosh sangtaroshga topshirilgan. So‘nggi va eng zahmatli ishni sangtarosh yakunlagan. Shunday qilib, chiroyli bir qabrtoshni tayyorlash uchun oylab vaqt sarflangan.
O‘rta asr islom madaniyati tarixida turli madaniyat va san’at markazlarida sangtaroshlik maktablari shakllangani ma’lum. Bu davrlarda, ayniqsa, samarqand-kesh sangtaroshlik maktabi shuhrat qozongan. Samarqand-kesh ustalarining ishlarini boshqa yerlardagi yodgorliklarda ham kuzatamiz. Bu ustalarning mehnatiga talab katta bo‘lgan va e’tiborli kishilar xotirasiga qabrtosh yasash uchun ular taklif etilgan.
Shakli, ishlanishiga ko‘ra turli davrlarda yaratilgan qabrtoshlar bir-biridan ajralib turadi. Qabrtoshlarning yuksak darajada ishlangan, klassik turi sandiq ko‘rinishidadir. Biz ularni shartli ravishda “sandiqbichimli” qabrtoshlar deb atadik. Shunday atalsa-da, ularning tepa qismi bo‘rtgan, ayvon peshtoqi ko‘rinishida. Hatto toshning to‘rt ustuni ham ko‘pincha saroy ustunlari shaklida. Umumiy ko‘rinishi eski turkiston arxitekturasiga tegishli bo‘lgan chiroyli bir uyni eslatadi. Bunda chuqur ma’no mujassam: qabr o‘likning uyi degan qarash bor. Sandiqbichimli qabrtoshlar, XIV-XVI asrlarda keng tarqalgan. Yodgorlik shakli, uning bezaklari marhumning tirikligi chog‘ida jamiyatda tutgan mavqei va yoshiga ham bog‘liq bo‘lgan. Xonlar, sultonlar, amirlar, shayxlar qabriga o‘rnatilgan toshlar nihoyatda chiroyli va salobatli. Ularni o‘z davrining ajoyib arxitektura obidalari sanash mumkin.
Qabrtoshlarning yana bir xili “beshikbichimli” toshlardir. Ular beshik ko‘rinishida ishlangan (kishi chaqaloqligida beshikda ulg‘aygani singari uning so‘ng yeri ham beshikday osoyishta bo‘luvi tilangan buning bilan). Ba’zilari ikki bo‘lakdan iborat: asosi sandiqbichimli ishlanib, usti beshik ko‘rinishida. Beshiktoshlarning tarixi ham uzoq. Bunday toshlar ham kishining tirikligidagi darajasi, yoshiga qarab ishlangan. Ayniqsa, o‘spirin va go‘dak o‘tganlarning qabrtoshlari kichik va bejirimligi bilan ajralib turadi.
Shartli ravishda “relsbichimli” deb atalayotgan qabrtoshlar, nisbatan, keyingi davrlarga tegishlidir. Ular ko‘rinishdan qirqma temir yo‘l relsiga o‘xshaydi. Shakli jo‘n, bezaklari ham yo‘q hisob. Marhumning tiriklik chog‘ida nisbatan quyiroq amalda o‘tganidan dalolat beradi. Iqtisodiy tanazzul davrida bunday toshlar kengroq tarqalgan.
Shakli, ishlanishi jihatidan Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida joylashgan Hazrati Langar ziyoratgohidagi qabrtoshlar boshqa qabrtoshlardan butkul ayrilib turadi. Maqbara ichidan bir necha qabr joy olgan. Birinchi qabr ustiga tobutbichimli tosh qo‘yilgan. Lekin tobutbichimli toshning yozuvi yo‘q. Toshning bosh tomoniga tepasi mehrob shaklidagi toshlavh (stela) tiklangan. Marhum xotirasiga atalgan yozuv mana shu toshlavhda.
Ikkinchi qabr ustidagi yodgorlikning ko‘rinishi ham shunday. Qabrning bosh tomoniga lavh tiklanib, yozuv ana shu lavhga bitilgan. Lavhning ters yog‘iga ham ramka ishlanib, ostiga mehrob chizilgan. Ramkaga Lahu-l-hukmu va alayhi yurja’u:n (Hukm Unikidir va Unga qaytadilar) deb yozilgan. Ostidagi mehrobda esa yozuv yo‘q. Uchinchi qabrtoshning ishlanishi ham shunday. Undagi lavhning ters yog‘ida ham avvalgisiday yozuvi bor.
Ustalar mazkur toshlavhlarni mahorat bilan ishlaganlar, ularning xati ham o‘ta chiroyli. Umuman, mazkur qabrtoshlarni o‘z davrining eng ajoyib san’at va arxitektura, epigrafik yodgorliklari sifatida baholash mumkin.
Yodgorliklar ichida trapesiya ko‘rinishidagilarini ham uchratamiz.
Qabrtoshlarning ancha keyingi davrlarda ommalashgan simyog‘och asosi shaklida ishlanganlari ham bor. Kesh-Shahrisabz tevaragida bunday toshlar juda oz. Bunday qabrtoshlar Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi eski qabristonlarda bor. U yerda simyog‘och asosi shaklidagi toshlar keng tarqalgan.
Qabrtoshlar orasida sopolak shaklidagilari ham bor. Bunday toshlarning shakli oddiy bo‘lib, ularga naqshlar berilgan. Yozuvi chiroyli.
XIV asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida qayroq shaklidagi toshlar keng tarqalgan. Bularning shakli oddiy, bezaklari ham yo‘q. Toshga asosan, basmala hamda marhumning ismi-sharifi, o‘limining sanasi bitilgan, xolos. Bunday toshlarni Samarqand viloyatining Chelek tumanidagi eski qabristonlarda uchratamiz.
Yodgorliklar orasida qabr-sandiq ham ayricha o‘rin tutadi. Bu yerlarda qabr-sandiqlar, asosan, taxtadan ishlangan. Shuning uchun ham ular o‘ralgan, usti yopiq joylar, ko‘pincha, maqbaralardagi qabrlarga qo‘yilgan. Odatda, qabr-sandiq o‘zining ishlanishi, bezaklari jihatidan qabrtoshlardan qolishmaydi. Tabiiyki, bunday yodgorliklar ulug‘ kishilarning qabriga qo‘yilgan. Afsuski, kunimizgacha bunday yodgorliklar juda oz saqlangan. Xuddi shunday qabr-sandiq Kitob tumanidagi Sulton Said Ahmad (Hazrati Bashir) maqbarasida bor. Uni ayni turdagi san’at yodgorliklarining go‘zal namunalaridan biri deb sanash mumkin. Yodgorlik yaxshi saqlangan. Faqat u ayni chog‘da go‘r ustidan chetga olib qo‘yilibdi. Bu yerlik qariyalarning so‘ziga qaraganda, qabr-sandiq avval go‘r ustida turgan. Keyinchalik qabrga yangi marmar o‘rnatilgach, chetga olib qo‘yilgan. Aftidan, mazkur qabr-sandiq 300-330 yillar burun yasalgan.
Islom davri qabrtoshlarida matnga jiddiy e’tibor qaratilgan. Bu davr qabrtoshlaridagi matn o‘z tuzilishi, matn tanlash prinsipiga ko‘ra O‘rta Osiyo xalqlari tomonidan ancha burun, boshqa diniy e’tiqodlar davrida yaratilgan epigrafik matnlardan farq qiladi. Muslim xotirasiga o‘rnatilgan qabrtosh islom madaniyatining muhim yodgorligidir. Bu davr toshlaridagi matn butkul islomiy ruhda. Tabiiyki, yodnoma matni toshning tuzilishi, kimga atalayotganiga qarab tanlangan. Yodgorliklarda marhumga oid tarixiy ma’lumotlardan tashqari islom e’tiqodidagi tushunchalar, Qur’oni karim oyatlari joy olgan. Chunonchi, e’tiborli kishilar sharafiga bitilgan yodnoma basmala bilan boshlanadi. Bundan tashqari toshga Ollohning ismi-sifatlari (asmau-l-husna) bitilgan. Ularning soni turlicha: o‘ta e’tiborli yodgorliklarda 99 ta, boshqalarida 66 yoki 33 ta keltiriladi. Toshga ba’zan Allah, Muhammad so‘zlari ham bitilgan. Shuningdek, matnda Qur’oni karimdan oyatlar ham keltirilgan.
Matn ichida marsiyalar, ba’zan sharq klassiklarining teran falsafiy baytlari ham joy olgan. Va, eng asosiysi, matnda marhum to‘g‘risidagi ma’lumotlar alohida yer egallaydi. Sandiqbichimli qabrtoshlarda bunday ma’lumotlar toshning bosh va oyoq ko‘ndalangiga bitilgan. Bosh tomonda ushbu marqad kimga tegishli ekanligi ta’kidlansa, oyoq tomonda o‘limining ta’rixi beriladi.
Tosh qanchalik soddalashgan sari undagi matn ham oddiylashib, qisqara boradi. Ayrim toshlarda basmala, o‘likning ismi-sharifi va o‘limining sanasi qayd etilgan, xolos.
Islom davrida yaratilgan qabrtoshlar uch tilli: arabcha, forsiy hamda turkiy. Yodgorliklarda basmala, asmau-l-husna, Qur’oni karimdan olingan oyatlar arabcha shaklda keltirilgan. Marsiya va she’rlar, ko‘pincha, forsiyda keladi. Marhumga tegishli qaydlar, o‘limining ta’rixi XIV–XVI asrlarda, ko‘pincha, arab tilida bo‘lib, bular bilan oldinma-ketin forschada ham yozila boshlaydi. Keyingi davrlarda marhum to‘g‘risidagi qaydlar turkiyda beriladigan bo‘ldi.
Qabrtoshlarning bezaklari ham e’tiborga molik. Toshlarga ko‘pincha mehrob tasviri tushirilgan. Ba’zi toshlarning bezaklari boy, ta’rifiga so‘z ojiz. Hatto qirralariga ishlangan ustunchalar ham naqshinkor. Ustunchalar ishlanishiga ko‘ra uch xil: morpech (kulala ilon), kungirador hamda bezaksiz ustun shaklida. Yana bir jihati, toshlarning yuziga romashka gul, yulduzchalar o‘yib tushirilgan. Bu shakl, aftidan, shamdon vazifasini bajargan ko‘rinadi.
Yana toshlarga islom tushunchasidagi abadiyat belgisi(svastika)ni tushirish ham mumkin bo‘lgan.
Yozuv toshlarga o‘yib yoki bo‘rtma shaklda bitilgan. Xat uslubi ko‘pda suls, sulsi nasx, shuningdek, nasx va nasta’liqda. Ba’zi toshlarda Allah, Muhammad so‘zlari hamda matndagi muhim o‘rinlar ramkalarga olinib, kufiyda ham yozilar edi.
S o‘ r o q v a t o p sh i r i q l a r:
Lurfan yozma uslublar tarixini, ularning kelib chiqishini so‘zlab bering.
Lutfan badiiy matnlar uslubi va uning belgilarini ochiqlab bering.
“Sutra uslubi” va uning belgilarini ta’riflang.
O‘tmishdan qolgan rasmiy yozmalarning muhim qirralarini ochib bering.
Do'stlaringiz bilan baham: |