TOSHKENT DAVLAT PEDAGOGIKA UNIVERSITETI ILMIY AXBOROTLARI
2020/2(23
)
nigohi bilan kuzatadi. O‘z asarlari syujetini, obrazlarni, detallar va metaforalarni xotirasida saqlashga
harakat qiladi. Yozish jarayonida ijodining kulminatsion nuqtasiga chiqsa, qayta o‘qish jarayonida
munaqqid, adabiy taftishchiga aylanadi. Haqiqiy ijodkor, bizningcha, kamdan-kam holatlardagina
oddiy odam bo‘lib yashaydi. Muallif ijodni yaratuvchanlik bilan bog‘lar ekan, ijod va ijodkorlik
haqida ham o‘ziga xos qarashlarni ilgari suradi. Ijodni ilohiy hodisa deb bilgan muallif, uni mavjudlik
falsafasi bilan bog‘laydi. Ijodni yozuvchi “men”ini, mustaqil “men” mavjudligining tan oldirish
vositasi deb biladi. N.Eshonqul ta’rificha, chin ijod zo‘ravonlik, johiliyat, zulmatga qarshi isyondir.
Ko‘rinib turibdiki, N.Eshonqul ijodni inson ruhini tanazzuldan qutqaruvchi vosita deb biladi.
Masalan, adib sho‘ro davri siyosatining yozuvchi shaxsini mahv etishga qaratilgan mafkurasi haqida
fikrlar ekan, shaxssizlik oqibatini vayrona qilingan shahar tarzida ramzlashtiradi. Uni ko‘ngil
xarobalari deb ataydi. “Shaxs yo‘q joyda biz hamisha ma’naviy xarobalikka, turlanib-tuslanishlarga
duch keldik”
1
.
Ushbu konsepsiya yozuvchining “Xaroba shahar surati” asarida xuddi rassom chizgan
suratdek hikoyaga ko‘chgan.
Yozuvchi va munaqqid Xurshid Do‘stmuhammad N.Eshonqul hikoyalarini tahlil qilar ekan,
ularda shaxs tushunchasi markaziy o‘rinda turishini e’tirof etib, shunday yozadi: “N.Eshonqul o‘z
qahramonlari dunyoqarashini shaxs va jamiyat, shaxs va o‘tmish, shaxs va muhit munosabatlarini
ochiq-oshkora tahlil etish yo‘li bilan gavdalantiradi”
2
. Darhaqiqat, N.Eshonqul qahramonlari o‘tmish,
bugun va kelajakdan iborat zamon-makonlar ichra o‘zligini qidirayotgan, nainki shaxsiy o‘zligi, hatto
milliy hamda umuminsoniy o‘zlik tomon intilayotgan murakkab obrazlardir. Ularning maishiy
makonlar ichra xonanishin qahramonlari ham umuminsoniy dard bilan qorishib istiqomat qiladilar.
Bayna momo kabi qasos va yolg‘izlik iztirobi og‘ushida yonib kul bo‘ladilar. Shu tariqa jahoniy poetik
obrazlar (G.Markes, Robeka) maqomiga ko‘tariladi.
“Shaxs sifatida o‘zini, davrini, zamonini muttasil mushohada chig‘irig‘idan o‘tkazishga
moyillik – intellektual qahramonlar obrazini yaratish N.Eshonqul hikoyalarining o‘ziga xosligini
tashkil etadi”, – deb fikrini davom ettiradi X.Do‘stmuhammad. “Adibning qaysi hikoyasini tahlil
etmaylik sujet qurilmasi, konflikt, ohang – barchasi o‘ychan va sermushohada nasr namunasi ekanini
ko‘ramiz. Ularda voqealar, taqdirlar, personajlar ko‘lami emas, qahramon qalbi shuurida
kechayotgan o‘y-mushohadalarning tahlili birinchi planga chiqadi. Voqealarning, to‘qnashuvlarning
o‘zi emas, ulardan qolgan kechinmalar tadqiq obyektiga aylanadi”
3
. Tanqidchi bu fikrlarni
N.Eshonqulning “Tobut”, “Muolaja”, “Ajr”, “Istilo” (Ayni hikoya tahrir etilib, hozir “Evolutsiya” nomi
bilan chop etilgan – F.B.), “Bevaqt chalingan bong”, “Maymun yetaklagan odam” hikoyalari tahlili
asosida bayon etadi.
N.Eshonqul asarlarida yozuvchi shaxsiyati, uning “men”i o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘ladi.
Uning qahramoni tom ma’noda ko‘ngil odami. Odam orqali olamni anglash qahramonning
murakkab ruhiy kechinmalari, so‘ngsiz o‘y-xayollari, iztirob-u diltangliklari aro kechadi. Qahramon
“men”i bu olamda yashamaydi. Eng avvalo, o‘z “men”i olamida namoyon bo‘ladi va shu olam orqali
tashqi olamga nazar soladi.
N.Eshonqul o‘zining adabiy-estetik qarashlarida, adabiy suhbatlarida ham hayotning ulkan
va so‘ngsiz haqiqatlari to‘g‘risida fikr yuritadi. Uning asarlarida aks etgan olam oddiy hayotiy voqelik
asosida emas, balki olam bilan odamni bog‘lab turuvchi asl rishta – olam va odam bir butunligi
haqidagi oliy haqiqatlarga tayanadi. N.Eshonqul qahramonlari “men”i, yozuvchi shaxsiyati ana shu
1
Эшонқул Н. Ўша асар. – Б. 8.
2
Досмуҳамедов Х. Ҳозирги ўзбек ҳикоячилигида бадиий тафаккурнинг янгиланиши. (80-йилларнинг иккинчи ярми ва 80-
йилларнинг аввалидаги ҳикоялар мисолида): Филол. фанлари номзоди... дисс. – Тошкент: - 1995. – Б.32
3
Досмуҳамедов Х. Шу манба. – Т .: 1995. – Б.31-90.
199
Do'stlaringiz bilan baham: |